O‘zbekiston | 18:29 / 27.05.2020
36232
9 daqiqa o‘qiladi

«AI-80 benzini 4 ming so‘mdan ham arzonlashiga ishonchim komil» - «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari

Ma'lum bo‘lishicha, «O‘zbekneftgaz» aprel oxiri – may boshida brent markali neft narxi 22-25 dollar bo‘lgan payt 200 ming tonnadan ortiq xomashyo import qilgan. Shuning hisobiga, Ulug‘bek Ashurovning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha neft narxi oshib ketsa ham, benzinning hozirgi narxlarini bir maromda saqlab turishga harakat qilinadi.

Kun.uz onlayn intervyularining navbatdagisida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov so‘nggi vaqtlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir nechta masalaga munosabat bildirdi.

Intervyuda «O‘zbekneftgaz»ning AI-80, AI-91 va AI-92 markali import benzinga aksizni 5 foizdan 20 foizga oshirishni taklif qilgani, benzin narxi va sifati kabi masalalarda so‘z bordi.

– Prezident farmoni bilan yaqinda AI-80 markali benzin va dizel yoqilg‘isi chakana narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan. Hozircha bu faqat AI-80 markali benzin va dizel yoqilg‘isigagina tegishli bo‘lsa ham, bu qadam jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingandi. Biroq import qilinadigan neft mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkalarini oshirish orqali yana ortga qaytilmayapti?

– Buni ortga qaytish deb o‘ylamayman. Nega? AQShni bozori eng rivojlangan davlat deb hisoblaymiz. Xitoy bilan o‘rtasidagi iqtisodiy urush deyiladimi, o‘zlarining ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun har xil mexanizm, usullarni qabul qilishadi. Qo‘shimcha sertifikatsiyalar qilishadi, qo‘shimcha bojlar kiritiladi.

Hozirgi kunda bizda – «O‘zbekneftgaz» korxonasi ostidagi tarmoqlarga nisbatan «bular raqobatdan qo‘rqishadi», deb aytishadi. Bunday emas, chunki bizning o‘z o‘rnimiz bor. Biz narxni saqlab turibmiz. Bozorda narxni bir maromda saqlab turish uchun birjaga ham neft mahsulotlarini yetkazib turibmiz. «O‘zbekneftgaz» 4 ming so‘m narxni belgilashi hisobiga boshqa markadagi benzinlarning narxi keskin tushdi.

«92» benzin boshqa zapravkalarda 7200 so‘m edi. «85»ning narxi 8 ming so‘mdan ortiqroqqa realizatsiya qilinadi, yoqilg‘isi ham 8 mingga yaqin edi. Lekin biz hozir xarajatlarni qisqartirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, logistika xarajatlarini kamaytirish hisobiga tannarx xarajatlarini 4 ming so‘mgacha yetkazdik.

Ertaga 4 ming so‘m narx qotib qolmaydi, narxlar bundan ham pastga tushishiga aminman. Narxning o‘ynashini oldini olish maqsadida xomashyo konyunkturasi juda ham yaxshi bo‘ldi. Aprel oxiri – may boshida brentning narxi 22-25 dollar bo‘lgan payt «O‘zbekneftgaz» tomonidan 200 ming tonnadan ortiq xomashyo import qilindi. Hozirgi kunda zavodlarimizda, neft bazalarimizda 300 ming tonnaga yaqin tayyor mahsulot mavjud. Bu tayyor mahsulotlarning tannarxi nisbatan past, chunki biz buni arzon xomashyo hisobidan ishlab chiqarganmiz.

Keyinchalik yilning oxirigacha neftning narxi oshib ketadimi, konyunktura o‘zgaradimi – bu narxni bir maromda saqlab turishga harakat qilamiz.

Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, neft-gaz korxonalari, ayrim neftni qayta ishlash zavodlari yirik soliq to‘lovchilar hisoblanadi. O‘rtacha 4 ming so‘m narxda o‘rta hisobda 1000 so‘m soliq ham qo‘shilgan. Bu, o‘z navbatida, budjet to‘lovlariga ham ta'sir qiladi.

– Neft-gaz sanoati bo‘yicha erkin bozor sharoitiga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Erkin bozor sharoitida iste'molchida tanlov imkoniyati bo‘lishi, kimning mahsuloti arzon, sifatli bo‘lsa, o‘zi tanlashi kerak emasmi? O‘zbekistonda ham o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari, ham import qilinayotgan benzin sotilsa, o‘zaro raqobat bo‘lsa, bundan oddiy odamlar yutmaydimi? Ichki bozor bunday sun'iy himoya qilinadigan bo‘lsa, uning yashovchanligi qanday bo‘ladi?

– Bozorda raqobat muhiti yaratilishining birinchi tarafdori bizmiz. Buni sun'iy deb ham aytib bo‘lmaydi, chunki boshqa davlatlar tomonidan importlarni to‘xtatish, eksportni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘tarilmaganda, hamma bir xil darajada ishlaganda hech qanday muammo bo‘lmasdi. Lekin boshqa davlatlarning o‘z ishlab chiqaruvchisini qo‘llab-quvvatlashi hisobiga raqobat sharoiti o‘sdi. Shuni to‘g‘rilash uchun buni taklif sifatida berganmiz.

Bu – taklif, albatta. U ko‘rib chiqiladi. Har tomonlama hisob-kitob qilib, qabul qilish-qilmaslik masalasi ko‘rib chiqiladi.

– Aytishlaricha, kelgusida yana bir qator markali benzinlarning arzonlashishi kutilayotgan ekan. Odamlarga, iste'molchilarga yengil bo‘ladigan qanday yangiliklar amalga oshirilishi kutilyapti?

– Iste'molchilarga yengil bo‘lishi uchun katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda 91 benzinning narxi yuqori deb aytilyapti, men bu narsa bilan o‘zim shaxsan shug‘ullandim, narxni tushirish bo‘yicha ishlar amalga oshiryapmiz. Keyingi hafta 91 benzin narxini qayta ko‘rib chiqish masalasi kun tartibida turibdi.

Qayta ko‘rib chiqish qanday bo‘ladi? Birja qo‘yadigan narxni tushiramiz. Xuddi shunday tarzda dizel yoqilg‘isi narxlarini maksimal darajada qayta ko‘rib chiqamiz.

Birinchi navbatda, narxning shakllanishi «O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilmaydi. Birjada talab va taklifdan kelib chiqqan holda narx shakllanadi. Lekin «O‘zbekneftgaz» katta ishlab chiqaruvchi bo‘lgani uchun bu talab va taklifga o‘z hissasini, ulushini qo‘shishi mumkin. Va shuning uchun birinchi navbatda neft mahsulotlarini arzon va sifatli yetkazish bo‘yicha harakatlarni amalga oshiramiz.

Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekneftgaz» ishlab chiqarayotgan benzin, dizel yoqilg‘isining sifati past deyiladi. Sifati pastligi bo‘yicha fikr noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki har bitta zavod standart svyazkadan o‘tkazilgan. Har bitta neft bazamizda benzin, dizel yoqilg‘isi zamonaviy laboratoriyalar tomonidan tekshiriladi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda: «Narxlar tushirilayotgani yo‘q, balki hozir AI-80 markali benzin narxi tushirildi, deya AI-76 markali bezin yoki AI-91 benzinning narxi arzonlashdi, deb AI-80 benzin sotilyapti», degan gaplarga ko‘zimiz tushyapti.

— «O‘zbekneftgaz» rais o‘rinbosari sifatida ayta olamanki, mahsulot sifatiga javob beramiz. Sifat bo‘yicha asosli e'tiroz bo‘lsa, «O‘zbekneftgaz» korxonalari tomonidan nafaqat moddiy, ma'naviy zararni qoplashga ham tayyormiz. Chunki zavodlarimiz nafaqat o‘zimizning standartizatsiya organlari tomonidan sertifikatlar qabul qilgan, bundan tashqari, xalqaro sertifikatlari ham mavjud. Men sizga ularni alohida elektron ko‘rinishda yuboraman. [Suhbatimizni] ko‘rayotganlarda «og‘izda aytiladi, lekin aslida ular yo‘q», degan fikr bo‘lmasligi uchun sertifikatlarning nusxasini sizga taqdim etaman.

Sifat masalasiga katta e'tibor beramiz. Har bitta zavoddan chiqadigan partiyaga nazorat tizimi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, 70dan ortiq «UNG PETRO» MChJga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud. Biz ham hozir xaridor uchun bozorda kurashyapmiz, buni ochiq aytish kerak. «UNG PETRO» orqali chakana savdo ketadi, sifatni saqlab qolish uchun 4ta maxsus guruh, maxsus laboratoriyalar mavjud.

Har bitta zapravkada har hafta sifat bo‘yicha analiz qabul qilinadi, mavjud qoldiqlar tekshiriladi, kunlik tekshirish amalga oshiriladi.

«UNG PETRO» MChJga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida shunday holatlar bo‘lsa, buni joyiga chiqib, o‘rganish tarafdorimiz. Boshqa kompaniyalar bilan raqobatlashish harakatini qilyapmiz.

– Deylik, iste'molchi benzin sifatidan shubhalandi, bu bo‘yicha qay tarzda sizlarga tezda xabar berishi mumkin? Telegram-bot yoki ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yilganmi?

– Ishonch telefonlari ham (71 200-01-24), Telegram-bot ham mavjud. Shubhali holat paydo bo‘lganda, operativ tarzda laboratoriyani joyiga yuborib, kerak bo‘lsa, o‘sha iste'molchi bilan birgalikda masalani joyida o‘rganib chiqib, joyida xulosasini chiqaramiz.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid