O‘zbekiston | 20:10 / 20.05.2020
21741
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi piyoz yetishtirgan dehqonlar muammosini hal etish ustida ishlayotganini ma'lum qildi

2020 yil O‘zbekistonda o‘tgan yilgiga qaraganda 1,5 barobar ko‘p piyoz yetishtirildi.

Foto: Livejournal

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Surxondaryo viloyatining Denov tumanida piyoz yetishtirgan dehqonlar to‘g‘risida Kun.uz e'lon qilgan maqolaga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, vazirlik dehqon Ibrohim Yoqubov bilan muloqot tashkil qilib, uning muammolarini o‘rganib chiqqan.

Dehqon 25 sotix tomorqasida yetishtirgan 30 tonna piyozi bozorga chiqarish uchun tayyor holga kelgani, ammo xaridorlar – eksportyorlar va ulgurji sotuvchilar mahsulotning kilosini 500 so‘mdan baholaganini aytgan.

Ibrohim Yoqubov ko‘p miqdorda piyoz yetishtirish uchun 21 mln so‘m xarajat qilgani, taklif etilayotgan summada hosilni sotgan taqdirda 6 mln so‘m zarar ko‘rishi, bu narx sarf-xarajat va mehnatini qoplamasligini ta'kidlagan.

Vazirlik izohiga ko‘ra, o‘tgan yili Yevropadagi qurg‘oqchilik sababli O‘zbekistondagi tadbirkorlar Polsha, Ukraina, Germaniya kabi davlatlarga yuqori qiymatda piyoz sotishga muvaffaq bo‘lgan edi.

«Yuzaga kelgan holatlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi va Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligiga masalaning tezkor yechimi yuzasidan murojaat yuborildi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 2020 yilning 14 may holatiga ko‘ra, respublikada 150 ming tonnadan ortiq eksportbop piyoz yetishtirilgan bo‘lib, u o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘pni tashkil etmoqda.

«Surxondaryo viloyatida 132 ming tonnadan ortiq piyoz mahsuloti sotuvga tayyor va ularning 20 ming tonnaga yaqini ichki bozor talabidan oshiqroq bo‘lgan. Bundan tashqari 15 ming tonnaga yaqin piyoz yaqin kunlarda pishib yetilishi kutilmoqda.

Bunday holatda mahsulotning tannarxi kilogramiga 1000 so‘m bo‘lishiga qaramasdan, yalpi terib olish narxi kilogramiga 1500dan 500 so‘mgacha pasayishi mumkin. Uni saqlash xarajatlari tannarxidan yuqori bo‘lgan mahsulotlarning ortiqcha hajmini zudlik bilan eksport qilish va buning uchun zaruriy choralar ko‘rilishini talab etadi», – deyiladi rasmiy axborotda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarni inobatga olib, quyidagi ishlar qilinayotganini ta'kidlagan:

– Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi bilan tayyor mahsulotlarning tijorat takliflarini tayyorlash;

– Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar bilan xorijiy hamkorlarni izlash;

– Transport vazirligi bilan temir yo‘l orqali tashish uchun vagonlarni tayyorlash.

Mavzuga oid