Innovatsion rivojlanish vaziri: «Koronavirusni aniqlash uchun biz ishlab chiqqan test xorijnikidan qolishmaydi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Toshkentdagi Talabalar shaharchasida yangidan barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi binosiga tashrif buyurdi.
Bu yerda nafaqat besh qavatli binoning, balki hovlidagi har bir nuqtada innovatsion g‘oyalar sezilib turadi. Bino birgina vazirlik uchun emas, balki yangi g‘oyalarga qiziqqan har bir inson, ayniqsa talabalar shaharchasidagi ilmni amaliyotda qo‘llash istagida bo‘lgan yoshlar uchun xizmat qilishi mo‘ljallangan.
Yangicha ko‘rinish hosil qilgan binoning birinchi qavatda ko‘rgazmalar zali, o‘ziga xos amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot bo‘limi, elektron kutubxona, qahvaxona, fuqarolar qabulxonasi joylashgan.
Ikkinchi qavatda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish markazi, robototexnika va mexatronika, internet dasturlari bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan. Binoda aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish bo‘yicha o‘quv laboratoriyalar ham faoliyat ko‘rsatadi. Bog‘da favvora, yozgi amfiteatr, taqdimot maydonchalari barpo etilgan.
Davlat rahbari tashrifi doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov jurnalistlarga intervyu berdi. Kun.uz muxbir vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.
«Prezident barcha sharoitni yaratib berdi, endi biz o‘zimizni ko‘rsatishimiz kerak»
– Prezidentimiz sohaga e'tibor qaratib, alohida vazirlik sifatida tashkil etilganimizga 3 yil bo‘ldi. Bizdan ko‘p so‘rashadi – nega ishlaringiz ko‘rinmayapti, deb. Avvalo, surishtirganimizda innovatsiya so‘zini nafaqat oddiy yurtdoshlarimiz, balki olimlarimiz ham har xil tushunishi ma'lum bo‘ldi.
Qolaversa, biz tarqoq faoliyat yuritdik. Davlat rahbarining sohaga oid barcha jarayonni bir joyga jamlash g‘oyasi bilan barcha sharoitlarga ega binoli bo‘ldik. Endi ishlab o‘zimizni ko‘rsatadigan payt keldi. Vazirligimiz bevosita innovatsion g‘oyalar tug‘iladigan joyga – Talabalar shaharchasiga joylashdi.
E'tibor bergan bo‘lsangiz, yangi binomiz xuddi NUJga o‘xshaydi. U xuddi o‘zga sayyoradan kelib shu yerga qo‘nib, endi innovatsion g‘oyalarni o‘ziga jalb qilayotganga o‘xshash ma'no bor bunda.
«Koronavirusni aniqlash uchun biz yaratgan test xorijnikidan qolishmaydi»
– Pandemiya davrida vazirligimiz tomonidan koronavirusga qarshi yaratilgan test 99 foizdan ortiq aniqlikni ko‘rsatdi va bu borada xorij testlaridan qolishmaydi. Lekin biz xorijdan 17 dollarga xarid qilinayotgan testlarni 8 dollardan tayyorlab, Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirdik. Bu testlar amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llanildi.
Hozir bu testlarni takomillashtirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish ustida ishlayapmiz. Ishqilib mahsulotimizga hojat qolmasin, lekin bu kasallikka qarshi kurashda biz ham o‘z hissamizni qo‘shyapmiz.
Natijalarni iqtisodiyotga olib chiqish haligacha muammo
– Men o‘zim olimlar orasida bo‘lganman, boshqaruv sohasida ishlamaganman. FA vitse-prezidenti bo‘lgan paytlarim davlat rahbari eng katta muammomiz ilm-fan natijalarini iqtisodiyotga tatbiq etish ekanini tushuntirganlar. Bu narsa hali ham hamma davlatlarda muammo, juda ham qiyin yechimi. Chunki buni yechishning barchaga to‘g‘ri keladigan aniq bir mexanizmi yo‘q. Qachon bozor bo‘lsa, talab bo‘lsagina ishlanmalar sotiladi.
Ishlanmalar o‘zini qoplamasligi riski tufayli tarmoqlar ularni qo‘llashga qo‘rqadi. Prezident bu narsaga tizimli yondoshmasak bo‘lmaydi, deya topshiriq berganlari ortidan 2017 yilda mana shu joyda Innovatsion rivojlanish vazirligiga tamal toshi qo‘yilgandi.
Tashrif davomida:
- «Mamlakatimiz yuqori texnologik sohalar bo‘yicha dunyodan ortda qolib ketgan. Barcha sohalarni modernizatsiya qilish, jahon bilan hamqadam bo‘lish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etib, shunday sharoitlar yaratdik. Bu jamoa yil yakuni bo‘yicha bu borada aniq amaliy natijalarni ko‘rsatishi kerak», deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
- Prezident videoaloqa orqali vazirlikning «Ilg‘or texnologiyalar markazi» mutaxassislari bilan muloqot qildi. Vazirlikka berilgan vakolat va yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish, ishlanmalarni soha va tarmoqlarga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
21:42 / 22.12.2024
O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi
21:19 / 21.12.2024
Tadbirkor prezidentdan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berishni so‘radi
20:49 / 21.12.2024