Jahon | 14:02 / 04.06.2020
21609
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha bakteriyalarni yo‘q qila oluvchi antibiotik yaratildi

AQShning Prinston universiteti olimlari antibiotiklarga eng chidamli bo‘lgan bakteriyalarni ham yo‘q qila oladigan birikmani topishdi. Ular olib borgan tadqiqot natijalari Cell nashrida e'lon qilingan.

Foto: EPA

SCH-79797 deb nomlangan bu birikma qo‘sh ta'sirga ega: u bir vaqtning o‘zida bakteriya devorlarini teshib o‘tib, ular hujayralaridagi foliy kislotasini yemira oladi. Shu bilan birga bakteriyada birikmaga qarshi chidamlilik ishlab chiqilmaydi.

Ta'kidlanishicha, oxirgi 30 yil ichida grammanfiy bakteriyalarni o‘ldira oladigan birorta yangi dori vositasi ishlab chiqilmagan. Bu bakteriyalarning grammusbat bakteriyalardan asosiy farqi shundaki, grammanfiy bakteriyalar ularni ko‘plab antibiotiklardan himoyalovchi tashqi qatlam bilan himoyalangan.  

Tadqiqot rahbari professor Zemerom Gitayning ta'kidlashicha, SCH-79797 birikmasi bir vaqtda ham sirtdan, ham ichkaridan hujum qilib, eng kuchli bakteriyalar – Escherichia coli ichak tayoqchasidan tortib barcha ma'lum antibiotiklarga chidamli bo‘lgan stafilokokk va gonokokkgacha bo‘lgan bakteriyalarni yo‘q qila oladi. Professor birikmani “uchi zaharlangan nayzaga” qiyoslagan.

“Bu ham grammusbat, ham grammanfiy bakteriyalarga hech qanday qarshilikka uchramay ta'sir qiladigan birinchi antibiotikdir. Biz kelgusida bu birikma yangi turdagi antibiotiklar paydo bo‘lishiga olib kelishiga umid qilmoqdamiz”, deb aytgan Gitay. Uning aytishicha, birikma “irrezistin” deb nomlangan.

Antibiotiklarning asosiy muammosi shundaki, bakteriyalar ularga qarshi rezistentlik (chidamlilik) ishlab chiqaradi. Olimlarning ta'kidlashicha, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, birorta bakteriya SCH-79797’ga qarshilik qila olmagan. Ularning ta'kidlashicha, bu orzudagi doriga o‘xshaydi – bakteriyalarga qarshi samarali, o‘ziga chidamlilikni shakllantirmaydigan va shu bilan birga odamlar uchun xavfsiz bo‘lgan antibiotik. 

Odatda yangi antibakterial vositani ishlab chiqish quyidagi tarzda kechadi: olimlar bakteriyalarni o‘ldiruvchi molekulani topishadi, mikroorganizmlarning bir necha avlodini yetishtirib, ularning olingan molekulaga chidamlilikni qanday ishlab chiqishini kuzatishadi, so‘ngra molekulaga tegishli o‘zgartirish kiritishadi. Biroq yuqoridagi vaziyatda hech narsani o‘zgatirishga hojat bo‘lmagan, chunki vositaga qarshi chidamlilik ishlab chiqilmagan. Biroq olimlar oldida boshqa vazifa - o‘z hamkasblari va mutaxassislarga birorta bakteriya haqiqatan ham yangi birikmaga qarshilik ko‘rsata olmasligini isbotlash vazifasi paydo bo‘lgan.

Tadqiqotchilar shu maqsadda 25 kun davomida bakteriyalarni qayta-qayta birikma ta'siriga uchratishgan. Bakteriyalarning yangi avlodi har 20 daqiqada paydo bo‘lishi sababli, mikroblar chidamlilik ishlab chiqishga millionlab imkoniyatga ega bo‘lgan, biroq buni qilmagan. Olimlar taqqoslash uchun qo‘llashgan boshqa antibiotiklarga bakteriyalarda tezda chidamlilik hosil bo‘lgan. 

Olimlar o‘z tajribalari uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti omborlaridan Neisseria gonorrhoeae gonokokkining eng chidamli shtammini ham olishgan. Ushbu shtamm davolanishi eng qiyin bo‘lgan 5 ta mikorbdan biri hisoblanadi. Irrezistin uni ham yenga olgan.

“So‘zak (gonoreya) doriga chidamlilik borasida katta muammo hisoblanadi. Insoniyatda uni davolash uchun samarali dori vositasi qolmagan. Avval himoyaning oxirgi chizig‘i bo‘lgan, favqulodda vaziyatda qo‘llangan dori hozirda unga qarshi ishlamaydi”, deb aytgan professor Gitay.

Olimlar irrezistin Neisseria gonorrhoeae’ga chalingan sichqonlarni samarali davolashini namoyish qilishgan.

Mavzuga oid