Behzod Musayev bosh vazir o‘rinbosari sifatida tanishtirildi
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Behzod Musayev va Sherzod Kudbiyev yangi lavozimlarga tayinlangani ma'lum qilindi.
Mamlakatda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ma'lum qilinishicha, bugun prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Ushbu hujjat bilan bosh vazirga yangi vazifalar yuklatilgan, uning o‘rinbosarlari o‘rtasida ham vazifalar qayta taqsimlangan.
«Ijtimoiy sohaning ahamiyati ortib borayotgani bois Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bu lavozimga shu kungacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab kelgan Behzod Musayev tayinlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
O‘z navbatida Davlat soliq qo‘mitasi rahbarligiga shu vaqtgacha prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan Sherzod Kudbiyev tayinlangani ma'lum qilingan.
Yig‘ilishda Samarqand va Qashqadaryo viloyati hokimlari, boshqa hudud va tarmoqlar rahbarlari belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.
Mavzuga oid
16:28 / 23.09.2024
Behzod Musayev yangi lavozimga o‘tkazildi
16:19 / 23.09.2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘zgardi
15:10 / 17.09.2024
“O‘zbek hamshiralari Germaniyaga 2200 yevro topgani jo‘natilmoqda” – Behzod Musayev
18:44 / 08.08.2024