O‘zbekiston | 15:50 / 14.05.2020
114628
3 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi O‘zbekistonga qaytarildi

Adliya vazirligi chet elga noqonuniy olib chiqilgan aktivlar O‘zbekistonga qaytarilayotgani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Xususan, Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirgan 10 mln dollarlik aktivlari Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan.

Foto: Valeriy Levitin/RIA «Novosti»

Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston davlat budjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.

Qayd etilishicha, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

«Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular Gulnora Karimova (uning oila a'zolari)ning tasarrufida emas. Shu bois, muqaddam ayrim OAVlarda xabar berilganidek, O‘zbekistonga mulklar va mablag‘lar bevosita G. Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor ta'kidlanadi», deyiladi vazirlik xabarida.

Adliya vazirligi aktivlarni qaytarishda Gulnora Karimovaning umuman o‘rni yo‘q ekanini mart oyida ham ma'lum qilgandi.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda Gulnora Karimovaning Jyeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari (kartinalar, amaliy san'at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirgan.

Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a'zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni 2020 yil 18 mart kuni nihoyasiga yetgan bo‘lib, u 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trillion so‘m va 165 million dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid