O‘zbekiston | 15:34 / 18.05.2020
79864
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana bir kishi koronavirusdan vafot etgani va jami qurbonlar soni 13 nafarga yetgani to‘g‘risida xabar berdi.

Toshkentda koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlardan biri yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

«Samarqandlik fuqaro I. (erkak) shu yilning 14 may kuni og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqiziladi. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 infeksiyasi ham aniqlangan.

Shundan keyin bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Bemor uzoq vaqt davomida jigar sirrozi tashxisi bilan davolanib kelgan. Bundan tashqari, unda semizlik, anemiyaning og‘ir darajasi kabi qator hamroh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan.

Klinikada bemorga mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Vazirlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazorat ta'minlangan.

Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq o‘n uchinchi holatdir. Bungacha Namanganda 4, Toshkentda 5, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryoda bittadan o‘lim qayd etilgandi.

Mavzuga oid