O‘zbekiston | 15:47 / 24.06.2020
29073
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qurilish kompaniyasi ishchisida virus chiqdi, u Xorazmda xizmat safarida bo‘lib qaytgan

23 iyun kuni Xorazm viloyatida «Xorazm gilamlari»ning 6 nafar ishchisida koronavirus tasdiqlangan, shuningdek, ushbu viloyatda xizmat safarida bo‘lib qaytgan namanganlik quruvchida virus chiqqan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 23 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Aholi orasida koronavirus qayd etilishi holatlari mamlakatimiz bo‘ylab barcha hududlarda kuzatilmoqda. Jumladan, 23 iyun kuni 8ta hududda: Xorazm, Namangan, Toshkent, Andijon, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 30 holatda aholi orasida koronavirusga chalinganlar aniqlangan», deyiladi xabarda.

Ma'lum qiliniicha, Surxondaryo viloyati Silga qarshi kurashish dispanseri xodimi F.K. va uning o‘g‘lida, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi A.R.da (tana harorati tushmayotgani sababli o‘zi borib namuna topshirgan), Namangan viloyati Pop tumani harbiy qism xodimi Sh.N.da (profilaktik tekshiruv mobaynida aniqlangan), ushbu viloyatdagi «Turon Megastroy» korxonasi ishchisi M.B.da (Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘lgan), Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi M.A.da (qurilish kompaniyasida ishlab ketgan), Xorazm viloyatida «Xorazm gilamlari» MChJning 6 nafar ishchisida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi I.N.da (tana harorati ko‘tarilgan va yo‘tal bezovta qilgani sababli namuna topshirgan), Toshkent tumanida yashovchi A.A.da (shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan), Chinoz tumanida yashovchi J.E.da (tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq bo‘lgani uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

«Ko‘rinib turibdiki, yurtimizning qaysi hududida bo‘lishidan qat'iy nazar har bir fuqaroda koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi, eng avvalo, tozalikka qat'iy rioya qilishni, aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ko‘chada bo‘lgan vaqt esa  ijtimoiy masofani saqlash, niqoblarni to‘g‘ri taqib yurish, qo‘llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish kabi karantin qoidalariga doimiy ravishda qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid