Jamiyat | 19:09 / 23.06.2020
55743
3 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar uchun OTMlarga kirishda qo‘shimcha grant kimlarga berilishi ma'lum qilindi

Hukumat qarori bilan, OTMlarga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Nizomga asosan, bunday tavsiyanomalar quyidagi toifa xotin-qizlarga beriladi:

  • kam ta'minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya'ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
  • shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
  • oliy ma'lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).

Belgilanishicha, har yili fevral oyida xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish bo‘yicha ishchi guruhlari tuziladi.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10 mayga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalariga taqdim etadi.

Ishchi guruh tomonidan saralab olinib, qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro‘yxati har yili 15 iyunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining rasmiy saytida e'lon qilinadi.

Tavsiyanoma oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

Tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan faqat birinchi ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Xotin-qizlar qo‘shimcha kvota asosidagi tanlovda qatnashishlari uchun ularda tavsiyanomadan tashqari umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega bo‘lishi lozim.

Mavzuga oid