YeOIIga a'zolik, o‘zgarayotgan soliq siyosati va stavkalar - Mubin Mirzayev bilan suhbat
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi joriy yil yakuniga qadar soliq stavkalari unifikatsiya qilinishi haqida xabar bergandi. Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ushbu masalada batafsil ma'lumot berdi.
Mirzayev Kun.uz'ga bergan intervyusida soliqlarni unifikatsiya qilish nima ekani va u nega zarurligi haqida mulohazalarni bildirdi.
«O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyaga kirishishi lozim. Bu Jahon savdo tashkiloti yo YeOII bo‘ladimi, ularning bitta talabi bor: aksizosti tovarlarga aksiz solig‘i joriy etildimi, ichki bozordagi stavka import tovarlarga nisbatan past bo‘lmasligi kerak. Ya'ni stavkalar deyarli bir xil bo‘lishi lozim. Masalan, mahalliy tamaki ishlab chiqaruvchilar sigaretning ming donasi uchun taxminan 14 dollar aksiz solig‘i to‘laydi. Shu miqdorda import qilingan sigaret uchun 45 dollar aksiz solig‘i to‘lanadi», – deydi u.
Mubin Mirzayevning bildirishicha, aksizosti tovari bo‘lmagan 188 turdagi mahsulotni O‘zbekistonga import qilishda aksiz solig‘i joriy qilingan.
«Xalqaro iqtisodiy integratsiyalarning talabi shuki, import tovarga qo‘yilgan aksiz solig‘i ichki bozorda tayyorlanadigan mahsulotga qo‘yilishi lozim. Yoki ularning har ikkisi aksiz solig‘idan ozod qilinishi kerak. Mana shu unifikatsiya», – deya qo‘shimcha qildi Mirzayev.
Aksiz soliqlarni unifikatsiya qilish orqali shu paytga qadar qimmat bo‘lgan ayrim import tovarlar narxi tushishi mumkin. Shuningdek, ichki bozorda tayyorlanadigan tovarlarning narxi ham ko‘tarilishi mumkin.
«Bu bir kun, bir oyda yuz bermaydi. Masalan, YeOIIga a'zo bo‘lsak, keyingi uch yilda ichki va tashqi aksiz stavkalarni birlashtirish, keyingi 5-6 yilda esa tashkilot stavkasi miqdoriga yaqinlashtirish kerak bo‘ladi. Shunda 8-10 yil soliq stavkalarini birlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi», – deydi u.
Mubin Mirzayev suhbat davomida soliq tushumlari dinamikasi, pandemiyada soliq yukining YaIMga ta'siri hamda tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar bo‘yicha fikrlarini aytdi. Shuningdek, u mahalliy hokimiyatning soliq to‘lovchiga sun'iy muammo paydo qilishi, quyi soliq organlarining noto‘g‘ri ishlashini tanqid qilib, vaziyatga baho bergan.
Intervyuni Youtube to‘liq formatda tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
14:38 / 07.11.2024
«Turkiy davlatlar tashkiloti YeOIIga raqobatchi bo‘ladi» – qirg‘iz siyosatshunosi
22:40 / 19.10.2024
Million dollarlik litsenziya, YeOIIga rad javobi va 2x YaIM prognozi - hafta dayjesti
21:12 / 17.10.2024
O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi - Akmal Saidov
20:26 / 09.10.2024