Jahon | 16:11 / 17.06.2020
59554
9 daqiqa o‘qiladi

Tomonlar armiyani jangovar holatga keltirgan. Yarimorolda yana nimalar bo‘lmoqda?

16 iyun kuni Shimoliy Koreya harbiylari Keson shahrida joylashgan Koreyalararo aloqa ofisini portlatib yubordi. Vaziyat yana keskinlashgan. Shimolliklar chegara hududiga harbiylarni olib kirmoqchi.

Foto: Kim Hong-Ji / Reuters

Ikki Koreya chegarasidagi portlash
16 iyun kuni Shimoliy Koreyaning Keson shahridagi sanoat kompleksi hududi osmonini quyuq tutun qopladi. Janubiy Koreya birlashuv masalalari bo‘yicha vaziri Kim Yon Chxol mahalliy vaqt bilan soat 14:49da KXDR hukumati Koreyalararo aloqa ofisini portlatgani haqida xabar qildi. Ko‘p o‘tmay rasmiy Pxenyanning ofis butkul yakson etilgani to‘g‘risidagi bayonoti e'lon qilindi.

Seuldagilar barchasi avvaldan rejalashtirilgani va shimolliklar «qasos akti» tayyorlanayotgani haqida oldindan ogohlantirishganini aytishmoqda. Gap KXDR rahbarining singlisi va Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Kim Yo Chjonning so‘zlari haqida ketmoqda. 13 iyun kuni u Janubiy Koreya tez orada chegaradagi foydasiz aloqa bo‘limi yo‘q qilinishiga guvoh bo‘lishi haqida gapirgandi.

Keson Seuldan 50 km masofada joylashgan bo‘lib, harbiy harakatlar boshlangudek bo‘lsa, shimolliklar armiyasining janub bo‘yicha eng asosiy yo‘nalishiga aylanadi, deb taxmin qilinadi.

Shimol va Janub o‘z harbiylarini jangovar holatga keltirdi
Portlash KXDRning chegaradagi harbiylardan xoli hududga o‘z harbiylarini kiritish haqidagi rejasini e'lon qilishidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Koreya xalq armiyasi bosh shtabi bayonotida Pxenyan armiya bo‘linmalarini ushbu hududga qaytarish uchun harakatlar rejasini o‘rganayotgani aytilgandi. Bundan maqsad «front chizig‘ini mustahkam qal'aga aylantirish» va Janubiy Koreya bilan munosabatlarda hushyorlikni oshirish ekani aytilgandi.

Seuldagilar bunga javoban janubiy koreyalik harbiylar jangovar shay holatga keltirilgani haqida ma'lum qildi. Harbiylar tezkor safarbarlik holatiga chaqirilgan. Yetakchi bo‘linmalarga o‘z dislokatsiyalarida qolish buyrug‘i berilgan. Mamlakat mudofaa vazirligi vaziyatga jiddiy yondashayotgani hamda AQSh bilan muvofiqlashgan holda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi. Bundan tashqari, Koreyalararo aloqa ofisining portlatilishidan keyin Janubiy Koreya xavfsizlik xizmatining yuqori martabali amaldorlari ishtirokida favqulodda yig‘ilish chaqirilgan.

Janubiy Koreyaning «Yonhap» axborot agentligi KXDR o‘z harbiylarining harakatlanishi bo‘yicha hech qanday qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etmagani, ammo gap Keson shahri yaqinidagi va Kimgansan tog‘laridagi demilitarizatsiya hududi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Bu hududlardagi harbiylar Janubiy Koreya bilan hamkorlikda turizm va iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun olib chiqilgandi. Bundan tashqari, tomonlar 2018 yilgi kelishuvga ko‘ra, chegaradagi Pxanmunjom qishlog‘i hududidagi postlardan o‘z askarlarini olib tashlagandi.

Endilikda Shimoliy Koreya Kimgansan turistik zonasi va Keson sanoat kompleksiga polk darajasidagi harbiy qismlar, shuningdek, zaruriy o‘tochar bo‘linmalar joylashtiradi. Ularga qo‘yilgan jangovar vazifa — chegaraoldi zonalarini qo‘riqlash hisoblanadi.

«Choson sinbo» nashri yozishicha, Pxenyan Janubiy Koreya chegarasi yaqinida barcha turdagi harbiy mashg‘ulotlarini qayta boshlash niyatida. Oldin chaqirib olingan fuqarolik qo‘riqlov postlari yana demilitarizatsiya zonasiga qaytadi.

Harbiylardan xoli hudud yaqinidagi kuzatuv postidagi shimoliy koreyalik askar, 2016 yil
Foto: Chung Sung-Jun / Getty Images

Shimoliy Koreya o‘tgan haftada Janub bilan barcha aloqalarni to‘xtatgandi
9 iyun kuni KXDR bir tomonlama tartibda qo‘shnilar bilan barcha aloqa kanallarini uzib qo‘ygandi, shu jumladan, ikki davlat harbiy rahbariyati o‘rtasida va oliy rahbariyat o‘rtasidagi maxsus liniya orqali aloqalar to‘xtatilgandi. Shimolliklar Janubiy Koreya hududidan kelgan havo sharlari orqali o‘z hududiga tashviqot varaqalari tashlanishini so‘nggi tomchi deb bildi. KXDR rahbariyati hamisha bunday tashviqot varaqalarini og‘ir qabul qilgan va bir necha marta janublik hamkorlaridan vaziyatga aralashishni so‘ragandi. Pxenyandagilar Seulning xatti-harakatlari «Ikki Koreya munosabatlarini yakuniy nuqtaga olib kelgani», bundan buyog‘iga «Janubiy Koreya rahbariyati bilan muzokaralar stoliga o‘tirishning imkoni qolmagani»ni ta'kidlashdi.

So‘nggi oylarda ikki davlat munosabatlari sezilarli darajada yomonlashdi, chegara hududida esa bir necha marta otishmalar sodir bo‘lib o‘tdi. KXDRdagilar bir necha marta Janubiy Koreya hukumatini chegara orqali tashviqot varaqalari yuborilishiga yo‘l qo‘yish bilan tinchlik tashabbuslarini barbod qilayotgani, shuningdek, AQSh yordamida o‘z armiyasini kuchaytirishni davom ettirayotganini iddao qildi.

KXDR varaqalar uchun qasos olishni va'da qilgandi
15 iyun kuni Pxenyan Janubiy Koreyani faollar tomonidan shimolga havo sharlari orqali yuborilayotgan tashviqot varaqalariga javoban harbiy qasos tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgandi. «Bizning yengilmas inqilobiy armiya xalqimizning haqoratlanishiga javoban qasos aktini amalga oshiradi», deyiladi xabarda.

Bundan ikki kun oldin esa Kim Yo Chjon Pxenyan tashviqot varaqalari yuborilishiga javoban yangi qadam tashlashga tayyorlanayotgani haqida gapirgandi. O‘shanda u Seulni dushman deb atab, «Janubiy Koreya hukumati bilan aloqalarni to‘xtatish vaqti kelganini» aytgandi.

O‘z navbatida, Janubiy Koreya KXDRdan qochib kelganlar tashkiloti — «Shimoliy Koreya ozodligi uchun harakat alyansi»ni Koreyalararo hamkorlik to‘g‘risidagi qonunni buzishda aybladi. Rasmiylarning ta'kidlashicha, aynan shu harakat a'zolari chegara orqali noqonuniy tarzda varaqalar yubormoqda: faollar varaqalar va guruch solingan shishalarni havo sharlari orqali chegaradan o‘tkazishmoqda. Seuldagilar bunday harakat uchun qonunda taqiq joriy etish haqida o‘ylamoqda.

Rossiyalik koreyashunos Konstantin Asmolovning qayd etishicha, qonunchilikda cheklovlarni avvalroq joriy etish kerak edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pxenyan varaqalar masalasini bir necha marta ko‘targan, ammo Seul bunday harakat uchun taqiq qo‘ya olmasligini bildirgan. Shu bilan birgalikda, havo sharlari chegaradagi maxus uchirish hududlaridan uchirilayotgani aytilmoqda.

Kim Yo Chjon Foto: SeongJoon Cho / Reuters

Pxenyan Vashingtonni KXDR va AQSh muloqoti barbod bo‘lishida ayblaydi
Iyun oyi boshida KXDR TIV rahbari Li Son Gvon o‘z mamlakati va Vashington munosabatlari ikki yil ichida kutilgan natijani keltirmagani, Koreya yarimorolidagi vaziyat kundan kunga yomonlashib borayotgani haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik va farovonlik umidi uchqunlari pessimistik dahshatga do‘ngan. Vazir mamlakat bundan buyon hech narsadan bir tomonlama voz kechmasligi va yadroviy qalqonni rivojlantirishda davom etmoqchiligini bildirdi.

Li Son Gvon Pxenyan munosabatlarni yaxshilash uchun qator choralar ko‘rgani, jumladan, yadroviy sinovlar o‘tkazishdan voz kechgani, ammo AQShning shunga mos javoblarini ko‘rmagani, faqatgina amerikaliklar rahbari Donald Trampning «kalondimog‘ligi» va Janubiy Koreya armiyasiga ko‘rsatilgan yordamlarga guvoh bo‘lingani haqida ta'kidlagan.

Donald Tramp Foto: Thomas Peter / Getty Images

25 iyun kuni Koreya urushi boshlanganiga 70 yil to‘ladi
KXDR va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi qurolli nizo uch yil davom etgan  — 1950 yil 25 iyunidan 1953 yil 27 iyuliga qadar. Bu urush AQSh va uning ittifoqchilari hamda SSSR va XXRning birlashgan kuchlari o‘rtasidagi urush sifatida ham qaraladi. Urush yakunida tomonlar tinchlik sulhini tuzishgan, unga ko‘ra, chegarada 38-parallel o‘tkazilib, harbiylardan xoli hudud tashkil etilgan. Shu bilan birga, KXDR o‘tgan vaqt mobaynida kamida olti marta ushbu sulhga amal qilmasligini bildirgan. Tomonlar o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanmagan.

Mavzuga oid