Jamiyat | 19:17 / 19.05.2020
2923
2 daqiqa o‘qiladi

Yetkazib berilgan mahsulot yaroqsiz chiqishi holatida aybdor kim? Agentlik direktori javob berdi

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurot Xaitmetov iste'molchilardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

«Karantin davrida mahsulotlarga buyurtma berib, ularni uyga olib keltirish - eng talabgir xizmatlardan bo‘ldi. Bu yerda yetkazib beruvchining vazifalari, sotuvchining majburiyatlari bor. Siz mablag‘ni sotuvchiga ko‘chirgansiz. Kelishuv shartiga muvofiq, siz xarid qilgan mahsulotning uygacha yetkazib berilishi belgilangan. Shu sababli mahsulotning sifati yoki reklamada aytilgan ko‘rsatkichlarga mos emasligi ma'lum bo‘lsa, siz mahsulotni xuddi shunday sifatlisiga almashtirish yoki mablag‘ni qaytarib berish to‘g‘risida sotuvchiga murojaat qilishingiz mumkin. Agar sotuvchi shu majburiyatlarni bajarmasa, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qilib, o‘z-haq huquqlaringizni tiklashingiz mumkin», dedi Elmurot Xaitmetov.

Iste'molchilar televideniye va radiodagi reklama vaqtlari agentlik tomonidan nazorat qilinishi borasidagi savolga Elmurot Xaitmetov quyidagi fikrlarni bildirdi.

«O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunida televideniyeda ko‘rsatuvlarning har qancha daqiqasida uzib, reklamalar qo‘yish qat'iy belgilangan. Bu borada agentlik tomonidan davriy monitoringlar amalga oshiriladi. Xuddi shuningdek televideniyeda reklama ovozining balandligi ko‘rsatuv ovozidan baland bo‘lmasligi, berilayotgan reklamalarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi, qonunga mosligi yuzasidan doimiy monitoring, o‘rganishlar amalga oshiriladi. Qonun buzilish holatlari kuzatilganida bartaraf qilish yuzasidan reklama tarqatuvchiga ko‘rsatmalar berilib, qonun talablariga moslashtiriladi», deydi agentlik direktori.

Mavzuga oid