O‘zbekiston | 15:30 / 21.06.2020
133632
13 daqiqa o‘qiladi

Andijon voqealari, ichki ishlardagi «tozalash» va militsiya qanday ishlashi haqida. Zokirjon Almatov bilan katta intervyu

Andijonda qo‘lga olingan fuqaro IIB xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanishi oqibatida vafot etishi keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Mana shu voqea, umuman ichki ishlar organlari atrofidagi boshqa savollarga javob olish maqsadida 1991-2006 yillarda Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan, ayni damda vazir maslahatchisi hisoblangan general-polkovnik Zokirjon Almatov bilan suhbatlashdik.

– Keling, suhbatni bugungi kunning dolzarb mavzusi hisoblangan pandemiya haqidagi savol bilan boshlasak. Bu holat Ichki ishlar vazirligini ham «oyoqqa turg‘azgan». Butun dunyoga tarqalgan pandemiya vaqtida xodimlarning holati qanday? Safarbarlik qay darajada?

– Avvalo bu vaziyatda xalqimizga sabr tilayman. Hozir ichki ishlar idoralarining ko‘plab xodimlari kasallikning oldini olish va jamoat tartibini saqlash ishlariga safarbar qilingan. Aksar xodimlarimiz bu vazifani sidqidildan bajarmoqda.

– Odamlar ichki ishlar xodimlari faoliyatining faqat yuzini ko‘radi. Bu kasbning biz bilmagan tomonlari, qiyinchiliklari, xodimlarning odamlar bilmaydigan ish tartibi haqida gapirib bersangiz.

– Oddiy vaqtlarda, masalan, pandemiya bo‘lmagan, Sardobadagi halokat bo‘lmagan vaqtda biz hukumat qarorlariga asosan ishimizni tashkil etamiz. Keyingi paytlarda «xavfsiz poytaxt», «xavfsiz hudud» tushunchalari paydo bo‘ldi. Bu jinoyatchilikning, avvalo uyushgan jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan. Hozirda shaharlarimizda, shaharchalarimizda uch smenali ishlar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda bir narsani aytmoqchiman, bu gapni xalq bilan uchrashuvlarda ham aytganman: ichki ishlar xodimi ham shu xalqning vakili, oddiy dehqon, oddiy tadbirkor, oddiy ishchining farzandi. Uning ham o‘z oilaviy muammolari, qiyinchiliklari bor. Ichki ishlar xodimi ham boshqa ishchilar kabi 2,5-3 million oylikka ishlaydigan odam. Ammo uning kun tartibidagi ishi uchun vaqt belgilanmagan.

Biz ichki ishlar idoralariga ishga kirayotganda qasamyod qilganmiz. Qanday holat bo‘lishidan qat'i nazar kun tartibiga rioya qilish degan narsa yo‘q degan mazmunida. Kecha-yu kunduz o‘z vazifamizni bajaramiz, deb qasamyod qilganmiz. Unda xalqimizning tinchligi uchun kerak bo‘lsa jonimizni fido qilamiz, deb qasamyod qilganmiz.

Ichki ishlar xodimlari faoliyatining qiyinligi haqida gapirganda bir narsani ta'kidlamoqchiman. Hozir yoshlarning militsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatish holatlari ko‘p sodir bo‘lyapti va aksar hollarda bunga atrofdagi odamlar tomoshabin bo‘lib qarab turibdi. Pandemiya vaqtida bunga o‘xshash o‘nlab holatlar kuzatildi. Vaholanki, biz hukumatning topshirig‘ini bajaryapmiz. Axir biz odamlarga «hurmatli haydovchi» yoki «hurmatli fuqaro» deb murojaat qilyapmiz. Bizga odamlarga qo‘pollik qilmaslik haqida ko‘rsatmalar berilgan.

Yaqinda Sirdaryoda bo‘lgan voqeani olaylik. Xodim haydovchini to‘xtatib guvohnoma so‘rayapti, haydovchi esa militsiya xodimining qo‘lidan ushlab olib mashinasida sudrab ketgan. Pandemiya vaqtida niqobsiz ko‘chada yurish, kimningdir uyida qimorbozlik tashkil etish yoki fohishabozlik bilan shug‘ullanish... Bular nafaqat jinoyatga, balki kasallik keng tarqalishiga olib keladi. Shu o‘rinda xalqimizdan iltimos qilib qolaman, yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsataylik.

Yaqinda bir haydovchi xodimdan so‘rayapti: «Sen shu marshrutga qo‘yilganmisan yoki boshqa yerda ishlashing kerakmi?» deb. Bir narsani unutmaslik kerak, ichki ishlar xodimining oldiga har qanday vaqtda formadami yoki boshqa holatda jinoyatning oldini olish vazifasi qo‘yilgan!

– Xalqimizda qars ikki qo‘ldan chiqadi degan gap bor. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Xalqimiz orasida militsiyaga qarshilik qilish holatlari uchragani kabi ichki ishlar organlari xodimlari orasida ham qo‘pollikka yo‘l qo‘yadiganlar uchrab turibdi. Birgina xodimning ishi odamlar tomonidan butun boshli vazirlikni qoralashga sabab bo‘lishi mumkin. Mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida qanday ishlar qilinmoqda.

– Afsus bilan aytaman, bizning xodimlar orasida ham o‘zini tuta olmaydigan, o‘z lavozimini o‘ylaydiganlar uchrab turadi. Yaqinda Andijonda bo‘lgan voqeani nadomat bilan gapiraman... Bir yigit ichki ishlar organlari xodimlari harakatining qurboni bo‘ldi. Bu xudbin, ichki ishlar xodimlarining nomiga dog‘ tushirgan odamlar kecha-yu kunduz ishlayotgan boshqa xodimlarning obro‘siga putur yetkazdi. Ular militsiyaga xoinlik qildi.

Ichki ishlar rahbariyati, Andijon viloyat IIB, Andijon viloyat hokimligi vafot etgan fuqaroning uyiga borib hamdardlik bildirishdi, uzr so‘rashdi. Afsuski bunday voqealar bo‘lib turibdi. Bunaqa xodimlarga qarshi keskin chora ko‘rilmoqda. Ularni ishdan haydash, kerak bo‘lsa qonuniy chora ko‘rish vazifasi berilgan. Bunday hodimlar avval ham jazolangan, bundan keyin ham jazolanadi.

Biz xodimlarimiz bilan uchrashuvda doim aytamiz: sen mana shu xalqning vakilisan, oddiy oilada voyaga yetding, nima maqsadda organga ishga kirayapsan? Boyish uchun, kimnidir qasddan qamash uchun bo‘lsa, boshqa joyga bor, xalqning xizmatini qilmoqchi bo‘lsang, sendan yaxshi ichki ishlar xodimi chiqadi, deymiz.

Biz har ikki yilda xodimlarimizni shahodat testidan o‘tkazamiz. Ularning ruhiy holatini aniqlash uchun testlar qilamiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘z manfaatini o‘ylaydigan xodimlar hamon uchrab turibdi. Biz tizimni bundaylardan tozalash uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Ichki ishlar vazirligining obro‘si bitta xodimning harakatiga bog‘liq bo‘lib qolishi ham mumkin.

Jinoyat qilgan odam ham shu xalqning farzandi. U o‘z-o‘zidan jinoyatchi bo‘lib qolmaydi. Qanaqadir omillar sabab bo‘ladi, balki ehtiyotkorlik sabab jinoyat sodir etgandir. Nima uchun uni inson deb bilmasdan azoblash kerak? Biz ishchilarimizga «Maqsading odamlarni qamash bo‘lsa, senga bizning oramizda joy yo‘q, kemadan tushib qol deyapmiz».

– Bir gapni ko‘p eshitganmiz, hatto ba'zan yo‘l harakati qoidasini buzib qo‘yganimizda to‘xtatgan xodim ham hazil aralash «plan bor», deb aytib qoladi. Ya'ni, tergovchida ham plan bor, YHXXda ham plan bor, qo‘limizga ertalabdan shuncha protokolni berib chiqarvorishdi, deb aytishadi. Bu ko‘proq jarima solish, odamlarni ko‘proq jazolashga sabab bo‘lmayaptimi?

– Bunaqasi avval ham bo‘lgan. Ba'zi rahbarlar o‘z ishini samarador qilib ko‘rsatish uchun shunday qiladi. Men vazir bo‘lgan vaqtda ham bundaylar bor edi, balki hozir ham bordir. Lekin Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bunga qarshi kurashadi. Bugun nechta protokol qilding, bugun nechta mast topding, deb so‘roq qilinadigan holatlardan yiroqmiz. Bizning asosiy vazifa tinchlikni, ko‘chalarda odamlar o‘lmasligini ta'minlash.

Shu yil davomida 630dan ortiq odam avtohalokat sabab halok bo‘ldi. 1,5 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Nima uchun? Kimdir qoidani buzgani yoki texnika nosoz bo‘lgani uchun. Kim o‘lganlarning bola-chaqasiga javob beradi? Shuning uchun yo‘ldagi xodimlar mas'uliyat his qilishadi. To‘g‘ri, biz xodimlardan ularning hududida sodir bo‘lgan avariyalar uchun hisob so‘raymiz, ammo bugun necha kishini jarimaga tortding, deb so‘ramaymiz. Bunga barham berildi.

Menimcha, haydovchilar ham munosabatini o‘zgartirishi kerak. Axir o‘z vazifasini bajarayotgan xodimga faqat yomon gapirishsa, uni hurmatsiz qilishsa, u beparvo bo‘lib qoladi. Shu sabab biz xodimlarga beparvo bo‘lmang, deymiz. Ba'zan bizda ham uchrab turishi mumkin, biz ham odammiz, yuragimiz, qalbimiz bor, ammo biz ham menga desa yonib ketmaydimi, deb o‘tib ketadigan bo‘lsak, nima bo‘ladi? Shu sabab xodimlarni himoya qilish vazifalarimizdan biri. Xodimimizni himoya qilolmasak, biz qanaqa rahbarmiz?

Ba'zi deputatlarimiz ichki ishlar tizimini isloh qilish kerak deyapti, lekin bizning tizimda prezident farmonlariga ko‘ra islohotlar davom etmoqda. Buni bilish uchun prezident farmonlarini, qarorlarini o‘qish kerak. Islohotlar nimaning evaziga bo‘lmoqda? Avvalo, davlatda qonun ustuvorligini ta'minlashga bo‘lgan harakat, xalqimizning Allohga ishonishi, imoni mustahkamligi va xodimlarning mehnati sabab bugungi natijalarga erishyapmiz.

– Odamlarni kechirish haqida gapirdik. Aytaylik, bir kishi jinoyat sodir qildi, ichki ishlar xodimi uni jazolamay suhbat o‘tkazish bilan cheklandi yoki bo‘lmasa o‘z hududida jinoyat ko‘paymasligi uchun uni qayd etmadi, xullas kechirdi. Ammo vaqt o‘tib o‘sha odam jinoyat sodir etdi. Mana shunday holatlar uchun ichki ishlar vazirligida qanday yo‘l tutishning aniq tartibi mavjudmi?

– Bilasizmi, odamning ichida nima borligini bilish oson emas. Insonni ichida «shaytonning bolasi» bor, o‘sha qo‘zg‘ab turadi, shuning uchun kechirimli bo‘lish kerak. Ammo jinoyat sodir etganlik uchun jazo muqarrarligini ta'minlash ham kerak. Agar bu prinsip yuzaga chiqmasa, adolatsizlik paydo bo‘ladi. Biz jinoyatning darajasiga qaraymiz, agar u yengilroq bo‘lsa, yarashtiruv komissiyasi tuzib unga mahalla faollaridan biror kishini biriktirib qo‘yamiz. Shuning uchun hozir mahallaning roli katta bo‘lib boryapti, butun boshli vazirlik tuzildi.

Isroil 1960-yillarda 30 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqqan. Ana shu dasturda halqning huquqiy savodsizligini yo‘qotish bo‘yicha ham reja bo‘lgan. Biz uchun ham odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish muhim. Odamlar qilayotgan ishining huquqiy oqibatini tushunib yetsagina qonun ustuvorligiga, jinoyatchilik kamayishiga erishishimiz mumkin.

– Sizdan 2005 yilgi Andijon voqealari haqida so‘ramasak bo‘lmaydi...

– Meni Andijon voqealarida aybdor deb ko‘p gapirishadi. Ha, men o‘shanda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman, ammo kim o‘shanda Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Kim Ichki ishlar vazirligiga qarashli PPSga qurolli hujum qildi, kim harbiy qismga hujum qilib, qurol-yarog‘ oldi? Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimiyat binosini egallab unga o‘t qo‘ydi? Kim yuzga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni tutqunda ushlab, ba'zilarini qatl etdi? Hukumat nima, qarab turishi kerakmidi?

Biz ularga chiqib ketinglar, dedik. Adashmasam, militsiya va prokuratura xodimlaridan 34 nafar halok bo‘lgandi. Tez yordam xodimlari otib tashlangan. Odamlarni bo‘yniga sirtmoq solib olib chiqib ketishmoqchi bo‘lishdi. Tinch aholiga o‘q uzilgan deyishadi, yo‘q, 12 soat oldin ularning 600-700 nafar oila-a'zolarini Qirg‘izistonga chiqarib yuborganmiz.

Bular kelayotganda harbiy qismdagi kapitanni otib qo‘yishgan. Keyin oddiy askarlar nima qiladi? Ikki tomon o‘rtasidagi otishma sabab bitta joyda 100 kishi o‘lgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham bo‘lgan. Jami 187 kishi o‘lgan. Allohning oldida rost gapni gapiraman, bu aniq raqamlar.

30dan ortiq jurnalist O‘zbekistondagi voqeani yoritamiz deb Qirg‘iziston chegarasida paydo bo‘lgandi. Ular qayerdan kelib qoldi? Bularning hammasi O‘zbekistonda fuqarolik urushini uyushtirish uchun qilingan ishlar edi...

Bobur Akmalov suhbatlashdi
Operator va montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid