«Bayramda o‘z uyimizda bo‘lishni xohlaymiz» - So‘xda qolib ketgan ishchilar uyiga qayta olmayapti
Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumani eksklav hudud hisoblanib, tumanni barcha tomondan Qirg‘iziston Respublikasi yerlari o‘rab turadi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin choralari joriy etilganidan so‘ng So‘xdan turli yumush va zaruriyat bilan Farg‘ona tomonga o‘tgan so‘xliklarda hamda So‘x tumaniga ishlash uchun va boshqa turli yumushlar bilan borganlarda uyga qaytishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
Kun.uz saytiga qurilishda ishlash uchun So‘xga borib, uch oydan beri uyiga qaytib keta olmayotgan ustalar murojaat yo‘llashdi.
«So‘xdan uyimizga keta olmayapmiz»
«Biz So‘x tumaniga 20 mart kuni qurilishda ishlash maqsadida kelganmiz. Karantin boshlangach, uyimizga keta olmay, shu yerda qolib ketdik. So‘nggi kunlarda karantin choralari yumshatilganidan xabarimiz bor. Tuman hokimligiga, chegara punkti rahbarlariga o‘z yashash joylarimizga qaytish uchun, chegaradan o‘tishga yordam so‘rab murojaat kildik. Lekin ijobiy natija bo‘lmayapti.
So‘xda Samarqand, Namangan va Farg‘onaning turli tumanlaridan kelgan 93 nafar kishi mana shunday muammoli vaziyatda qolgan. Ba'zi sheriklarimizning yotog‘i ham yo‘q.
Muhtaram prezidentimizning yordami bilan boshqa mamlakatlardan charter reyslar tashkil qilinib, fuqarolarimiz o‘z yashash joylariga qaytarilyapti. Nahotki, bizni qo‘shni Qirg‘izistondan olib o‘tish masalasi qiyin bo‘lsa? So‘x tumani aholisi bizga yordam qo‘lini cho‘zmoqda, lekin har narsaning ham chegarasi bo‘ladi.
18 may kuni 50 nafar kishi bir bo‘lib, tuman hokimligiga dardimizni aytgani bordik. Natija bo‘lmagach, «Chashma» postiga sumkalarimiz bilan chiqqan edik, So‘x tumani rahbarlari va ichki ishlar xodimlari kelib, «Yordam beramiz. Uylaringga ketasizlar», deyishdi. Biz ularga ishonib qaytdik. Lekin haligacha yordam berilmadi. Ishlarimiz tugagan, pullarimiz ham tugab bormoqda. Iyd Ramazon bayramida yaqinlarimiz bilan birga bo‘lishni xohlaymiz.
Sizdan mutasaddi tashkilotlarga arzimizni yetkazishga yordam berishingizni so‘raymiz», deyiladi murojaatda.
Farg‘onada qolgan so‘xliklar qanday sharoitlarda yashamoqda?
O‘z navbatida, karantin tufayli chegaralar yopilmasdan oldin So‘xdan Farg‘onaga kelib, o‘z tumaniga qaytib o‘ta olmay qolib ketgan fuqarolar ham talaygina.
Ana shunday insonlarga ko‘mak berish uchun ko‘ngilli insonlar tomonidan tashkil etilgan «So‘xliklar uchun ko‘mak» shtabi yetakchisi Farhodjon Mirzayev bilan suhbatlashdik.
«Karantin boshlanib, chegaralar yopilgach, 464 nafar so‘xlik o‘z uylariga o‘tib keta olmay Farg‘onada qolib ketishgan. Ular Farg‘onadagi turli shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar hamda boshqa yumushlar bilan kelganlardir. 464 kishi orasida ko‘plarining Farg‘onada yashash joylari borligi aniqlandi. Yotoq uchun sharoiti bo‘lmagan 140 nafar so‘xliklar esa shaxsan viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bergan yordami bilan «Zilol» sanatoriysiga joylashtirildi. Sanatoriyda yashash uchun barcha sharoitlar yetarli. O‘z o‘rnida viloyat rahbariga so‘xliklar nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», deydi Farhodjon Mirzayev.
Har ikki tomonda qolib ketgan fuqarolarni «Chegaralar qachon ochiladi?», degan savol qiynamoqda. Shtab a'zolarining aytishicha, bor muammo Qirg‘iziston chegarasidan o‘tishda ekan. Qo‘shni respublikada karantin choralarini 1 iyundan yumshatilishi kutilmoqda.
Xulosa
So‘xda qolib ketgan quruvchilar yashash sharoitlari yaxshi emasligidan, ishlagani ish yo‘qligidan arz qilishmoqda. Tuman hokimligiga qilingan murojaatlari esa samara bermayotgan ekan. Yuzga yaqin kishi So‘x tuman mutasaddilari ko‘magiga muhtoj.
Mutasaddi idoralar tez kunlarda har ikki tomonda qolib ketgan va uyiga qayta olmayotgan kishilar muammosiga e'tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024