Jamiyat | 17:25 / 09.06.2020
25053
8 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohurda qurilayotgan 16 qavatli uylar: aholi va quruvchi kompaniya bir to‘xtamga kela olmayapti

4 iyun kuni Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahar Shayxontohur tuman Olim Xo‘jayev MFY fuqarolaridan murojaat kelib tushdi.

Unda aytilishicha, Toshkent shahar hokimining 2018 yildagi 1679-sonli qarori bilan, Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasidagi turar-joy binolari buzilishi va yetkazilgan zararni qoplash sharti bilan, «Qurilish montaj Kompressor» MChJga 1,7 gektar yer uchastkasi ajratib berilgan.

Bu maydonda 93ta turar-joy majmuasi joylashgan. Hozirda yakka tartibdagi xonadonlar egalari va tadbirkorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelmoqda.

Mahalla ahlining aytishicha, shahar hokimining 2018 yildagi qarori bilan «Qurilish montaj Kompressor» MChJga ushbu mahalla hududidan 1,7 gektar yer faqat zaxiralash va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun ajratib berilgan.

MChJ tomonidan ikki qavatli turar-joy binolari buzilib, ularning egalari rozi qilingan va yangi uylariga ko‘chirib yuborilgan. Lekin ushbu ajratilgan 1,7 gektar hududga 15ta hovli uy ham kiradi.

«MChJ qaror asosida kelib, ikkita ikki qavatli uy-joyni buzishdi. O‘sha uylarni o‘rniga qurilish qiladi, deb o‘yladik. Lekin tadbirkorlar uylarimizga yaqin joyda qazish ishlarini boshlashdi. Bu uylarimizga ta'sir qildi. Keyin chiqdik. Ma'lum bo‘ldiki, tadbirkorlar 16 qavatdan iborat ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirayotgan ekan.

Bundan xabar topganimizdan keyin hokimiyatga, Adliya vazirligiga va Bosh prokuraturaga xatlar bilan chiqdik. Qurilish ishlari yana boshlandi. Shunda biz mahalladagilar bilan chiqib, qurilishni to‘xtatishni, hujjatlarini ko‘rsatishni so‘radik. Ajratilgan 1,7 gektarda mulki bor aholi bilan kelishib, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagandan keyin qurilishni boshlashini so‘raymiz.

Hammasi qonuniy bo‘lsin. Biz qarshi emasmiz: uylarimiz orqasidan qonun bo‘yicha avariya holatiga kelib qolgan 2 qavatli uylarning o‘rniga, 5 qavatli uy yoki undan yuqori qavatli uylarni qurishsin. Lekin uylarimiz yaqiniga taqab, kotlovan qazishga ularning haqqi yo‘q.

Chunki 1,7 gektarni zaxiralash uchun qaror chiqarilgan. Ular 1,7 gektarni zaxiralamasdan, uylarni buzishga haqqi yo‘q. Hozirda ajratilgan yerning 30 foiziga qurilishni boshlashmoqda. Qolgan 70 foizi bo‘yicha gaplashib, ularni rozi qilish kerak», – deydi murojaatchilardan biri.

Mahalla ahli Toshkent shahar prokuraturasi va Adliya vazirligiga xat bilan chiqqan.

Shahar prokuraturasi 2020 yil fevral oyida MChJ tomonidan mazkur hududda o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari boshlab yuborilganini aniqlab, «Qurilish montaj Kompressor» MChJ rahbariga ushbu ishlarni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish xati bergan.

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qaroriga muvofiq, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman hokimliklari tomonidan olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qaror loyihasi barcha mulkdorlarga tegishli kompensatsiya berilganidan keyin, shuningdek, turar va noturar joylar, ishlab chiqarish hamda boshqa bino va inshootlar amalda to‘liq bo‘shatilganidan so‘ng, ikki ish kuni mobaynida tayyorlanishi belgilab qo‘yilgan.

Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida nizomga ko‘ra, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qaror loyihasi adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi shartligi belgilangan. Toshkent shahar Adliya boshqarmasining 2020 yil fevral oyidagi javob xatida ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilinmagani ma'lum qilingan.

Foto: Adliya vazirligi
Foto: Adliya vazirligi

MChJ: «Qurilishni boshlamadik, faqat tozalash va zaxiralash ishlarini olib boryapmiz»

«Qurilish montaj Kompressor» MChJ vakillari bu hududda qurilish ishlari boshlanmaganini aytishmoqda.

Jasur Usmonaliyev

MChJ direktori o‘rinbosari Jasur Usmonaliyevning so‘zlariga ko‘ra, uy egalarini rozi qilgan holda avariya holatidagi, buzilgan ikki qavatli uylar o‘rnida tozalash ishlari olib borilmoqda.

«Hozirda hech qanday qurilish ishlari boshlangani yo‘q. Faqatgina snosdan bo‘shagan yerlar tozalanib, zaxiraga olinmoqda. Bu joylarga yer osti suvlari yaqin. Suvni qochirish uchun kavlab qo‘yganmiz.

Keyin, fuqarolar rozi bo‘lmaguncha, uylari buzilmaguncha, bu yerdan bir qavat ham ko‘tarmaymiz. Chunki bir qavat ko‘tarish uchun ham qolgan uylarni ham buzishimiz kerak.

Hozir fuqarolarda noto‘g‘ri tushuncha bor. Ya'ni 16 qavatni biz ko‘tarib qo‘ysak, keyin chiqishga majbur bo‘lamiz, degan noto‘g‘ri tushuncha bor. Biz bir qavat ham ko‘tarmaymiz. Chunki bu joyda ishlashimiz uchun ham qolgan uylarni buzishimiz kerak. Fuqarolarga shu narsani tushuntira olmayapmiz», – deydi Jasur Usmonaliyev.

Tuman hokimligi: «Uylarni buzmasdan ko‘p qavatli uylar qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi»

Shayxontohur tuman hokimligining qurilish bo‘limi boshlig‘i Jamshid Ayupovning aytishicha, uylar to‘liq buzilmasdan turib investorlar tomonidan ko‘p qavatli uylar qurilishini boshlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu – qonun bilan himoyalangan.

Jamshid Ayupov

«Qurilish bo‘yicha mahallada yig‘ilish o‘tkazildi. Aholi va tadbirkorlar takliflarni qisman qabul qilishdi. Noroziliklar ham bo‘ldi. 1,7 gektarli yer maydonida 72ta kvartira, 21ta yakka tartibdagi turar-joy bor. Investorlar 21ta kvartirani buzib, yerni zaxiralashdi. Buzilgan kvartiralarning poydevorlarini tozalash ishlari boshlab qo‘yilgan, lekin qurilish ishlarini boshlashga asos yo‘q.

Qachon aholi bilan kelishib, taqdimot o‘tkazishgandan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi. Hozircha ishlar to‘xtatilgan», – dedi Jamshid Ayupov.

Investor va aholi o‘rtasidagi masala qanday hal etiladi?

Ushbu hududda avariya holatidagi ikki qavatli uylar bo‘lgan. Albatta, uy egalari rozi qilinib, ular boshqa joyga ko‘chirilgani va o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi yaxshi. Lekin zaxiralashga ajratilgan hududga hovli uy-joylari ham kiradi.

Hovli egalari esa investorlardan oldin 1,7 gektardagi barcha aholi bilan kelishib, ular rozi qilingandan keyin buzilish va qurilish ishlarini boshlashni talab qilishmoqda. Investorlar esa hududni bosqichma-bosqich zaxiralashni reja qilyapti va hozirda qurilish ishlari boshlanmagani, buzilgan eski uylarning o‘rnini tozalash ishlarini aholi noto‘g‘ri tushunganini ta'kidlashmoqda.

Xullas, hali aholi va investorlar yakuniy bir qarorga kelishmagan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid