Jamiyat | 15:51 / 09.06.2020
15485
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ta'miri chala tashlab ketilgan maktab ikki yildan beri xarob ahvolda qolmoqda

Tan olish kerak, shu vaqtgacha aynan Samarqand shahrida abgor maktablar borasida shikoyatlar bo‘lmagan edi. Shu sabab «shahardagi 47-umumta'lim maktabi ikki yildan xaroba ahvolda» mazmunidagi murojaat avvaliga bizni taajjublantirdi.

Afsuski, murojaatchi haq, maktabning bir necha binosi mana shu ahvolda ekan:

Bir qaraganda, eshik derazalar qo‘porilgan, suvoqlar ko‘chirilgan bu binoda ta'mir ketayotgandek ko‘rinadi. Ammo bu ta'mirning boshlanganiga ikki yil bo‘lgan.

Shuncha vaqt maktabning bir nechta binosi ta'miri chala holida qolib ketgani uchun bu yerda ta'lim olishning imkoni yo‘q. Ta'miri nihoyasiga yetkazilgan bitta bino maktab ehtiyoji uchun yetarli emas.

Ya'ni maktabning 450 o‘rinli o‘quv binosi hamda obektning sport va faollar zali, oshxona binolari, yordamchi xonalarda ta'mirlash to‘xtab qolgan. Eshik va derazalar qo‘parib olingan. Binoning tom qismi va hojatxonada esa ta'mirlash boshlanmagan ham.

Nima sababdan maktabda ulkan ta'mirlash ishlari boshlangan-u, oxiriga yetmay qolib ketgan?

Samarqand shahar hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 iyundagi «Samarqand viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq o‘sha yili mazkur maktab ta'miri uchun mablag‘ ajratilgan. Buyurtmachi – viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan quruvchi – «Bunyod santex montaj» MChJ hisobraqamiga 2 milliard 493 million so‘m mukammal ta'mirlash ishlari uchun ajratilgan.

Mazkur loyiha asosida maktabning 800 o‘rinli bitta uch qavatli binosi va inshootlari ta'mirlangan. Biroq 2018 yilda mablag‘ yetishmagani sababli maktabning qolgan binolarida ta'mirlash yakuniga yetmagan.

Sodda qilib aytganda, mablag‘ maktabning bitta binosi uchun ajratilgan. Ammo ta'mirlash ishlari negadir boshqa binolarda ham boshlab yuborilgan. Va bu ishlar uchun mablag‘ ajratilmagach, ikki yilki deyarli shu holicha qolib ketgan.

Modomiki, oxiriga yetkazilmas, mablag‘ ajratilmas ekan, bu ta'mir boshlanmasa, eskiroq bo‘lsa ham binolardan foydalanib turish mumkinmasmidi? Nima sababdan qurilish korxonasi boshqa binolarda ham qurilishni ishlarini boshlab yuborib ana shu holatga keltirib qo‘ydi?

Ehtimol, quruvchi tashkilot bu savollarga javob bera olar, ehtimol, qaysidir tashkilotning og‘zaki gapi bilan keyinchalik mablag‘ ajratilishi umidida bu ishlar boshlangan yoxud bu yerda boshqa sabablar bordir. Afsuski, qurilish korxonasi vakillari bilan bog‘lana olmaganimiz uchun savollar ochiq qolmoqda.

Ana shu tarzda bugun Samarqanddek shahardagi bir necha mahalla farzandlari tahsil oladigan katta bir maktabda 28ta sinf xonasi va boshqa muhim inshootlar ta'mirtalab qolmoqda.

Dastlab, 2019 yil yil ta'mirlash rejalashtirilgan bo‘lsa, endilikda maktab ta'miri 2020 yil dasturiga kiritilgani aytilyapti.

Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi holat yuzasidan qator yuqori tashkilotlarga xat bilan murojaat qilgan. Bu maktabga hokimlik mutasaddilari ham, hatto o‘z vaqtida xalq ta'lim vazirligi mas'ul shaxslari ham tashrif buyurib muammodan voqif bo‘lgan. Ammo hamon yechim yo‘q.

Samarqand viloyat hokimligi qurilish bo‘yicha mutasaddilari ayni masala bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, muammoning sababi va yechimi batafsil o‘rganilishi rejalashtirilganini ma'lum qilishdi.

Demak, tez orada ko‘plab savollarga, eng muhimi, maktab qachon to‘liq foydalanishga topshirilishi masalasiga aniqlik kiritilishiga umid qilamiz.

Kun.uz mazkur masala bo‘yicha voqealar rivojini kuzatib boradi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid