Sport | 17:15 / 04.06.2020
7029
6 daqiqa o‘qiladi

«Xavinesta». Farqlar va o‘xshashliklar

Foto: Getty Images

Bir paytlar futbolda «Xavinesta» iborasi bo‘lardi. Birgalikda jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan bu ikki futbolchi shu darajada e'tiborli juftlik bo‘lgandilarki, hatto ularsiz Messi ham o‘rtamiyona futbolchi, deb yuboradiganlar bo‘lgandi. Shubhasiz, ba'zilar tomonidan, futbol tarixidagi eng kuchli jamoa deb tan olinadigan 2009-2012 yillardagi «Barselona» ham asosan mana shu ikki futbolchining yelkasida turardi.

Rus blogeri Stanislav Rinkevich bu futbolchilar aslida bir xilmi yoki farqli, ularni qanday eslab qolishimiz va yoshlarga qanday hikoya qilib berishimiz kerakligi haqida yozdi.

«O‘ylashimcha, Xavi va Inesta tarixga duet sifatida kiradilar. Vaqt o‘tgan sari ularni alohida eslash kamayib boraveradi. Bu futbolchilarni Vikipediya ma'lumotlari yoki internetdagi lavhalar orqali biladiganlar haqida aytganda. Ularning o‘yinini ko‘rmagan, xuddi shunday shaklda biladigan jurnalistlar, tabiiyki, duet sifatida aytib berishlari tabiiy, chunki o‘ziga xos jihat bor - akademiyaning ikki tarbiyalanuvchisi klubda 6 va 8, terma jamoada esa, 8 va 6 raqamlarda to‘p surib, yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib oladilar. Aksariyat hollarda, bu duet Messi haqidagi hikoyalarda ko‘p tilga olinadi - «Xavinestasiz Messi bo‘lmas edi» deb yozishadi ular. 

Aslida esa, Xavi va Inesta butunlay farqli bo‘lgan va turlicha yo‘lni bosib o‘tgan ikki futbolchidir. 

Xavi - o‘z vaqtida Gvardiolaga o‘rinbosar sifatida qaralgan, hatto akademiyada yurgan chog‘idayoq, o‘zi haqida shunday gapirishlariga majbur qilgan. Ammo asosiy faoliyatini u soyada o‘tkazdi. Hamma eslab qolgan Xavi - «Oltin to‘p»ga da'vogar bo‘lgan, qoplab golli uzatmalarni amalga oshiradigan futbolchi. Bu Xavining cho‘qqisi. Bu cho‘qqiga esa, aynan Gvardiola yaratgan tizim yordamida chiqqandi. Aynan Gvardiola davrida Xavi soyadan chiqdi va e'tiborga sazovor bo‘ldi.

28 yoshgacha u ancha orqaroqda, deyarli tayanch yarim himoyachida to‘p surgan. Raykaard davrida hatto u «Barselona»ni tark etish haqida o‘ylagandi. Chunki uning maydondagi pozitsiyasi futboldan zavq olish imkonini bermayotgandi. 

Qisqa qilib aytganda, Xavining hikoyasi shuki, u uzoq vaqt bir xil musiqani chalib yurgan, ammo qachondir, o‘sha musiqa urfga aylanib, mashhur bo‘lib ketgan musiqachini eslatadi.

Inesta esa, boshqa, ko‘proq «jim yursang, uzoqroqqa borasan» maqolini eslatib yuboradi. Bu tomondan u Xavidan ko‘ra, Messiga o‘xshab ketadi. Ancha kamtar bo‘lgan, lekin futbolni tushunishi bilan jamoasi uchun juda muhim o‘yinlarni yutib bergan qahramon. Bir qaraganda, u qadar ko‘zga tashlanuvchi harakatlar qilmaydi, lekin terma jamoa bilan hammasini yutgan. U qadar urf emasdir, lekin hamma yaxshi ko‘rgan. «Barselona»da uni «bazmlar qiroli» deb ham atashar edi.

Qizig‘i, uning gollari - aynan u «Chelsi»ga qarshi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida barchasining oyog‘ini osmondan qilib yuborgan zarbani ijro etgandi.

U Niderlandiya darvozasiga jahon chempionati finalida hal qiluvchi golni urgan.

Xuddi Messi kabi, Inesta ham, yoshi katta bo‘lgachgina, sardorlik qila boshladi, o‘shandagina uni biz janjallarga aralashgan, jamoadoshlarining yonini olgan holatda ko‘rdik. Shu tomoni bilan u Xavidek provakator emas, shuning uchun Ispaniyaning barcha stadionlarida olqishlanadi. 

Ularning kuchi o‘zaro tushunishda edi. Ular haqida «farqli bo‘lganliklari uchun ham zo‘r bo‘lishgan» yoki «xuddi siam egizaklaridek» deb baholab yuborishdan tiyilish kerak. Ularning o‘xshashliklari shunda ediki, futbolni bir xil ko‘rardilar, jamoaga o‘ynardilar va to‘p bilan o‘ta nozik muomala qila olardilar.

Lekin agar Xavini «jarayon» deb ataydigan bo‘lsak, Inesta - natija. Xavi asosan o‘yinlarning «Barselona» tashabbusi ostida o‘tishini ta'minlashga javob berardi. U xuddi 90 daqiqa diktant davomida o‘quvchilarga matnni aytib berib turadigan ona-tili o‘qituvchisiga o‘xshaydi. O‘xshatishni davom ettirsak, Inesta so‘nggi partada o‘tiradigan va olimpiada paytlarida to‘g‘ri javobni hammadan oldin topib qo‘yadigan o‘quvchi. Javob ham ko‘pincha, kutilmagan, noan'anaviy yo‘l bilan topiladi, deyish ham mumkin».

Mavzuga oid