Professional ta'lim muassasasida sirtqi va kechki ta'lim qanday tartibda tashkil etilishi ochiqlandi
Professional ta'lim muassasasida sirtqi va kechki ta'limni tashkil etish tartibi tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining “Professional ta'lim muassasasida sirtqi va kechki ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Professional ta'lim muassasasida sirtqi ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, professional ta'lim muassasalarida sirtqi ta'lim tizimida professional ta'lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.
Sirtqi ta'lim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi shakl, ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) berishning sirtqi shakli.
Sirtqi ta'limga o‘quvchilarni qabul qilish:
sirtqi shaklda – umumiy o‘rta (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti yoki Ta'limning xalqaro standart tasniflagichining kamida 3-darajasiga mos ta'lim dasturlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjat;
ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) berishning sirtqi shaklda – bir kasb yoki mutaxassislik doirasida ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar)ni egallash uchun tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha ta'lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatga ega shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Sirtqi ta'limda o‘qish muddatlarini belgilashda kunduzgi ta'lim shaklidagi tegishli ta'lim dasturlari bo‘yicha jami o‘quv yuklamaning kamida 30 foiz miqdoridagi soatlar hajmini bevosita professional ta'lim muassasasida o‘qitish va qolgan qismini mustaqil ta'lim shaklida o‘zlashtirish hisobga olinadi.
Sirtqi shaklda – o‘qish muddati tegishli kasb yoki mutaxassislikning kunduzgi ta'lim shaklining ta'lim dasturlarida belgilangan muddatdan kam bo‘lmagan holda belgilanadi.
Ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) sirtqi shaklda – o‘qish muddati o‘quvchilarning oldingi ta'lim olgan dasturlarni ko‘rib chiqqan holda kasblarning o‘quv rejasida mazkur kvalifikatsiyalarni o‘zlashtirish uchun ajratilgan soatlardan kelib chiqib belgilanadi.
Sirtqi ta'lim o‘quvchilariga o‘quvchilik guvohnomasi beriladi.
Professional ta'lim muassasalarida sirtqi ta'lim o‘quvchilari o‘quv adabiyotlar va materiallar bilan ta'minlash va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish professional ta'lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Sirtqi ta'lim o‘quvchilari professional ta'lim muassasasining tegishli o‘quv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi hamda o‘quv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan foydalanadi.
Sirtqi ta'limda o‘quv jarayoni kunduzgi ta'lim uchun ta'lim sohalarining tegishli ta'lim standartlari, malaka talablari asosida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan (modul) dasturlari asosida tashkil etiladi.
Sirtqi ta'limda kasblar yoki mutaxassisliklar o‘quv jarayoni grafigi, ishchi o‘quv rejasi va fan dasturlari professional ta'lim muassasasi direktori tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi. O‘quv jarayoni grafigida semestrlar ko‘rsatiladi.
Sirtqi ta'lim o‘quvchisi uchun qoidaga ko‘ra o‘quv jarayoni grafigining birinchi va ikkinchi haftasida bevosita professional ta'lim muassasasida o‘quv jarayoni bilan dastlabki tanishtiruv hamda semestr davomida o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha qisqacha ma'ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. O‘quvchilarga mavzular bo‘yicha topshiriqlar va ularni bajarish yuzasidan metodik ko‘rsatmalar beriladi.
O‘quv sessiyasigacha bo‘lgan muddatda sirtqi ta'limda o‘qish mustaqil, jumladan, masofadan turib ta'lim olish shaklida amalga oshiriladi.
Bunda o‘quvchi metodik ko‘rsatmalardan foydalangan holda semestr uchun rejalashtirilgan fanlarning dasturlarida belgilangan mavzularni mustaqil o‘zlashtiradi.
O‘quvchi fan (modul) bo‘yicha topshiriqlarni bajargandan so‘ng, uni fan o‘qituvchisiga belgilangan muddatlarda (odatda, masofadan turib Internet orqali) yuboradi hamda qayddan o‘tkazadi. Fan o‘qituvchisi o‘quvchi yuborgan materiallarni tekshirib, oraliq ishi sifatida baholaydi. Fan o‘qituvchisi mavzular bo‘yicha navbatdagi topshiriqlar va ko‘rsatmalarni yuborishi, shuningdek, onlayn rejimida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishi mumkin.
Sirtqi ta'lim o‘quvchisi har bir semestr davomida bir marta professional ta'lim muassasasiga o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. Buning uchun unga o‘quv sessiyasi boshlanishiga qadar (kamida 10 kun oldin) belgilangan shaklda xabarnoma yuboriladi.
O‘quv sessiyasi davomida:
o‘quvchi semestr uchun berilgan topshiriqlarni himoya qiladi. Fan (modul) bo‘yicha barcha topshiriqlar ijobiy baholangan taqdirda o‘quvchiga fan (modul) bo‘yicha yakuniy baholashga kirish huquqi beriladi;
fan (modul)lar bo‘yicha yakuniy baholashlar o‘tkaziladi;
navbatdagi semestr davomida o‘qitiladigan fan (modul)lar qisqacha (ishchi o‘quv rejasida belgilangan hajmda) ma'ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari orqali tanishtiriladi. Ushbu mashg‘ulotlar o‘quvchiga navbatdagi semestr davomida fanlarni o‘zlashtirishi va topshiriqlarni bajarishi uchun asosiy va qo‘shimcha adabiyotlar bilan ishlash usullari va texnologiyalarini o‘rgatishga qaratiladi. Mavzular bo‘yicha topshiriqlar bilan ularni bajarish yuzasidan metodik ko‘rsatmalar beriladi.
O‘quv sessiyasi davomida o‘tkaziladigan ma'ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlarida ilg‘or usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh bo‘lib hal etish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi.
Sirtqi ta'limda o‘quvchi tasdiqlangan ishchi o‘quv rejasidagi barcha o‘quv fan (modul)larini o‘zlashtirishi shart. O‘quvchilar bilimini baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Sirtqi ta'limda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi.
Oraliq baholashning mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari hamda soni (bir o‘quv semestri davomida ikki martagacha) har bir fan bo‘yicha sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim uchun tayyorlangan ishchi fan (modul) dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat bo‘ladi:
kurs (loyihasi) ishi;
nazorat savollari va topshiriqlari;
test-sinov savollari;
keyslar, mashqlar, misol va masalalar;
tajriba natijalari;
ishlab chiqarish muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar;
hisob-jadval ishlari va boshqalar.
Oraliq baholash masofaviy aloqa orqali onlayn rejimida o‘tkazilishi ham mumkin.
Sirtqi ta'lim o‘quvchilarining malakaviy amaliyotlari ishchi o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (ta'lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan holda) o‘quvchining ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda o‘tkaziladi.
Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti o‘quvchining ish joyi ta'lim olayotgan kasbi yoki mutaxassisligi (kvalifikatsiyasi)ga mos bo‘lmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan o‘quvchilar uchun barcha malakaviy amaliyotlar professional ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan obektda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Malakaviy amaliyotlarning hisobotlari o‘quv sessiyasi davrida belgilangan tartibda himoya qilinadi.
Muayyan kursdagi fan (modul)larni to‘liq o‘zlashtirgan o‘quvchi professional ta'lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan keyingi kursga o‘tkaziladi.
Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, og‘ir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fan (modul)larni belgilangan muddatlarda o‘zlashtira olmagan o‘quvchilarga muddati qo‘yilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli direktor o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi va undagi muddat navbatdagi o‘quv yiliga o‘tmasligi lozim.
Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan o‘quvchi qayta o‘qish uchun kursda qoldiriladi. O‘quvchi birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, o‘quvchilar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik ta'til berilgan holatlar bundan mustasno.
Sirtqi ta'limda har bir o‘quvchi uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda professional ta'lim muassasasidagi faoliyatining to‘liq monitoringi yuritilib, quyidagi ma'lumotlar aks ettiriladi:
oraliq ishlarining bajarilishi;
oraliq va yakuniy baholashlar natijalari;
kursdan kursga o‘tganligi;
bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha baho;
davlat attestatsiyasi baholari.
Sirtqi ta'limda davlat attestatsiyasi kunduzgi ta'lim shakli uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Sirtqi ta'lim o‘quvchilariga o‘quv sessiyasida ishtirok etish uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha oylik maoshi saqlangan qo‘shimcha ta'til beriladi. Kursda qoldirilgan o‘quvchilarga esa haq to‘lanmaydigan taklif xabarnomasi beriladi.
Sirtqi ta'lim bitiruvchisiga yakuniy davlat attestatsiyalaridan o‘tish, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun o‘quv jarayoni grafigida belgilangan muddatlarda ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha maoshi saqlangan qo‘shimcha ta'til beriladi.
Bitiruv malakaviy ishini yakunlash davrida bitiruvchi xizmat qilayotgan muassasa unga 30 kalendar kunlik maoshi saqlanmagan qo‘shimcha ta'til berishi mumkin.
Professional ta'lim muassasasida kechki ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, professional ta'lim muassasalarida kechki ta'lim tizimida professional ta'lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.
Kechki ta'lim quyidagi shakllarda olib boriladi: kechki shakl, ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) berishning kechki shakli.
Kechki ta'limga o‘quvchilarni qabul qilish:
Kechki shaklda – umumiy o‘rta (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti yoki Ta'limning xalqaro standart tasniflagichining kamida 3-darajasiga mos ta'lim dasturlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjat;
ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) berishning kechki shaklda – bir kasb yoki mutaxassislik doirasida ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar)ni egallash uchun tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha ta'lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Kechki ta'limga o‘quvchilarni qabul qilish, o‘quvchilar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash va o‘qishni ko‘chirish qonun hujjatlarida belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Kechki ta'limda o‘qish muddati tegishli kasb yoki mutaxassislikning kunduzgi ta'lim shakli ta'lim dasturlaridagi umumiy o‘quv yuklamani hisobga olgan holda o‘quv rejada belgilangan haftalik yuklama hamda o‘quv jarayoni grafigidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Kechki ta'limga kirgan shaxslarga o‘quvchilik guvohnomasi beriladi.
Professional ta'lim muassasalarida kechki ta'lim o‘quvchilari o‘quv adabiyotlar va materiallar bilan ta'minlash va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish professional ta'lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kechki ta'lim o‘quvchilari professional ta'lim muassasasining tegishli o‘quv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda o‘quv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan foydalanadi.
Kechki ta'limida o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash kunduzgi ta'lim uchun amaldagi bo‘lgan me'yorlar asosida hal etiladi.
Kechki ta'limdan sirtqi ta'limga hamda kechki ta'limning bir ta'lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kechki ta'limda o‘quv jarayoni kunduzgi ta'lim uchun ta'lim sohalarining tegishli ta'lim standartlari, malaka talablari asosida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan (modul) dasturlari asosida tashkil etiladi.
Kechki ta'limning tegishli kasb va mutaxassisliklari ishchi o‘quv rejasi va fan(modul) dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan(modul) dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda professional ta'lim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Kechki ta'limda o‘quv jarayoni grafigi professional ta'lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Kechki ta'limda o‘quv jarayoni bir o‘quv yilida ikki semestrli bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish kunduzgi ta'lim bilan bir xil tartibda tashkil etiladi.
Kechki ta'lim o‘quvchisi tasdiqlangan ishchi o‘quv rejasidagi barcha o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi shart.
Kechki ta'limda o‘qish odatda kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashg‘ulotlari (ma'ruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda o‘quvchilarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, jumladan, masofadan turib o‘qitish shaklida amalga oshiriladi.
O‘quv mashg‘ulotlarining ayrim qismi professional ta'lim muassasasi hamda o‘qituvchilarning vaqt va imkoniyatlarini inobatga olgan holda o‘quvchilarning mehnat faoliyati smenasiga muvofiqlashtirilib kunning birinchi yarmida ham tashkil qilinishi mumkin. Bunda guruh o‘quvchilarining o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkoniyati hisobga olinadi.
Kechki ta'limda o‘qish (kunduzgi ta'limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, 4-5 kun amalga oshiriladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 soatdan ortmaydi.
Kechki ta'limda ma'ruza o‘qish, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishda ilg‘or usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh bo‘lib yechish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi.
Kechki ta'limda o‘quvchilar bilimini baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Kechki ta'limda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi.
Oraliq ish mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari har bir fan bo‘yicha tayyorlangan ishchi fan (modul) dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat bo‘ladi:
kurs (loyihasi) ishi;
nazorat savollari va topshiriqlari;
test-sinov savollari;
keyslar, mashqlar, misol va masalalar;
tajriba natijalari;
ishlab chiqarish muammolarini yechishga yo‘naltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar;
hisob-jadval ishlari va boshqalar.
Kechki ta'lim o‘quvchilarining o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlari o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda o‘quv jarayoni grafigiga muvofiq amalga oshiriladi. Odatda, ishlab chiqarish amaliyoti o‘quvchining ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda o‘tkazilishi mumkin.
Ishlab chiqarish amaliyoti joyi kasb yoki mutaxassislikka mos bo‘lmagan holda, ushbu amaliyotlar professional ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan obektda o‘tkaziladi.
Muayyan kursdagi fan (modul)larni to‘liq o‘zlashtirgan o‘quvchi professional ta'lim muassasasi direktori buyrug‘i bilan keyingi kursga o‘tkaziladi.
Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, og‘ir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fan (modul)larni belgilangan muddatlarda o‘zlashtira olmagan o‘quvchilarga muddati qo‘yilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli direktor o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi, undagi muddat navbatdagi o‘quv yiliga o‘tmasligi lozim.
Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan o‘quvchi qayta o‘qish uchun kursda qoldiriladi. O‘quvchi birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, o‘quvchilar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik ta'til berilgan holatlar bundan mustasno.
Kechki ta'limda har bir o‘quvchi uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda professional ta'lim muassasasidagi faoliyatning to‘liq monitoringi yuritilib, quyidagi ma'lumotlar aks ettiriladi:
oraliq ishlarining bajarilishi;
oraliq va yakuniy baholashlar natijalari;
kursdan kursga o‘tganligi;
bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha baho;
davlat attestatsiyasi baholari.
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024