O‘zbekiston | 20:08 / 21.05.2020
41316
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Marhamat tumaniga bordi

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga safari chog‘ida Marhamat tumaniga borib, «Vodiy hamkor agrofirmasi» tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasteri bilan ham tanishdi.

1 gektardan ziyod maydonda tashkil qilingan mazkur klaster joriy yil 1 maydan ishga tushdi.

Kooperatsiya usulida 50ta xonadonga quyonlar tarqatilib, ulardagi odamlar bandligi ta'minlandi. Shuningdek, quyon terisini oshlash va teridan telpak tikish sexida 20ta ish joyi yaratiladi.

Korxonaga «Kaliforniya», «Yangi Zelandiya», «Flander», «Reks» va «Velikan» zotli 1000 bosh quyon olib kelingan bo‘lib, bir yil davomida ular soni 30 ming boshga yetishi kutilmoqda. 

Quyonchilik klasteri tomonidan bir yilda jami 3 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish, 150 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu yerda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalari salohiyati haqida ma'lumot berildi.

«Andijonda chorva kam, go‘sht boshqa joylardan olib kelinyapti. Quyon, parranda, baliq ko‘paytirilib, go‘shti iste'molga chiqarilsa, viloyatda go‘sht narxi tushadi. Kambag‘al oilalarga tarqatilib, klasterlar tomonidan qayta sotib olinsa, ularga daromad bo‘ladi. Iqtisodiy kompleks va sektor rahbarlari shu bilan shug‘ullanishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatda omixta yem ishlab chiqarishni ko‘paytirish, quyonchilikni 1 million boshga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid