Jamiyat | 10:30 / 09.06.2020
6377
3 daqiqa o‘qiladi

«Saxovatli insonlar» loyihasi Farg‘ona vodiysi bo‘ylab besh mingdan ziyod oilaga ehson tarqatdi

O‘zbekistonda karantin joriy etilgach, ko‘plab tadbirkorlar va faollar tomonidan yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, ularga ko‘mak berish maqsadida ko‘plab xayriya aksiyalari tashkil etib kelinmoqda.

Shulardan biri – Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan «Saxovatli insonlar» xayriya loyihasi bugungi kungacha moddiy yordamga muhtoj ko‘plab vatandoshlarimizga ehsonlarni yetkazib bermoqda.

24 martdan Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida xayr-ehson qiluvchilarni birlashtirgan «Saxovatli insonlar» ehson loyihasi tashkil etilgan edi. Bu haqda saytimiz orqali ham ma'lumot bergan edik.

Biz yana bir bor loyiha tashkilotchilaridan Abdug‘affor Ergashev bilan bog‘lanib, ushbu insonparvarlik aksiyasi haqida suhbatlashdik.

«Loyiha tashkil etilganidan keyin Farg‘ona viloyatidagi juda ko‘plab saxovatli insonlar bu loyihani qo‘llab-quvvatlab, moddiy va ma'naviy yordamlarini ayamadilar. Loyiha doirasida shu kunga qadar Marg‘ilon shahri, Qo‘shtepa tumani, Oltiariq tumani, Yozyovon tumani, Farg‘ona tumani, Rishton tumani, Farg‘ona shahri, Qo‘qon shahri, Andijon viloyati va Namangan viloyati bo‘ylab 5000dan ziyod oilalarga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan «Saxovatli insonlar» guruhi Farg‘ona viloyatida ko‘plab urush faxriylari va yoshi ulug‘ nuroniylar holidan xabar oldi.

Undan tashqari, saxovatpesha insonlar ko‘magida 2016 yilda yashab turgan uyi butkul yonib ketgan marg‘ilonlik Yorqinjon Maqsudov xonadonida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, guruh homiylari yordamida yuragida nuqson bilan tug‘ilgan 3 yoshga qadam qo‘yayotgan Tojaliyeva Mehribonuda jarrohlik muolajasini amalga oshirish uchun moddiy yordam berildi.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida suv to‘g‘oni o‘pirilishidan zarar ko‘rgan oilalarga kiyim-kechak va turli uy ro‘zg‘or buyumlari sotib olindi va yetkazildi», deydi Abdug‘affor Ergashev.

Azizlar saxovatli insonlar! Ehson loyihasiga siz ham o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Qilgan ehsonlaringiz vodiy viloyatlaridagi yordamga muhtoj oilalarga yetkaziladi. Qilgan ehsonlaringiz ko‘plab oialarga quvonch va kuch berishini unutmang. Yaxshilik qilishdan charchamang aziz vatandosh.

«Saxovatli insonlar» ehson loyihasi haqida batafsil ma'lumotni Telegram`dagi MehrMargilon guruhidan olish mumkin.

Plastik karta orqali pul tushirmoqchi bo‘lganlar uchun:

8600 3104 8392 1268

Telefon: +998904070307 (Muhammadaziz Toirov)

Mavzuga oid