Afg‘oniston qahramoni, etnik o‘zbeklar yetakchisi va endilikda marshal. Abdulrashid Do‘stum kim?
17 may kuni Afg‘onistondagi mashhur harbiy arbob Abdulrashid Do‘stumga marshali unvoni berilishi ma'lum bo‘ldi. Sobiq vitse-prezident hisoblangan general Abdulrashid Do‘stumga prezident farmoniga binoan marshal unvoni berilishidan tashqari hukumat Oliy kengashi va Milliy xavfsizlik kengashigada joy kafolatlandi.
U kim o‘zi?
Afg‘onistondagi eng mashhur harbiy qo‘mondonlardan biri (balki eng mashhuridir) Abdulrashid Do‘stum 1954 yil Afg‘oniston shimolidagi Juzjon provinsiyasi Shibirg‘on uyezdidagi Xo‘jadko‘h qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Uning otasi o‘zbek, onasi esa turkman millatiga mansub bo‘lgan. Do‘stum o‘zini o‘zbek deb hisoblaydi va o‘zbekcha gapiradi.
Maktabni bitirganidan so‘ng Do‘stum gaz qazib olish kompaniyasida ishlay boshlaydi. Bu kompaniya SSSR bilan hamkorlikda tuzilgan edi. 1979 yilda u SSSR yordamida Afg‘onistonni sotsialistik davlat qilish harakatida bo‘lgan Afg‘oniston xalq demokratik partiyasiga a'zo bo‘lib kiradi.
1980 yilda Do‘stum o‘qish uchun SSSRga keladi va Leningraddagi harbiy akademiyada tahsil oladi. O‘qishni bitirib, Afg‘onistonga qaytgan Do‘stum Afg‘oniston hukumatiga bo‘ysunadigan xavfsizlik idorasida ish boshlaydi. Oradan biroz o‘tib Do‘stumni mamlakat shimolida yashayotgan o‘zbeklardan tuzilgan 53-diviziyaga qo‘mondon etib tayinlashadi va u SSSR harbiylari Afg‘onistonni tark etguncha ular bilan hamkorlikda mujohidlarga qarshi jang qiladi.
Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgandan so‘ng u bir muddat Najibullo boshchiligidagi hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi. Vaqt o‘tib Najibulloga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlar tomonga o‘tadi.
1992 yilda Do‘stum Afg‘oniston shimolini to‘liq o‘z nazoratiga oladi. O‘sha paytlarda Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashaydigan shimoliy qismi norasmiy ravishda «Do‘stumiston» deb ham atalgan. U Mozori Sharif shahrini Shimoliy Afg‘oniston poytaxti etib tanlaydi va qarorgohini shu shaharda joylashtiradi. O‘sha paytda uning qo‘l ostida SSSRda ishlab chiqarilgan tanklar, qiruvchi samolyotlar va boshqa harbiy texnikalar bilan qurollangan 65 ming nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan.
Oradan biroz o‘tib Afg‘onistonni toliblar egallay boshladi. Shunda Do‘stum o‘z qo‘shinlari bilan Shimoliy Alyans deb nomlangan koalitsiyaga qo‘shiladi. Koalitsiya tarkibida Do‘stumdan tashqari, mamlakatning qonuniy prezidenti Burhoniddin Rabboniy boshchiligidagi hukumat kuchlari, shuningdek, Afg‘onistondagi dariylar yetakchisi Ahmadshoh Mas'ud va pushtunlar lideri Gulbiddin Hikmatyor boshchiligidagi qo‘shinlar ham bor edi.
Bir yil davom etgan janglardan so‘ng 1997 yil may oyida Do‘stumning yordamchisi Abdul Malik Faryob viloyatida isyon ko‘taradi va toliblar tomoniga o‘tib ketadi. Shundan so‘ng «Tolibon» Afg‘oniston shimolini ham egallaydi va Do‘stum Turkiyaga ketishga majbur bo‘ladi. O‘sha yili kuzda Afg‘onistonga qaytgan Do‘stum toliblar bilan qayta jang boshlaydi va yana yengiladi. 1998 yilda yana Turkiyaga ketadi.
2001 yil Nyu-Yorkdagi teraktdan so‘ng AQSh Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi va toliblarga qarshi kurashayotgan koalitsiya bilan hamkorlikda mamlakatning asosiy qismini koalitsiyaga qaytarib olib beradi. O‘shanda Do‘stum mamlakat shimolidagi harbiy kuchlarni yana qo‘lga oladi va AQSh qo‘shinlari bilan hamkorlikda toliblarga qarshi faol ravishda jang olib boradi. O‘sha yili u Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibiga kiradi.
2004 yilda Afg‘onistonda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi va unda Do‘stum ham o‘z nomzodini qo‘yadi. Hamid Karzay prezident etib saylangan ushbu saylovlarda Do‘stumga 10 foiz saylovchilar ovoz beradi va u to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. 2005 yilda Do‘stum Afg‘oniston qurolli kuchlari Oliy qo‘mondonligi bosh shtabi boshlig‘i etib tayinlanadi.
2008 yilda o‘zining yaqin maslakdoshi, Afg‘onistondagi turkiy xalqlar ittifoqi raisi Akbar Boy bilan kelisha olmay qoladi va unga qurolli tajovuz qilgani aytiladi. Shundan sabab bosh shtab rahbarligidan bo‘shatiladi va yana Turkiyaga chiqib ketadi.
2009 yilda navbatdagi prezidentlik saylovlari arafasida Do‘stum yana Afg‘onistonga qaytib keladi va faol siyosiy faoliyat bilan shug‘ullana boshlaydi. O‘sha yili kuzda u o‘z lavozimiga tiklanadi hamda Afg‘oniston qurolli kuchlari oliy qo‘mondonligi bosh shtabi boshlig‘iga aylanadi.
2014 yilda Do‘stum Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlanadi. Abdul-Rashid Do‘stum 1989 yil general-mayor unvonini olgan. U ikki marta – 1986 va 1988 yillarda Afg‘oniston qahramoni unvonini olgan. Endi esa Afg‘onistonda uchinchi bo‘lib marshal unvonini oldi. O‘zbek millatidagi ilk vitse-prezident bo‘lgan Do‘stum Afg‘onistonda marshal unvonini ham olgan birinchi o‘zbek bo‘ldi.
Abdul-Rashid Do‘stum haqidagi, to‘g‘rirog‘i uning faoliyati bevosita aloqador bo‘lgan voqealarga bag‘ishlangan «12 kuch» filmi suratga olingan. 2018 yil katta ekranlarga chiqqan bu film amerikalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan. Filmda AQSh harbiylarining 11 sentabr teraktidan so‘ng Afg‘onistonda «Tolibon» harakatiga qarshi harakatlari haqida hikoya qilinadi. Kartinada Abdul-Rashid Do‘stum obraziga alohida e'tibor berilgan va uning rolini Hollivudning mashhur aktyori Navid Negaban ijro etgan.
Afg‘onistondagi o‘zbeklar orasida Do‘stum juda mashhur hisoblanadi. Unga bag‘ishlab she'rlar yozilgan, qo‘shiqlar kuylangan.
Do‘stum «Tolibon»ga qarshi kurash haqida gapirar ekan toki tirik ekan Afg‘onistondan qo‘shni O‘zbekiston va Turkmanistonga birorta terrorchi o‘ta olmasligini aytgan.
Afg‘onistondagi o‘zbeklar
O‘zbeklar Afg‘onistondagi to‘rt asosiy millatdan biri hisoblanadi. Bugun turli manbalarga ko‘ra Afg‘onistonda 2,7-3,5 million atrofida o‘zbeklar yashaydi. Ular asosan mamlakat shimolida, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston bilan chegara hududlarda istiqomat qiladi. Mamlakatning markaziy hududlarida ham o‘zbeklar bor, ammo ular juda siyrak.
Afg‘onistondagi o‘zbeklar soni bugun taxmin qilinayotganidan ancha ko‘p bo‘lishi ham mumkin. 80-yillarda SSSR Afg‘onistonda o‘ziga bo‘ysunuvchi hukumatni shakllantirgan paytlarda jami aholi soni 16 million, o‘zbeklar soni esa 2 million atrofida deb ma'lumot berilardi. Bugun Afg‘oniston aholisi 38 milliondan oshgan va shunga monand o‘zbeklar soni ham kamida ikki barobar oshgan bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, mamlakat g‘arbidagi forsiyzabonlar, sharqdagi pushtunlardan farqli o‘laroq o‘zbeklar qochqinga aylanmagan. Shu sababli ayrim manbalarda Afg‘onistondagi o‘zbeklar soni 5 millionga yaqinlashib qolgani aytiladi. Ammo bu mamlakatda ancha yillardan beri aholi ro‘yxatga olinmagani sabab Afg‘onistondagi o‘zbeklar soni beriladigan aksariyat manbalar taxminiy hisob-kitoblarga asoslanadi.
Afg‘oniston shimolidagi o‘nga yaqin provinsiyada o‘zbek tili rasmiy til hisoblanadi. Mamlakatda so‘nggi yillarda o‘zbek tiliga e'tibor kuchaydi. O‘zbek tilida ko‘rsatuvlar va eshittirishlar uzatadigan bir necha telekanal hamda o‘nlab radiokanallar bor. Shuningdek, qo‘shni yurtda o‘zbek tilida bir necha gazeta chop etiladi. Afg‘onistonda o‘zbek teatri ham bor.
Abdul-Rashid Do‘stum hamda o‘zbeklarning Afg‘oniston siyosiy jarayonlaridagi roli
1990-yillarda Do‘stum Afg‘oniston shimolidagi o‘zbeklar yetakchisiga aylanganidan beri Afg‘oniston tepasiga keladigan har qanday siyosatchi mamlakat shimolida yashovchi ko‘p millionli o‘zbeklarning saylovlardagi ovozi uchun general Do‘stum bilan hisoblashishga majbur.
Bugun 40 millionga yaqin Afg‘oniston aholisining taxminan o‘ndan birini o‘zbeklar tashkil etadi. Lekin gap boshqa tomonda. Turli saylovlarda Afg‘onistonning toliblar egaligidagi hududlarida saylov uchastkalarini tashkil etishning imkoni yo‘q. Mamlakat shimolida esa aksariyat hududlar hukumat nazoratida va bu hududda saylov bo‘ladi.
Qolaversa, mamlakat shimoliy qismida yashovchi o‘zbeklar boshqa hududlarga qaraganda saylovlarda ancha faol qatnashadi. Shundan kelib chiqilsa, Do‘stum ta'siri ostidagi shimoliy hududlar aholisining saylovda beradigan ovozlari afg‘on siyosatchilari uchun juda muhim hisoblanadi.
Ana shu uchun ham Do‘stum ancha yillardan beri Afg‘onistonga rahbarlik qilib kelayotgan turli rahbarlar uchun muhim shaxs bo‘lib qolmoqda. Do‘stumga berilgan marshal unvoni ham o‘tgan yil kuzida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Ashraf G‘anining g‘alaba qozonishida shimollik o‘zbeklar bergan ovozlar muhim rol o‘ynagani uchun mukofot bo‘lishi ham mumkin.
O‘zbekistondagi madaniy hayotining Afg‘oniston o‘zbeklariga ta'siri
O‘zbekiston madaniy hayoti bevosita Afg‘oniston shimolidagi yashaydigan o‘zbeklarning hayot tarziga ta'sir qiladi. O‘zbekiston san'atkorlari va telekanallari bu hududda juda mashhur va ommabop. Bozorlardan o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan film va seriallar, shuningdek turli xonandalarning konsert dasturlari yozilgan disklarni bemalol topish mumkin. Bu mintaqada o‘zbek tilida bir necha telekanal bor. Shuningdek, ko‘pchilik oilalar O‘zbekiston telekanallarini tomosha qilishni afzal ko‘rishadi. O‘zbekiston telekanallari to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilmaydigan hududlarda ularni sun'iy yo‘ldoshlardan to‘lqin ushlaydigan antennalar orqali tomosha qilishadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Afg‘onistondagi o‘zbeklar bilan aloqalarni yaxshilamoqda. 2014 yilda O‘zbekiston Afg‘onistondagi o‘zbek o‘quvchilari uchun maktab qurib bergan edi. 2017 yil 10 sentabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida «Islom hamkorlik tashkiloti» sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyov va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani uchrashganida ikki mamlakati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Termizda afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishiladi.
Vazirlar Maxkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 911-sonli qaroriga muvofiq ishlar boshlab yuboriladi. Markaz uchun Termiz tumani sobiq Yangiariq kasb-hunar kolleji binosi ajratib berildi. Kollej qayta rekonstruksiya qilinganidan so‘ng bu yerda afg‘onistonlik yoshlar o‘qishga qabul qilindi. Qo‘shni yurtdan kelgan talabalarning aksariyatini o‘zbek millatiga mansub yoshlar tashkil etadi.
Bugun markazda ta'lim olayotgan talabalarga Afg‘oniston tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi ta'lim tizimida qabul qilingan normalarga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq 18ta oliy ta'lim yo‘nalishlari va 19ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim berilmoqda. «O‘zbek tili va adabiyoti» yo‘nalishida tahsil olgan 96 nafar talaba bakalavr diplomi olishga ham ulgurdi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
17:22 / 17.11.2024