Jahon | 21:18 / 18.06.2020
39145
7 daqiqa o‘qiladi

Boltonning mojaroli xotiralari: Venesuelaga «qoyilmaqom» hujum, Kim Chen Inga berilmay qolgan disk va Trampning Xitoyga iltimosi

The New York Times, The Washington Post va The Wall Street Journal gazetalari AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning memuaridan ayrim parchalarni chop etdi. «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room Where It Happened: A White House Memoir) deb nomlangan kitob sotuvi 23 iyundan boshlanishi mo‘ljallangan, ammo AQSh prezidenti ma'muriyati bunga qarshilik ko‘rsatishga urinmoqda.

Oliver Contreras / pool / CNP / Zuma / Scanpix / LETA

O‘zining 576 sahifadan iborat kitobida 71 yoshli Jon Bolton AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatida o‘tkazgan 17 oyi haqida so‘z yuritgan.

U shu bilan birga Donald Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va XXR raisi Si Tszinpindan marhamat kutganini yozgan. Boltonning yozishicha, Tramp Turkiyaning Halkbank banki va Xitoyning ZTE va Huawei kompaniyalariga bosimni kamaytirishni taklif qilgan.

Kitobda ta'kidlanishicha, Donald Tramp Si Tszinpindan AQShning fermerlik shtatlarida saylovda yutib chiqish uchun yordam so‘ragan — Xitoy buning uchun Amerika qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib olishni boshlashi kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, memuarda yozilishicha, XXR raisi Trampga Xitoyda nima uchun konslagerlar qurayotganini aytganida, AQSh prezidenti Si Tszinpinga qurilishni davom ettirishi kerakligini aytgan.

Tramp Buyuk Britaniyada yadro quroli bor-yo‘qligini bilmagan. Venesuelaga bostirib kirish g‘oyasini «qoyilmaqom» deb atagan

Jon Bolton o‘z memuarlarida AQSh prezidentini tentakdek ko‘rsatadi, deb yozadi The Hill nashri. Sobiq maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Tramp hammaga ma'lum bo‘lgan ko‘plab faktlarni, masalan, Buyuk Britaniyada yadro quroli bor-yo‘qligini bilmaydi. Bundan tashqari, u Finlyandiya Rossiya tarkibidami-yo‘qmi, deb so‘ragan.

2018 yil avgustdagi uchrashuvlardan birida, deb yozadi Bolton, Tramp Venesuelaga bostirib kirish g‘oyasini «qoyilmaqom» deb atagan va bu mamlakat haqida xuddi AQShning bir qismidek fikr bildirgan. Sobiq maslahatchining ta'kidlashicha, prezident juda ko‘p yolg‘on yoki xato gaplarni gapiradi.

Bolton razvedka jamiyatining prezident ishtirokidagi brifinglarini vaqtni behuda o‘tkazish deb ataydi, «chunki brifinglarda asosan Tramp gapirgan, ma'ruzachilarni esa eshitmagan».

Bundan tashqari, Boltonning ta'kidlashicha, Tramp o‘z ma'muriyati a'zolarini bir-biriga gijgijlashni yoqtiradi. Bir kuni prezident unga sobiq davlat kotibi Reks Tillerson AQShning BMTdagi sobiq vakili Nikki Heyli haqida uyatsiz gap gapirganini aytgan. Keyinroq Bolton bu gapni aslida Tramp aytganini bilgan.

Tramp Pompeodan Kim Chen Inga «Rocket Man» diskini berib qo‘yishni so‘ragan. Pompeo Trampni «laqma» deb atagan

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, hattoki Oq uyning asosiy xodimlari ham prezidentni yomon ko‘rishadi. Singapurda 2018 yil iyunda Donald Trampning KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan birinchi uchrashuvi vaqtida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Boltonga prezident haqida «U shunday laqmaki» deb yozilgan qog‘ozni uzatgan. Oradan bir oy o‘tgach, Pompeo Trampning Pxenyan bo‘yicha takliflarini rad etgan.

Kitobda yozilishicha, Tramp 2018 yil oktyabrda Pompeodan Kim Chen Inga Elton Jonning «Rocket Man» qo‘shig‘i yozilgan diskni berib qo‘yishni so‘ragan. AQSh prezidenti Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlari sababli bir-birlariga tahdid qilish chog‘ida KXDR yetakchisini «Rocket Man» deb atagandi. AQSh prezidenti disk yordamida bu haqorat emas, balki iltifot bo‘lganligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Ammo Pompeo Kim Chen Inga diskni bermagan.

Bolton Trampning Kim Chen In yoki Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan diplomatik aytishuvlarini aqlsizlik va telbalik deb atagan. Boltonning so‘zlariga ko‘ra, u maslahatchi lavozimida ko‘p vaqtini prezidentning yomon kelishuvlar tuzishiga xalaqit berishga sarflagan.

Trampdan Ukrainaga yordam berishni 10 marta so‘rashgan, ammo u avval Jo Bayden va Hillari Klintonga nisbatan surishtiruv o‘tkazishni talab qilgan

Jon Bolton xotiralarida Tramp Ukrainaga harbiy yordamni qanday to‘xtatib qo‘yganini ham yozgan. Kitobda yozilishicha, Tramp uchrashuvlardan birida advokati Rudolf Juliani Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi hamda Hillari Klinton va AQSh prezidentligiga nomzod Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga nisbatan surishtiruv o‘tkazish masalasini muhokama qilishi kerakligini aytgan. 

Boltonning qayd etishicha, Tramp Ukrainaga harbiy yordamni ushbu surishtiruvlarga bevosita bog‘lagan. Sobiq maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Mayk Pompeo va mudofaa vaziri Mark Esper sakkiz yoki o‘n marta Trampni yordam ko‘rsatishga ko‘ndirishga uringan, ammo prezident avval surishtiruv o‘tkazilishi kerakligini aytib, bunga rozi bo‘lmagan.

Ukraina rahbariyatiga bosim o‘tkazish Trampga nisbatan impichment e'lon qilish uchun sabab bo‘ldi. AQSh prezidentini Jo Baydenning o‘g‘liga nisbatan surishtiruv boshlashga urinishi sababli hokimiyatni suiiste'mol qilish hamda Kongress ishiga to‘sqinlik qilishda ayblashdi. Vakillar palatasi 2019 yil dekabrda Trampning impichmenti uchun ovoz berdi. Ammo fevralda Senat Trampni oqladi.

Boltonning yozishicha, Vakillar palatasi nafaqat Ukraina ishi, balki Tramp o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga uringan savdo muzokaralari va jinoiy surishiruvlarni ham o‘rganishi kerak bo‘lgan. U Trampning Turkiya va Xitoy rahbarlari bilan kelishishga urinishini misol qilib keltirgan.

Tramp Boltonning memuarlarini yolg‘on deb atadi. Adliya vazirligi sobiq maslahatchini sudga berdi

AQSh prezidenti Jon Boltonning kitobidan berilgan parchalarni izohlar ekan, memuarlar «yolg‘on va uydirmalardan iborat»ligini yozdi. U sobiq maslahatchisini «alamzada ahmoq» va «nomunosib» xodim deb atadi.

Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Bolton maxfiy axborotni tarqatib qonunni buzganini aytdi. Ammo qanday axborot ekanligiga aniqlik kiritmadi.

17 iyun kuni AQSh Adliya vazirligi Jon Boltonning kitobida maxfiy ma'lumotlar borligi uchun uni chop etishni to‘xtatish talabi bilan sudga murojaat qildi.

«Qo‘lyozmadagi ma'lumotlar Qo‘shma Shtatlarning milliy xavfsizligiga tahdid soladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Boltonning memuarlarini chop etayotgan Simon & Schuster nashriyoti AQSh hukumatining kitob chop etilishini to‘xtatishga urinishi hech narsaga olib kelmasligini, chunki yuz minglab nusxadagi kitoblar butun dunyoga tarqalib bo‘lganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid