Dunyodagi vaziyat: JSSTdan umidbaxsh xabar va shtatlarga ogohlantirish
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi 4-5 preparat ustida ish olib borilayotganini ma'lum qilib, sayyora aholisini umidlantirdi - ammo hozircha gap vaksina haqida emas, faqat davolash haqida ketmoqda. Butun dunyo bo‘ylab karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish davom etmoqda.
Amerika shtatlarining yarmidan ortig‘i qisman ochilgan. AQShda Yevropa bilan solishtirganda karantin cheklovlari birdaniga bekor qilinmoqda, Britaniya va YeI davlatlari karantindan asta-sekinlik bilan chiqayotgan va faqat muhim korxonalar faoliyatiga ruxsat berilayotgan bo‘lsa, Amerikaning qator shtatlarida allaqachon kinoteatrlar, restoranlar, tatu-salonlar va sartaroshxonalar mijozlar tashrif buyurishi uchun ochiq.
Prezident Donald Tramp cheklovlar bekor qilinishi tarafdori, ammo uning administratsiyasidagi muhim ekspert keskin va shoshilinch qadamlar keraksiz qurbonlarga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.
Hindistonda temir yo‘l qatnovi tiklandi, Britaniya hukumati esa karantin tufayli ishini yo‘qotgan fuqarolarga daromadlarining 80 foizlik qismini oktyabrgacha to‘lab berishga qaror qildi.
- Jahonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 4,2 millionga yetdi, 288 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
JSST dorilarni sinovdan o‘tkazmoqda, ammo ularning nomi aytilmayapti
Seshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bir necha preparat koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyat keltirishi mumkinligini ma'lum qildi. Tashkilot ayni vaqtda 4-5ta eng istiqbolli dorilarni tanlab olib, ularning koronavirusga qarshi samarasini o‘rganmoqda, ammo hozircha bular qaysi dorilar ekani ma'lum qilinmayapti.
JSSTdagilar hozirgacha ma'lum dorilarning birortasi virusni to‘liq to‘xtata olmasligi, ular faqat og‘irlik darajasini va oqibatlarni kamaytirishi mumkinligini qayd etishgan.
Bundan tashqari, dunyo tadqiqotchilari Covid-19ga qarshi vaksina tayyorlash ustida ham ish olib borishmoqda, ammo u tayyor bo‘lishiga va qachon tayyor bo‘lishiga kafolat yo‘q.
Ayni vaqtda JSST pandemiya markazi sifatida Shimoliy va Janubiy Amerikani ko‘rsatmoqda, ammo Afrikada ham yangi zararlanish holatlari o‘sib bormoqda.
«Keraksiz o‘limlar»: Amerika shtatlariga ogohlantirish
Amerika shtatlarining yarmidan ortig‘i pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlarni bekor qilishni boshlagan yoki yaqin vaqtlar ichida bekor qilishga hozirlanmoqda.
Bir qator shtatlar deyarli barcha cheklovlarni bekor qilib bo‘lgan. May oyi boshidan beri Texas, Jorjiya, Oklahoma va boshqa shtatlarda go‘zallik salonlari, sportzallar, restoranlar va kinoteatrlar ochilgandi.
AQSh Allergik va infeksion kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi cheklovlar muddatidan avval bekor qilinishi «keraksiz iztiroblar va o‘limlar»ga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bu ogohlantirish - uning AQSh Senatidagi chiqishining asosiy mavzusi bo‘ladi. U o‘z nutqidagi asosiy punktlarni New York Times muxbiri Sheril Gey Stolbergga taqdim etgan.
AQShda koronavirus qurbonlari soni 80 ming kishidan oshib ketdi - bu jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Fauchining bu ogohlantirishi pandemiyani nazoratiga olgan shtatlarda cheklovlarni bekor qilish tarafdori bo‘lgan prezident Trampning pozitsiyasiga ziddir.
Oq uydagi maxsus shtab a'zosi bo‘lgan doktor pandemiya boshlanganidan buyon prezidentga qarama-qarshilik yoqasiga kelib qoldi - u Trampning koronavirus bo‘yicha aksililmiy chiqishlarini qo‘llab-quvvatlamaydi, ammo unga ochiqchasiga e'tiroz ham bildirmaydi.
Fauchi uning instituti kuzda yoki 2020 yil qishida vaksina sinovini yakunlashi mumkinligini bildirdi. Boshqa davlatlardagi kabi AQSh farmatsevtik kompaniyalari ham vaksina samaradorligi tasdiqlangunga qadar uni ishlab chiqarishni boshlashadi.
Doktor videoaloqa orqali chiqish qilmoqda. Oq uyning ikki xodimida - prezidentning shaxsiy yordamchisi Stiven Miller va uning rafiqasi, vitse-prezident Mayk Pensning matbuot kotibi Keyti Millerda koronavirus aniqlangach, Entoni Fauchi o‘zini izolyatsiya qilgan.
Hindistonda poyezd chiptalari bir soatda sotilib ketdi
Hindiston seshanba kunidan temir yo‘l harakatini qisman tikladi - pandemiya tufayli poyezdlar 7 hafta davomida yurmayotgandi.
Internetda chiptalar sotuvi boshlanganidan bir soat o‘tib Nyu-Dehlidan Mumbay, Chennay va Bangaloga reyslar uchun o‘n minglab chiptalar sotib bo‘lindi.
Yo‘lovchilar niqobda bo‘lishi majburiy, shuningdek, ularning smartfonlarida aloqalarni raqamli kuzatish ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
Hindiston temir yo‘llar tarmog‘i bilan qamrab olingan, ammo ko‘pincha poyezdlar keragidan ortiq odam bilan harakatlanadi - odatda mamlakatdagi barcha poyezdlar bir kunda 20 milliondan ortiq yo‘lovchi tashiydi.
Bunday holatda vagonlarda ijtimoiy masofa tartibiga rioya qilish imkonsiz ish. Ekspertlar mamlakatda koronavirus tarqalishining yangi to‘lqini boshlanishi mumkinligidan xavfsirashmoqda.
Britaniyada keng miqyosli tovon puli to‘lash yana 4 oyga uzaytirildi
Britaniya hukumati seshanba kuni karantin tufayli ishsiz qolganlar uchun yana 4 oy davomida tovon puli to‘lanishi haqida e'lon qildi.
Karantin joriy etilgach qabul qilingan dasturga ko‘ra, xususiy kompaniyalarning ishini yo‘qotgan xodimlari uchun daromadlarining 80 foizi miqdorida (oyiga 2,5 ming funtgacha) to‘lovlar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Bu dastur qirollikda ishsizlar soni keskinlik bilan o‘sib ketishining oldini olish uchun qabul qilingan. Bunday tovon pulini o‘zini o‘zi ish bilan ta'minlagan britaniyaliklar ham olishi mumkin. Ayni vaqtda bunday kompensatsiyani 7,5 mln kishi olmoqda - bu mamlakatdagi mehnatga yaroqli aholining to‘rtdan bir qismidan ko‘proqdir. Bunday to‘lovlar budjetga oyiga 14 milliard funtga tushmoqda.
Mavzuga oid
00:10 / 25.12.2024
Sun’iy intellekt diabet rivojlanish xavfini o‘nlab yillar oldin aniqlashga yordam beradi
03:11 / 24.12.2024
Britaniya dronlarga qarshi yangi turdagi radiochastotali qurolni sinovdan o‘tkazdi
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024