Jahon | 08:31 / 26.05.2020
10942
3 daqiqa o‘qiladi

«Juda uzoq davom etuvchi karantin tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishi mumkin» - AQShning bosh infeksionisti

AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi karantin borasidagi fikrlarini o‘zgartirdi. Endi u, aksincha, uzoq davom etuvchi cheklovlar xavfli ekanidan ogohlantirmoqda va karantindan chiqish vaqtida shunchaki ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qilmoqda.   

Ayni vaqtda ko‘plab davlatlar hukumatlari oldida koronavirusga chalinish holatlari ko‘paysa-da, iqtisodiyotni jonlantirish uchun cheklovlarni bekor qilish yoki Xitoy kabi virusning barcha tarqalish yo‘llarini bostirish uchun cheklovlarni iloji boricha uzoqroq saqlashdan birini tanlash turibdi.  

Oq uyning sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatchisi Entoni Fauchi CNBC telekanaliga bergan intervyusida koronavirus tarqalishini kamaytirish uchun kiritilgan cheklovlar juda uzoq davom etsa, “tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishi” mumkinligini aytgan. 

“Men odamlar uzoq vaqt panada qolish - muammodan chiqishning yo‘li deb o‘ylamasliklarini xohlayman”, deb aytgan olim. Uning ta'kidlashicha, AQSh koronavirus avj olishi boshlanganda qat'iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lgan.  
  
“Biroq joy va vaziyatdan kelib chiqib, normal hayotga qandaydir darajada qaytish uchun iqtisodiyotni, mamlakatni ochish haqida jiddiy o‘ylash vaqti keldi”, deb ta'kidlab o‘tgan Fauchi. Shu bilan birga u cheklovlarning jadal qisqartirilishi xavfidan ogohlantirgan.   

“Fikrimcha, umuman olganda, mamlakatning ko‘plab hududlarida oqilona siyosat yurgazilmoqda. Odamlar shoshib qolayotgan vaziyatlar ham mavjud. Shuni aytmoqchimanki, iltimos, agar karantindan chiqmoqchi bo‘lsangiz, ehtiyotkorlik bilan harakat qiling”, deb aytgan mutaxassis.

Avvalroq respublikachilar Fauchini ba'zi korxonalar yopilishini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qilib kelishayotgandi. U bir haftagina oldin kongressni AQShda biznesning erta ochilishi “azob-uqubatlar va o‘limlarga olib kelishi” va AQSh iqtisodiyotni tiklashga xalaqit qilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.    

O‘shanda u koronavirus kuzda baribir yana qaytishini aytgan. Uning ta'kidlashicha, agar chegaralar ochilsa, AQShga hamma  yoqdan odamlar kela boshlaydi va virusdan xalos bo‘lishning imkoni bo‘lmaydi.

Mavzuga oid