O‘zbekiston | 23:23 / 03.06.2020
7131
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko prezident saylovlari arafasida Belarus hukumatini iste'foga jo‘natdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko amaldagi hukumatning iste'fosi haqidagi farmonni imzoladi. 

Foto: tut.by

Bundan oldin, 3 iyunda o‘tgan yig‘ilishda Lukashenko yangi hukumat tarkibi bo‘yicha taklifni muhokama qilgan. Yig‘ilishda Belarus kengashi (parlamentning yuqori palatasi) raisi Natalya Kochanova, vakillar palatasi (quyi palata) raisi Vladimir Andreychenko, prezident ma'muriyati rahbari Igor Sergeyenko va xavfsizlik kengashi davlat kotibi Andrey Ravkov ishtirok etgan.

Lukashenko vazirlar mahkamasi tarkibini tubdan o‘zgartirish niyatida emasligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, hukumatdan iqtisodiy inqiroz vaqtida o‘z ish hajmini uddalay olmayotganlargina boshqa ishga yo‘naltirilishi kerak. Lukashenko gap aynan kimlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

Belarus prezidenti “hukumat o‘zgarishi vaqtida inqilob yuz berishini kutish kerakmasligini” aytgan. Uning aytishicha, bu barcha davlatlar koronavirus pandemiyasi sababli to‘qnash kelgan iqtisodiy inqiroz sharoitida noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lardi.

Lukashenko 9 avgustda mamlakatda o‘tadigan prezident saylovlari oldidan yangi hukumatni shakllantirishini may oxirida e'lon qilgandi.

9 avgustda Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi belgilangan. 1994 yildan beri Belarusni uzluksiz boshqarib kelayotgan Lukashenko saylovlar halol va adolatli o‘tishini aytgan. Hozirda Lukashenkoning 5-prezidentlik muddati davom etmoqda va u 2020 yilda yakuniga yetadi. Lukashenko 2001, 2006, 2010 va 2015 yillarda o‘tgan saylovlarda 75 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan. 

May o‘rtasida Belarus markaziy saylov komissiyasi prezident lavozimiga 14 nomzodning tashabbus guruhlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uni qo‘llab-quvvatlovchi 100 ming imzo to‘plash lozim. Lukashenkoning o‘zi esa 6-muddatga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi.

Mavzuga oid