Jamiyat | 10:50 / 20.06.2020
27324
9 daqiqa o‘qiladi

Andijonda departament fuqaroning pulini noqonuniy musodara qilib, qaytarib bermayapti

Kun.uz tahririyatiga Andijon shahridagi «G‘ayrat» mahallasi Pillakash ko‘chasida yashovchi fuqaro Sherzodbek Nasriddinov murojaat qildi.

Arizachining bildirishicha, 2019 yil 7 iyun kuni Andijon shahar «G‘ayrat» mahallasi hududida Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan valutafurushlarga qarshi reyd o‘tkazilgan. Ota-onasi yashayotgan xonadondan yaxshi niyatlar bilan yangi avtomashina sotib olish uchun yo‘lga chiqqan fuqaro Sherzodbek Nasriddinov ham tasodifan ana shu tadbir ishtirokchisiga aylanib qoladi. O‘zlarini Andijon viloyati departamenti xodimlari deb tanishtirgan 2 nafar xodim fuqaro Sherzodbek Nasriddinovning mashinasidagi 93 million 550 ming so‘m pulni «tadbir» davomida valutafurushlarnikiga qo‘shib musodara qilib yuborishadi.

Guvohlar ishtirok etishini ta'minlamagan departament xodimlari Sherzodbek Nasriddinovni avtomashinasidagi barcha pul mablag‘lari bilan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasiga olib kelishadi. Sherzodbek Nasriddinovning yonidagi pul mablag‘lari ichida o‘sha kungi tadbir ishtirokchisi - arizachi M.Ortiqovaga berilgan pullarga to‘g‘ri keladigan 4 ta kupyuralar borligini bildirib, boshqarma g‘aznasiga topshirishadi.

«Departament «tadbir» o‘tkazgan joyda bo‘lganim uchun o‘z pulimni oldirdim»

2020 yil 8 yanvar kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Jalaquduq tuman sudi Sherzodbek Nasriddinovning avtomashinasidan olingan pul mablag‘larini jinoyatga daxldorligi yo‘q deb topadi. Sud Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasiga topshirilgan 155 million so‘m pul mablag‘laridan 91 million 550 ming so‘mini fuqaro Sherzodbek Nasriddinovga qaytarish kerakligi haqida hukm chiqaradi. Lekin, mana olti oydan ortiq vaqt o‘tibdiki, hukm ijrosi hanuz ta'minlangani yo‘q.

Murojaatchi Sherzodbek Nasriddinov voqea tarixini so‘zlab berdi.

«2019 yil 7 iyun kuni ota-onam yashayotgan xonadondan 93 million 550 ming so‘m pullarni, fuqarolik pasporti va hujjatlarni olib, shaxsiy avtomashinamda yangi mashina sotib olish uchun «Asakasavdo» markaziga ketayotgan paytimda 2 kishi kelib, mashinamga o‘tirib olishdi. Men hech narsani tushunmay qoldim. «Bu pullar bizga tegishli» deyishdi. «Tushunmadim. Qanday qilib sizlarga tegishli?» deb so‘raganimda, «departamentga tegishli kupyuralar», deya pullarimni olib qo‘yishdi. Departament xodimlariga, «O‘zimning shaxsiy pullarim» deyishimga e'tibor ham berishmadi. «To‘xtanglar, mahallamiz noziri va mahalladan boshqa xolis guvohlarni chaqiringlar», deyishimga qaramay, shaxsiy mashinamning ruliga xodimlarning biri o‘tirib, meni departemantning Andijon viloyat boshqarmasiga olib kelishdi. O‘sha yerga kelganimizda, bu pullar ularga qanaqasiga tegishliligini talab qilib so‘raganimda, «bu pullar tadbir uchun ishlatilgan maxsus raqamlangan pullar, sen shu tadbir pullarini olding», deyishdi. Meni bir xonaga olib kirishdi. Boshqa xonada pullarim qayd etilayotgan paytda meni ishtirok ettirishmadi. Mening guvohligimsiz, menga tegishli bo‘lgan pullarni tadbirda ishlatilgan pullar qatoriga qo‘shib rasmiylashtirib davlat ixtiyoriga o‘tkazib yuborishdi.

O‘sha kuni departamentga kunduzgi soat 15:10 atrofida kelgan bo‘lsak, tungi soat 2:30largacha ushlab turishdi. Bunga sabab, departamentning tadbirdagi maxsus pullarining bir qismini boshqa odam olib qochib ketgani uchun mening pullarimni olishgan ekan. Ular o‘zlarining maxsus pullari qayerga ketganini bila olmay bizni ko‘p ushlab turishdi», deydi Sherzod Nasriddinov.  

Jinoiy ishlar bo‘yicha Jalaquduq tuman sudida Andijon viloyati departament xodimlari Sh.Nasriddinovning shaxsiy pullari bo‘yicha kerakli dalillarni taqdim eta olishmaydi. Sababi, departament xodimlari tadbir davomida maxsus belgiga ega pullarni olib ketgan gumondor Mansur Qosimovni vaqtida qo‘lga ololmaganliklari uchun muammo kelib chiqqan.

«Noiloj menga tegishli pullarni musodara qilishgan. Tadbirda ishlatilgan maxsus belgili pullarni M.Qosimov olib ketgan ekan. Bu sudda isbotlandi. Shunga ko‘ra, sud tadbirda olingan 155 million so‘m pul mablag‘laridan 91 million 550 ming so‘mni Sherzod Nasriddinovga, ya'ni menga qaytarilishi haqida hukm chiqardi. Lekin shu kunga qadar pullarimni qaytarishmadi. Andijon Majburiy ijro byurosiga borib surishtirdim. MIB «Departamentga pulingizni qaytarish uchun murojaat qildik, departament hisob raqamida pul yo‘qligi uchun ololmayapmiz. Qachonki, departamentning puli bo‘lsa, keyin ijro qilib beramiz», degan vajlar bilan pulimni undirib berishmayapti», deydi Sherzod Nasriddinov.  

Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limida

Sud qarori nega shu paytgacha ijro qilinmayotgani muammosi yuzasidan Andijon shahar majburiy ijro bo‘limiga bordik.

Muammoli vaziyat bo‘yicha, bo‘lim boshlig‘i Nodirbek Hakimov izoh berdi.

«Joriy yilning 25 yanvar kuni byuroning Andijon shahar bo‘limi ish yurituviga jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudining 2020 yil 8 yanvardagi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasiga topshirilgan 155 million so‘m pullardan 91 million 550 ming so‘mini fuqaro Nasriddinov Sherzodbek Zaynobiddinovichga qaytarish belgilangan ijro hujjati kelib tushgan.

Shu kunning o‘zidayoq, bo‘lim davlat ijrosi tomonidan ijro ishi yuritilishi qo‘zg‘atilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasining 12 fevral kungi murojaatga ko‘ra, ijro harakatlari 18 fevraldan 27 fevralga qadar qoldirilgan. Mazkur ijro hujjati ijrosini ta'minlash maqsadida shu yilning 3 mart kuni bo‘lim davlat ijrochisi xolislar ishtirokida departamentning viloyat boshqarmasiga borib o‘rganilganda, departamentning moliya va xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i O.Sharipov fuqaro Sh.Nasriddinovga qaytarilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari departamentning depozit hisob raqamida mavjud emasligini ma'lum qilgan. Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shu kunga qadar ushbu pullarning taqdirini o‘rganib chiqish maqsadida ijro harakatlari 3 martdan 13 martga qadar keyinga qoldirilgan.

Joriy yilning 3 aprel kuni departamentning Andijon viloyat boshqarmasiga takroran borilganda, moliya va xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i O.Sharipov hamda g‘aznachi U.Mirboboyev ishtirokida g‘azna bo‘limi va depozit hisob raqamlar ko‘zdan kechirildi. Shunda boshqarma hisob raqamida fuqaro Sh.Nasriddinovga qaytarilishi lozim bo‘lgan 91 million 550 ming so‘m pul mablag‘lari mavjud emasligi aniqlangan. Holat yuzasidan yana dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Fuqaro Sh.Nasriddinovning viloyat prokuraturasiga yozgan arizasiga ko‘ra, 2020 yil 11 aprel kuni Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, byuroning Andijon shahar bo‘limi davlat ijrochisi harakatlarida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilmagani aniqlangan.

Mazkur holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Andijon shahar prokuraturasiga yuborilgan bo‘lib, hozirda shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deydi Nodirbek Hakimov. 

Taajjubli holat. Aslida, davlat organlari qonun talablarini o‘z vaqtida bajarib, fuqarolarga o‘rnak bo‘lishlari kerak. Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasi esa fuqaroning o‘z pullarini vaqtida qaytara olmayapti.

Bu holat bo‘yicha mutasaddilardan javob kutib qolamiz.

Kun.uz muxbiri Sarvarbek Nazarov    

Mavzuga oid