Jamiyat | 17:26 / 13.06.2020
134969
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi. 3 nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olingan

2020 yil 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kelib tushgan.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlariga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvdagi ariza yuzasidan fuqaro A.A.ni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

A.A. sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida 01.06.2020 yilda 3 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan JKning 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jabrlanuvchi A.A.ga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 11.06.2020 yilda vafot etgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid