Jahon | 23:53 / 19.05.2020
56084
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda kasallanish holatlari soni 2 mingga yaqinlashdi, Qozog‘istonda o‘sish tezlashmoqda

So‘nggi bir kun davomida Tojikistonda 207 kishida koronavirus aniqlandi va jami holatlar soni 1936taga yetdi. Qozog‘istonda koronavirusga chalinish holatlari soni 6751 nafarni, Qirg‘izistonda esa 1243 nafarni tashkil etmoqda.

Foto: Asia-Plus

Tojikistonda o‘lim ko‘rsatkichi so‘nggi bir kun davomida o‘zgarmay qoldi. Mamlakatda virus qurbonlari soni 41 nafarni tashkil etmoqda.

Tojikistonlik mutaxassislar mamlakatda kamida bir oy keskin karantin joriy etishni tavsiya qilishgan. 19 may kuni Tojikistonga YUNISEF tashabbusi bilan 13 tonna tibbiy vositalar gumanitar yordam sifatida olib kelindi.

Qirg‘izistonda seshanba kuni 27 kishida virus aniqlandi va jami kasallanish holatlari soni 1 243taga yetdi. Shuningdek, 71 nafar bemor tuzalib, umumiy sog‘ayganlar soni 898 nafarni tashkil etmoqda. Kasallik Qirg‘izistonda 14 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Ayni damda mamlakatda virus aniqlanganlar bilan aloqada bo‘lgan 6 164 kishi shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi. Shifoxonalarda qolayotgan 331 bemordan 5 nafari jonlantirish bo‘limida saqlanmoqda.

Qirg‘izistonda 11 maydan boshlab karantin choralarini yumshatish boshlangan. 25 maydan mamlakatda jamoat transporti - avtobus va trolleybuslar harakati tiklanadi. 1 iyundan esa bolalar bog‘chalari ochilishi mumkin.

Qozog‘istonda koronavirus yuqtirganlar soni ortda qolgan bir sutka davomida 311taga ko‘paydi va jami kasallanish holatlari soni 6 751taga yetdi. Shu vaqtgacha bemorlardan 3 572 nafari tuzalgan.

19 may kuni eng yuqori o‘sish Atirauda kuzatilgan. U yerda kon ishchilarining 142 nafarida virus aniqlangan. Ortda qolgan bir kun davomida Olma-otada bir kishi virus sabab vafot etdi va mamlakatida jami o‘limlar soni 35tani tashkil etmoqda.

Qozog‘istonda so‘nggi uch kunda o‘sish tempi tezlashdi. Bunga sabab sifatida esa o‘tkazilayotgan testlar soni ko‘paygani aytilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Lyudmila Byurabekovaning so‘zlariga ko‘ra, hozir kuniga 28 mingta test o‘tkazilmoqda. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftada bu ko‘rsatkich maksimum 23,5 mingga ko‘tarilgan. Olma-ota, Turkiston va Atirauda mobil test laboratoriyalari tashkil etilgan.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Qozog‘istonda koronavirusga qayta chalinish holatlari kuzatilmaganini aytgan. Shu bilan birgalikda, koronavirusni yengib o‘tganlar tanasida uni qaytib yuqtirmaslik immuniteti paydo bo‘lgani haqida aniq ma'lumot yo‘q.

20 maydan Qozog‘istonda ba'zi jamoatchilik maskanlari faoliyati tiklanadi. Nur-Sultonda savdo markazlari faoliyatiga ruxsat beriladi. Ular cheklov asosida ishlaydi. Masalan, butiklarda bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan 5 kishi bo‘lishiga ruxsat berilgan. Ijtimoiy masofani saqlash talab qilinadi.

Qozog‘iston poytaxtida hammom va saunalar ham ochiladi. Ularga to‘liq imkoniyatining 30 foizi miqdorida odam qabul qilish talabi qo‘yilgan. Saunalarda ish vaqti soat 09:00dan soat 18:00gacha etib belgilangan.

Markaziy Osiyoning yana bir davlati Turkmanistonda esa rasman koronavirus aniqlanmagan.

Mavzuga oid