O‘zbekiston | 07:33 / 19.05.2020
93720
10 daqiqa o‘qiladi

Prezident aholi tomorqalari bo‘yicha yangi qaror imzolaydi

Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

har bir tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlari hududida kamida bittadan “Tomorqa xizmati” MChJlarni tashkil etish;

aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘ni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MChJlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun kamida 3 gektardan yer ajratish;

aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘ni tizimli yetkazib berish va ularda yetishtirilgan mahsulotlarni sotishni tashkil qilish uchun viloyat va tuman (shahar) markaziy dehqon bozorlarida, aholi gavjum punktlarida “Tomorqa xizmati” MChJlar uchun maxsus savdo maydonlarini ajratish takliflari ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasining aholi tomorqalarida yetishtiriladigan meva-sabzavot, go‘sht, sut va tuxum mahsulotlarini kafolatli sotish tizimini yaratish uchun qayta ishlash va eksport qilishda ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi va “Tomorqa xizmati” MChJlarining o‘zaro kooperatsiya tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Unga muvofiq dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan mahsulotni yetkazib berish “Tomorqa xizmati” MChJ tomonidan yig‘ib olingan holda qayta ishlash korxonasi yoki eksportyor, ishlab chiqaruvchi va “Tomorqa xizmati” MChJ o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama kelishuv asosida amalga oshirilishi mumkin.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini sotishdan tushgan pul mablag‘larining 10 foizi Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining daromad manbalaridan biri etib belgilanadi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yerga ishlov berish vositalari xarid qilish, yengil konstruksiyali issiqxonalar va parrandachilik xo‘jaliklari tashkil etish uchun tijorat banklari orqali 3 yil muddatga “Tomorqa xizmati” MChJga kredit ajratish Manzilli Dasturiga 50 mlrd.so‘m;

aholi xonadonlarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun 30 mlrd.so‘m ajratadi.

2023 yil 1 yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

“Tomorqa xizmati” MChJ hamda qishloq xo‘jaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 3 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda kafillik berilishi belgilanadi;

Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MChJ va qishloq xo‘jaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankning asosiy stavkasida va undan yuqori ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 50 foizini qoplab berish tizimi joriy etiladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

“Tomorqa xizmati” MChJ tomonidan aholi tomorqalarida yetishtiriladigan sut mahsulotlarini yig‘ib olib qayta ishlash korxonalariga shartnoma asosida yetkazib berish uchun xom sut qabul qilish shoxobchalari tashkil qilish;

“O‘zagrotexsanoatxolding” kompaniyasi bilan birgalikda sisternada avtomatlashgan sut hajmini o‘lchash va tozalash mexanizmiga ega sut mahsulotlari yig‘ish mashinalarini, motokultivatorlarni mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.

Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari, dehqon xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun artezian quduqlarini qazish, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish uchun davlat budjeti hisobidan subsidiya:

aholi xonadonlarida qaziladigan yakka artezian quduqlarini qazish bilan bog‘liq xarajatlarning har bir quduqqa bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida;

kamida 50 ta aholi xonadonining tomorqa yerlarini sug‘orish uchun yirik artezian quduqlarini qazish xarajatlarining 120 million so‘mdan oshmaydigan qismini qoplash Hukumat tomonidan bu borada mavjud tartib talablari asosida;

Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan har bir gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan holda ajratiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va chetdan keltiriladigan yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun jihozlar, motokultivator va uning ehtiyot qismlari, minitraktorlar, sovutgich tizimlari va ularning jihozlari, aholi xonadonlarida o‘rnatiladigan suv nasoslari, burg‘ilash uskunalari quritish va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash uskunalari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari);

“Tomorqa xizmati” MChJlar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab mazkur qarorga muvofiq ularning asosiy faoliyati doirasida 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlar, qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno, ozod etiladi;

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 1 aprelga qadar suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantirib tasdiqlaydi;

loyihalar tashabbuskorlariga ajratiladigan subsidiyalar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son Farmoniga asosan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

“Tomorqa xizmati” MChJlarga berilayotgan imtiyozlar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan yuritiladigan “Tomorqa xizmati” MChJlar reyestriga kiritilgan korxonalarga tatbiq etiladi.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda:

a) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, “Tomorqa xizmati” MChJ va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida:

yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha;

urug‘liklar va ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalari xarid qilish uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha;

b) ishsiz fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar a'zolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ekin ekishga, chorva, parranda, quyon boqishga ixtisoslashgan kooperativ ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha subsidiyalar ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

bir oy muddatda yer va iqlim xususiyatidan kelib chiqqan holda, ko‘chat va urug‘ navlarini hududlar kesimida ekish bo‘yicha amaliy-metodik qo‘llanma ishlab chiqib, joylarga yetkazilishini;

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarini, “Ekstenshen” markazi va “Invitro” laboratoriyalarini “Tomorqa xizmati” korxonalariga biriktirilishini ta'minlash topshiriladi.

Toshkent davlat agrar universiteti, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi:

“Tomorqa xizmati” MChJ xodimlarini malakasini oshirishni;

“Tomorqa xizmati” MChJ takliflari asosida ular bilan ishlovchi tomorqa yer egalarining malakasini oshirishni tizimli tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan foydalanish va aholi daromadlarini oshirish borasida qilinadigan ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi.

Mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalarning to‘liq va o‘z muddatlarida bajarilishini ta'minlash maqsadida bir oy muddatda vazirlik tuzilmasida belgilangan cheklangan shtat birliklari doirasida 4 ta shtat birligidan iborat mas'ul boshqarma tashkil etadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda mahallalarni tomorqa xizmatlariga ko‘maklashgani uchun rag‘batlantirish bo‘yicha tavsiyalarini ishlab chiqadi.

Mavzuga oid