Jahon | 00:31 / 18.05.2020
38756
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Braziliya Ispaniya va Italiyani ortda qoldirdi, Qatarda qat'iy choralar joriy etildi

Qator davlatlarda koronavirus tufayli joriy etilgan cheklovlar bekor qilinmoqda. Gretsiya va Avstraliyada yakshanba kunidan ibodatxonalar ochildi. Ispaniyada karantinni yumshatish davom etdi, faqat Barselona va Madridda qat'iy cheklovlar saqlab qolindi. Tailandda savdo markazlari ochildi. Ammo epidemiologik vaziyat yaxshilanmagan ayrim hududlarda yangi cheklovlar o‘rnatilgan. Qatarda esa tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi va bu talabni bajarmaganlik uchun 55 ming dollargacha jarima solinishi mumkin. Braziliya zararlanish holatlari soni bo‘yicha Ispaniya va Italiyani ortda qoldirgan.

Foto: Reuters

Dunyo bo‘ylab 188 davlatda 4,77 milliondan ortiq kishi koronavirusdan zararlangan, 315 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 1,8 milliondan ortiq kishi tuzalgan.

Ispaniya va Italiyada karantindan chiqmoqda

Ispaniyada koronavirusdan o‘limlar soni mart oyi o‘rtalaridan beri ilk marta bir kunda 100dan kam bo‘ldi. Yakshanba kuni Covid-19 tufayli 87 kishi vafot etdi. Shu vaqtgacha koronavirus yuqtirganlarning uchdan ikki qismi sog‘ayib chiqqan.

Dushanba kunidan Ispaniyada aholi uchun yana ayrim cheklovlar yechiladi, ammo mamlakatning yirik shaharlari - Madrid va Barselonada, shuningdek Kastiliya va Leon hududlarida qat'iy talablar saqlanib qolmoqda.

Epidemiya avjiga chiqqan vaqtda Ispaniyada kuniga o‘rtacha 950 o‘lim qayd etilayotgandi.

Ispaniyada koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi markaz direktori doktor Fernando Simon (uning o‘zi ham koronavirusni boshdan kechirgan) ma'lum qildiki, mamlakat infeksiya tarqalishiga butunlay chek qo‘yishga yaqin.

Shu bilan birgalikda, Simon Covid-19ning ikkinchi to‘lqini xavfi ham mavjudligini qayd etgan, shuning uchun hukumat mamlakat aholisi tibbiy niqob taqishini istamoqda.

Kasallik tarqalishi oldini olish maqsadida ko‘rilgan choralarga ko‘ra, Ispaniyaga dengiz yoki aviatsiya yo‘li bilan kirishga faqat ushbu mamlakatda yashash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ruxsat beriladi. Keluvchilarning barchasi 14 kun davomida karantinda bo‘ladi.

Kasallanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lgan Italiyada so‘nggi bir kunda 145 kishi koronavirus tufayli vafot etgan - bu ikki oy muqaddam joriy etilgan karantin choralari davrida qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

18 may kuni Italiyada kafelar, barlar, restoranlar, go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar ochiladi. Shu bilan birga, mijozlar va xodimlar ijtimoiy masofa saqlashga rioya qilishi va tibbiy niqobda bo‘lishi shart hisoblanadi.

Shuningdek, Italiyaning ayrim hududlarida ibodatxonalar faoliyati tiklangan, lekin binolar ichidagilar soni cheklangan miqdorda bo‘lishi talab etiladi.

Braziliya: qancha o‘lim?

Yevropada koronavirus pandemiyasi pasayayotgan bo‘lsa, Lotin Amerikasida Covid-19 tarqalishi faqat jadallashmoqda.

Braziliya kasallanish holatlari soni bo‘yicha Ispaniya va Italiyani ortda qoldirdi va jahon reytingida AQSh, Rossiya hamda Britaniyadan keyingi to‘rtinchi o‘rindan joy oldi. So‘nggi bir kunda Braziliyada qariyb 15 ming yangi zararlanish holati aniqlandi va jami holatlar soni 233 mingdan oshdi. 

Braziliya hukumati so‘nggi kunda 816 kishi koronavirusdan vafot etgani va o‘lim holatlari soni 16 mingga yaqinlashgani haqida ma'lum qildi - bu dunyodagi beshinchi ko‘rsatkich.

Shu bilan birgalikda, ekspertlar o‘limlarning haqiqiy soni  ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib, buni Braziliyada Covid-19 uchun tahlillar yetarli miqdorda olinmayotgani bilan izohlashgan. «Braziliyada faqat shifoxonaga murojaat qilganlar test qilinmoqda. Bu ma'lumotlar asosida haqiqiy vaziyat bo‘yicha xulosa berish qiyin. Bizda bu kasallikka qarshi kurash bo‘yicha haqiqiy strategiya mavjud emas», degan «Frans press» agentligiga San-Pauludagi universitet vakili Dominigo Alves.

Alves Braziliyada haqiqiy holatlar soni rasmiy statistikadan 15 baravar ko‘pligi aytilgan tadqiqotlardan birining muallifi hisoblanadi.

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru qat'iy karantin choralari joriy etilishiga qarshi chiqishda davom etmoqda. U koronavirusni «allaqanday gripp» deb atagan va Covid-19 tarqalishidan hech qanaqasiga qochib bo‘lmasligini aytgan.

Braziliyaliklar yetakchisining bunday siyosati o‘z mamlakatida ham, xorijda ham qattiq tanqidga uchradi. Bunday yo‘l tutish mas'uliyatsizlik va fuqarolarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yish deb baholanmoqda.

Janubiy Amerikaning yana bir davlati Peruda ham kasallanish holatlari soni shiddat bilan ko‘paymoqda - 88 541 holat va 2523 o‘lim qayd etilgan ushbu davlat jahon reytingida Xitoydan oldinda, 12-o‘rinda joylashgan.

Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi orollarda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 500 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Meksikada ham bemorlar soni o‘sishda davom etmoqda - 50 mingga yaqin holat va 5 mingdan ortiq o‘lim.

AQSh: aviatashuvchida yana infeksiya

Covid-19 bemorlari va qurbonlari soni bo‘yicha eng birinchi o‘rinda turgan AQShda so‘nggi bir kunda yana 1,4 ming kishi kasallik tufayli vafot etdi. Shu tariqa, bu mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 88,7 mingdan oshdi.

«Teodor Ruzvelt» bortiga oziq-ovqat yetkazib berilmoqda
REUTERS

So‘nggi bir kunda AQShning 32 mingga yaqin aholisida infeksiya aniqlangan, yakshanba kuni holatiga ko‘ra zararlanganlar soni 1,4 milliondan oshgan.  Ammo so‘nggi bir kunda mamlakatda o‘limlar soni avvalgi besh kundagiga nisbatan kamroq bo‘ldi - 598 o‘lim ro‘yxatga olingan.

Amerikalik harbiylar AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi «Teodor Ruzvelt» aviatashuvchisida kamida 13 dengizchida Covid-19 aniqlangani haqida ma'lum qilgan, bu dengizchilar avval ham shu kasallikka chalingandi.

Bungacha Guam orolidagi mehmonxonalarda karantinga olingan mingdan ortiq dengizchida infeksiya aniqlangandi, ular ayni vaqtda sog‘ayib kemaga qaytgan. Hozircha birinchi testdan keyin ham ularning qonida virus qolgani yoki ular boshqa manbadan yana virus yuqtirib olgani ma'lum emas.

Bu vaqtda Texasda kunlik holatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi: 1 801 kishida infeksiya aniqlangan. 1 may kuni Texas gubernatori mahalliy kompaniyalarga ish boshlashga ruxsat bergan, ammo ishga xodimlarning faqat bir qismi qaytishi belgilangandi.

Britaniyada maktablarda mashg‘ulotlarni boshlash masalasida bahslar ketmoqda.

Hukumatning yuqori martabali amaldorlaridan biri, Vazirlar Mahkamasi vaziri Maykl Gouv bolalar maktablarga borishiga ruxsat berilsa, bu kasallik yana avj olishiga olib kelishi mumkinligiga ishonmayapti. 

Vazir ma'lum shartlar evaziga maktablardagi mashg‘ulotlarni davom ettirishni taklif qilmoqda, unga ko‘ra, maktablarda ijtimoiy masofa saqlash talab etiladi va bir sinfxonada bir vaqtda bo‘ladigan o‘quvchilar soni 15dan ortiq bo‘lmaydi.

Maktablar ochilishiga qarshi bo‘lganlar bolalar kasallik tarqatuvchiga aylanishi va o‘z uylaridagi keksa yoshlilar uchun xavf solishidan xavotir olishmoqda.

Rossiyada so‘nggi ikki kunda yangi zararlanish holatlari soni 10 mingdan kam bo‘lmoqda, shanba kuni 9200 kishida virus aniqlandi, yakshanba kuni bemorlar soni 9 709taga oshdi. Mamlakat hukumati koronavirus tarqalishi tempi pasayganini ma'lum qilmoqda, shu bilan birgalikda, Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova rossiyaliklar hali yana ko‘p vaqt yangi sharoitlarda yashashiga to‘g‘ri kelishini aytmoqda.

Ibodatxonalar ochilishi

Gretsiyada dindorlar ikki oy ichida ilk marta ibodatxonaga borishi mumkin bo‘ldi, mamlakatda mart oyi boshida koronavirus tarqalishi tufayli diniy muassasalar faoliyati to‘xtatilgandi.

Mamlakatda epidemiologik vaziyat yaxshilanishiga qarab karantin cheklovlari bekor qilib borilmoqda.

Yakshanba kuni ko‘plab cherkovlar keluvchilar uchun ochiq bo‘ldi, ammo ehtiyotkorlik choralari ko‘rilgan. Ko‘plab cherkovlarda uzun o‘rindiqlar stullarga almashtirilgan va stullar bir-biridan ikki metr masofada joylashtirilgan. Ikonalar va haykallar antiseptiklar bilan tozalab turiladi.

Avstraliyaning bir necha hududida ham diniy muassasalar faoliyatiga ruxsat berildi. Avstraliyada 7 hafta muqaddam qat'iy karantin choralari joriy etilgandi.

Avstraliyaning aholi eng tig‘iz yashaydigan hududi - Yangi Janubiy Uelsdagi ibodatxonalar bino ichida 10dan ortiq kishi bo‘lmasligi sharti bilan ochilgan. Ko‘plab cherkovlar, masjidlar va sinagoglar yopiqligicha qolmoqda - bundan maqsad jamoatning katta yoshli vakillarini himoya qilish hisoblanadi. 

Osiyoda nima gap?

Qatarda niqob rejimini buzganlarga yirik jarimalar solinadi / AFP

Qatarda uydan tashqarida tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi. Uydan niqobsiz chiqqanlarga uy yilgacha qamoq jazosi yoki 200 ming rial (55 ming dollar) miqdorida jarima tahdid soladi. 

Qatar kasallanganlar soni aholi soniga nisbatan ko‘pligi bo‘yicha - arab dunyosida eng yomon natijani qayd etayotgan davlatdir. Ushbu mamlakat aholisi 3 milliondan kamroq bo‘lgani holda, shu vaqtgacha 30 ming kishida koronavirus qayd etilgan.

Qatarda masjidlar, maktablar, savdo markazlari yopilgan, ammo 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun stadionlar qurilishi davom etmoqda. Hukumat ishchilar himoyasi uchun zarur choralar ko‘rilganini bildirgan.

Tailand hukumati yakshanba kuni savdo markazlari ochilishiga ruxsat berdi, natijada bu joylar xaridorlar bilan to‘lib-toshdi. Savdo markazlariga kirishda keluvchilarning tana harorati o‘lchanmoqda. Tailandda shu vaqtgacha 3 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgan, 56 kishi vafot etgan.

Xitoyda so‘nggi bir kunda Covid-19 koronavirus infeksiyasiga chalinish bo‘yicha 5ta yangi holat qayd etildi.  3ta holatda kasallanganlar lokal, ya'ni Xitoy hududida, Tszilin provinsiyasida yashovchi fuqarolarda qayd etilgan. Yana 2ta holatda bemorlar koronavirusga xorijdan chalinib qaytgan. Kasallanganlar Ichki Mo‘g‘iliston va Tyanszin shahrida aniqlangan.

Janubiya Koreyada so‘nggi bir kunda 19ta yangi zararlanish holati qayd etilgan va mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 11 050 nafarga yetgan.

Koreya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 13ta holat lokal hisoblanib, yana 7tasi xorijdan qaytgan fuqarolarda qayd etilgan. Geografik tahlil qilinganda 5ta kasallanish Seulda kuzatilgan, 4 nafar bemor karantin hududlarida, qolganlar esa mamlakatning boshqa hududlarida nazoratga olingan.

Mavzuga oid