Jahon | 19:00 / 24.06.2020
121045
10 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Ikkinchi to‘lqin nima, u qanchalar xavfli va undan qochish mumkinmi?

Koronavirus pandemiyasi tugashidan darak yo‘q. Hamon kasallanish holatlari yuqori darajada saqlanib qolayotgan mamlakatlar ko‘p, virus nazoratga olingani aytilgan davlatlar va hatto virus ustidan g‘alaba qozonganini e'lon qilgan davlatlar ham ikkinchi to‘lqindan xavfsiramoqda.

Bir asr muqaddam «ispan grippi» pandemiyasining ikkinchi bosqichi birinchi bosqichdagidan ko‘proq odamni hayotdan olib ketgandi.

Britaniyadagi bir qancha universitetlarning virusologlari Covid-19 pandemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanishi ehtimoli yuqoriligini aytishmoqda. U qanchalik xavfli bo‘ladi?

Ikkinchi to‘lqin nima degani?
Buni dengiz to‘lqiniga qiyoslash mumkin. Kasallanish holatlari soni bir ko‘tariladi va bir tushadi: har bir sikl - koronavirus «to‘lqini»dir.

Hozircha pandemiyaning ikkinchi to‘lqinini ifodalovchi yagona ilmiy tarif yo‘q. Ayrimlar ko‘tarilishlar va pasayishlarga qarab to‘lqinlarni ajratmoqchi bo‘lishadi, ammo bular aslida birinchi to‘lqin chizig‘idagi notekisliklardir. Bunga AQShning ayrim shtatlarida kuzatilayotgan holatni misol sifatida keltirish mumkin.

Bir to‘lqin yakunlangani haqida e'lon qilish uchun hukumat virusni nazoratga olishi va yangi kasallanish holatlari to‘xtashiga erishishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi to‘lqin boshlangani haqida esa yangi kasallanish holatlari barqaror o‘sishi kuzatilganida aytish mumkin. 24 kunlik tanaffusdan keyin Yangi Zelandiyada xorijdan kelganlarda aniqlangan ilk holatlar yoki koronavirussiz 50 kundan keyin Pekinda yana virusdan zararlanish holatlari qayd etilishini ikkinchi to‘lqin deb atab bo‘lmaydi.

Ammo ayrim olimlar Erondagi vaziyatni ikkinchi to‘lqin mezonlariga mos deb bilishmoqda. Fevral oyida Xitoydan keyin koronavirusning ikkinchi o‘chog‘iga aylangan bu mamlakatda aprel oyi o‘rtalariga kelib qat'iy karantin yumshatila boshlandi. Ammo iyun oyi boshida yangi kasallanish holatlari soni yana keskin o‘sib ketdi va kuniga o‘rtacha 3 ming kishida virus aniqlana boshladi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, iyunning ilk haftasida kasallanish holatlari soni may oyining so‘nggi haftasidagidan ikki barobar ko‘p bo‘lgan - bu esa avj olishning eng yuqori nuqtasi kuzatilgan mart oyi ko‘rsatkichiga teng edi. Boshqacha aytganda, Eronda hozir vaziyat epidemiya avj olgan vaqtdan yomonroq - mart oyining ikkinchi qismida kuzatilgan pikka ikki oy davomida yetilgandi, endi esa ikkinchi bosqichning avvalidayoq o‘sha natija qayd etilmoqda.

Angliyadagi Uorik universitetining infeksion kasalliklarni matematik modellashtirish bo‘yicha mutaxassisi Mayk Tildesli Britaniyada ikkinchi to‘lqin kuzatilishini hukumatning qarorlariga bog‘liq deb hisoblamoqda.

«Menimcha, hozir qarshimizda ulkan noaniqlik turibdi, to‘g‘risi, bu meni qattiq tashvishlantirmoqda», deydi u.

Ikkinchi to‘lqin yuz berishi ehtimoli shubhasiz mavjud. Virus hamon atrofda aylanib yuribdi, uning tarqalish va o‘ldirish imkoniyatlari yil boshidagidan sira kam emas.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, britaniyaliklarning faqat 5 foizi Covid-19 bilan kasallanib chiqqan va ularning barchasi ham immunitet hosil qilganiga kafolat yo‘q.

«Faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining katta qismi hali virusdan zararlanish tahdidi ostida turibdi. Agar biz hozir barcha cheklov choralarini bekor qilsak, fevraldagi holatimizga qaytamiz. Barchasi yana boshidan boshlanadi», deya qayd etgan yana bir epidemiolog olim, London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi vakili Adam Kucharski.

Ikkinchi to‘lqinga qanday omillar sabab bo‘lishi mumkin?
Birinchi navbatda karantin choralarini juda erta yumshatish.

Lokdaun rejimi butun dunyoda odamlarning odatiy hayot tarzini to‘xtatib qo‘ydi - ish o‘rinlari yo‘qotildi, odamlarning sog‘ligi yomonlashdi va ta'lim tizimi ishdan chiqdi. Ammo ko‘rilgan qat'iy choralar virus ustidan nazoratni qo‘lga olishga yordam berdi.

«Karantin choralarini yumshatib, odatiy hayot tarziga qaytish bilan birga, virus ustidan nazoratni saqlab qolish uchun nima qilish kerakligi - eng murakkab rebusdir», deydi Kucharski.

Hozirda hech kim karantinni yumshatishda davom etish nimaga eltishini aniq bilmaydi.

Britaniyada cheklov choralari bekor qilinishi bosqichma-bosqich amalga oshmoqda, o‘rni kelsa yangi choralar ham joriy etilmoqda, masalan, tibbiy niqob taqish va virusdan zararlanganlarning aloqalarini kuzatish.

«Agar karantin choralari yumshatish virus tarqalishini nazorat qilishga imkon bermaydigan darajagacha davom ettirilsa, Britaniyada va qo‘shni davlatlarda yangi avj olish juda katta tezlikda ro‘y berishi mumkin», deydi Kucharski.

Germaniyada shu kabi holat kuzatilmoqda. Yaqinda ushbu mamlakatdagi go‘sht kombinatlaridan birining 650dan ortiq ishchisida koronavirus aniqlandi.

Agar hukumat keng miqyosli zararlanish holatlarini tezda aniqlasa va shunday hududda qat'iy karantin joriy etib, virus tashqariga tarqalishiga yo‘l qo‘ymasa muammo kuchaymaydi.

Lekin bunday vaziyatda zudlik bilan zarur choralar ko‘rilmasa, ikkinchi to‘lqindan qochib qutulib bo‘lmay qoladi.

Koronavirus tarqalishiga qarshi samarali kurash uchun maqtalgan Janubiy Koreya turli hududlarda koronavirusning kichik o‘choqlari paydo bo‘lgach, yana ayrim cheklov choralarini joriy etishga majbur bo‘ldi.

Ikkinchi to‘lqin birinchisi kabi bo‘ladimi?
Faqat nimadir to‘g‘ri qilinmasa...

Epidemiya boshlangan davrda bir kishining boshqalarga kasallik yuqtirishini ifodalovchi reproduktiv son — R’ning ko‘rsatkichi 3 kishiga teng edi.

Bu virus tez tarqalayotganini anglatardi. Ammo odamlar o‘z harakatlarini o‘zgartirishdi, ijtimoiy masofa saqlashga rioya etildi va endi R ko‘rsatkichi avvalgi holatga qaytmasligi aniq.

«Birorta mamlakatda karantin butunlay tugab, odamlar avvalgi hayotga qaytmasligi aniq. Hatto virus ustidan nazorat o‘rnatilmagan mamlakatlarda, masalan, Braziliya va Hindistonda ham R indeksi 3ga yetmaydi», deya ishonch bildiradi Kucharski.

Agar virusdan zararlanish holatlari soni yana o‘sa boshlasa ham, ko‘p ehtimol bilan, bu o‘sish sekin kechadi.

Nazariy jihatdan, agar qancha odam virus yuqtirish xavfi ostida qolishi hisobga olinsa, ikkinchi to‘lqin ham birinchisi kabi ko‘lamda bo‘lishi mumkin.

«Ammo kasallanish holatlari soni keskin ko‘payib ketsa, biz yana qat'iy lokdaun joriy qilib, ikkinchi to‘lqinni ham yengishimiz mumkin», deydi Uorik universitetidan bo‘lgan Mayk Tildesli.

Ikkinchi to‘lqin qachon? Qish kelishi vaziyatni og‘irlashtiradimi?
Adam Kucharskining fikricha, karantin yumshatilayotgani tufayli ayrim hududlarda yaqin vaqtlar ichida yangi avj olish nuqtalari paydo bo‘lishi kutiladi. Ammo bu ikkinchi to‘lqin bo‘lishi aniq degani emas.

O‘z navbatida, Mayk Tildesli agar deyarli barcha choralar bekor qilib yuborilsa, ikkinchi to‘lqin avgust oyi oxiri, sentabr oyi boshlarida kuzatilishi mumkin.

Koronaviruslar odatda yilning sovuq davrida tezroq tarqalishi hisobga olinsa, qish vaziyatni murakkablashtirishi mumkin. Qishda hatto kichik o‘choq ham yangi to‘lqinni boshlab berishi hech gap emas.

«Shubhasiz, bahor bizga yordam berdi. Ammo ikkinchi to‘lqindan qochib qutulib bo‘lmaydi, ayniqsa, oldinda sovuq oylar kelishini hisobga olsak», deydi Notingem universiteti professori Jonatan Boll.

«Hukumat uchun asosiy vazifa - pik davri sog‘liqni saqlash tizimiga haddan tashqari yuklama tushirmasligini ta'minlashdir», deya qo‘shimcha qiladi olim.

Virus xavfi kamayadimi?
Nazariyalardan biriga ko‘ra, viruslar vaqt o‘tgan sayin o‘z ta'sirini kamaytirib boradi - bir zararlanuvchini o‘ldirishga ulgurmasdan boshqasiga o‘tadi.

Hatto OIV vaqt o‘tgan sayin sustlashishi ma'lum.

«Ammo bunga hech qanday kafolat yo‘q, bu ayrim virusologlarning «» nazariyasi», deb hisoblaydi professor Boll.

Bundan tashqari, virusning susayishi uchun kerak bo‘ladigan vaqt taxmin qilinganidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi mumkin. Hozirgi pandemiya boshlanganiga yarim yildan oshdi, hozircha virus tezroq tarqalish uchun mutatsiyaga uchraganiga oid dalillar yo‘q.

«Menga tuyulmoqdaki, virus hozirgi holatda ham o‘zini «yaxshi his etmoqda». Ko‘plab odamlarda simptomlar yengil yoki umuman yo‘q, shu bilan birgalikda, bunday bemorlar virusni tarqatishda davom etishi mumkin, bu esa virus o‘zini kuchsizlantirishi uchun sabab yo‘qligini anglatadi», deydi professor Boll.

Mavzuga oid