Jahon | 14:50 / 22.06.2020
56490
4 daqiqa o‘qiladi

Putin «rus xalqining SSSR respublikalariga sovg‘alari» haqida gapirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatga 20 yil davomida rahbarlik qilganida erishilgan asosiy narsalar va bugungi kunda eng muhim bo‘lgan jihatlar haqida gapirdi. 

Foto: Rossiya 1

Vladimir Putin «Rossiya 1» telekanalida namoyish etilgan «Rossiya. Kreml. Putin» filmi muallifi Pavel Zarubin bilan suhbatda «rus xalqining SSSR respublikalariga sovg‘asi», G‘arb bilan munosabatlar, Ukraina prezidentining Kremlga kelishi va eng murakkab qarorlari haqida gapirdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, sovet ittifoqi tuzilganda respublikalarning uning tarkibidan chiqishi huquqi belgilangan, ammo jarayon tartibga solinmagan.

«Savol tug‘iladi: agar u yoki bu davlat sovet ittifoqi tarkibiga kirgan bo‘lsa-yu, lekin juda katta hajmdagi rus yerlarini, tarixan Rossiyaga tegishli bo‘lib kelgan hududlarini o‘ziga olsa, so‘ng birdan ittifoqdan chiqib ketishga qaror qilsa - unda, hech bo‘lmaganda, nima bilan kelgan bo‘lsa, shu bilan chiqib ketishi, rus xalqidan sovg‘alarni o‘zi bilan olib ketmasligi kerak edi», - dedi Putin.

Shu bilan birga, u qaysi respublikalarni va qaysi yerlarni nazarda tutganini aniq aytmagan.

Bundan tashqari, Rossiya prezidenti yana bir bor 2014 yilda Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi «yarim orol aholisining demokratik tanlovi» ekanligini ta'kidladi.

«Qrim har doim bizniki bo‘lgan, hatto huquqiy nuqtai nazardan ham», - deya qo‘shimcha qildi u.

Putin Kremlda qabul qilgan eng murakkab qarorlari juda ko‘p bo‘lganini aytib o‘tdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh shtabning operatorlari har doim uning yonida bo‘ladi, bir necha soniyalik yaqinlikda turadi. 

«Davlat rahbarlari doimo aloqada bo‘lishi kerak. Doim. Bu shunchaki burch. Ammo, shunga qaramay, ishlagan yillar davomida men o‘zimni shunday tutishni o‘rgandimki, agar bo‘sh vaqt bo‘lganda, o‘zim yoqtirgan narsani qilaman, masalan, sport bilan shug‘ullanaman yoki mutolaa qilaman, musiqa tinglayman», - dedi u.

Rossiya prezidentining aytishicha, mamlakat siyosiy tizimi ko‘plab ustunlarga ega bo‘lishi kerak, u faqat davlat rahbariga tayanmasligi kerak. U jamiyat bilan, davlat bilan birgalikda rivojlanishi kerak. 

«Korrupsiyaga qarshi ishlar soni ko‘payib borayotgani shuni ko‘rsatadiki, ularning soni emas, balki bu holatni aniqlash oshdi. Masala - bu korrupsiyaning darajasida. Biz uni minimal darajaga kamaytirish uchun hamma narsani qilamiz», - dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tanqid qilishlariga o‘rganib qolgan.

«Bu muqarrar, bu har qanday jamiyatning rivojlanish qonunlaridan biri. Sizdan boshqacha tarzda fikrlaydigan odamlar har doim bo‘ladi», - dedi Rossiya prezidenti.

Putinning aytishicha, Ukraina prezidentining Kremlga kelishi baribir ro‘y beradi.

«Menimcha, bu muqarrar narsa. Albatta, bu amalga oshadi. Savol - qachon? Biz kutamiz», - dedi u.

Rossiya rahbari mamlakat konstitutsiyasiga kiritilishi mo‘ljallangan tuzatishlar va prezidentlikka yana bir muddatga saylanish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqidagi savolga ham javob qaytardi.

«Bilasizmi, hozir ochig‘ini aytaman. Agar bu sodir bo‘lmasa, taxminan ikki yildan keyin, men buni o‘z tajribamdan bilaman, hokimiyatning juda ko‘p darajalarida odatiy ish o‘rniga ehtimoliy vorislarni qidirish boshlanadi. Vorislarni qidirish emas, balki ishlash kerak. 

Men o‘zim uchun hali hech qanday qarorga kelmadim. Agar bu Konstitutsiyada vujudga kelsa, bunday imkoniyatni istisno qilmayman. Ko‘ramiz», - dedi Putin.

Mavzuga oid