Jamiyat | 18:13 / 26.06.2020
29310
4 daqiqa o‘qiladi

«Loyiha parlamentga kirishi kutilmoqda» – Abdug‘affor Qirg‘izboyev shov-shuvli qonun loyihasi, mantiqsiz reklama yozuvlari va jarimalar haqida 

26 iyun kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘zbek tilining izohli lug‘ati yangi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: parliament.gov

Lug‘at 80 mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida keng iste'molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san'at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan.

Taqdimot yakunida Kun.uz muxbiri Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan qisqa intervyu uyushtirdi.

— Shu paytga qadar nashr qilingan lug‘atlarimiz yuridik kuchga ega hisoblanmasdi va bu ayrim holatlarda muammolarni ham yuzaga keltirgan. Ayting-chi, yangi nashr qilingan lug‘at ana shunday kuchga ega hisoblanadimi?

— Ha, bu lug‘at yuridik jihatdan kuchga ega bo‘ladi. Fanlar akademiyasi O‘zbek tili va adabiyoti folklori instituti bor. Mana shu institut rahbari ishtirokida ishchi guruh tuzilgan. 

Bu lug‘at avval ham chiqqan, biz esa uni qayta to‘ldirdik. Ya'ni, avvalgisiga yana 3 mingga yaqin so‘z qo‘shildi. 

— Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqan edi. Bu loyiha hozir qaysi bosqichda ekanligini ayta olasizmi? Qachon uni qonun shaklida kuchga kirganini ko‘rishimiz mumkin?

— Loyiha yaqin kunlarda parlamentga kirishi kerak. Yaqin oylar ichida natijasini bilishimiz mumkin.

— Jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqida, turli lavha va reklamalarning ko‘pincha boshqa tillarda yoki mantiqsiz, tushunarsiz mazmunda va shaklda aks ettirilishini kuzatamiz. Afsuski, bu kabi qoida buzish holatlari odatiy qabul qilinadigan darajaga ham kelib qoldik. Departament bu borada faqat fikr bildirish va tanqidlardan ortib amaliy ishlarni ham boshladimi?

— Siz aytayotgan kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun hozirga qadar 2ta qonun, Vazirlar Mahkamasining 9ta qarori qabul qilingan. Bu qonun va qarorlarni hayotga tatbiq qilish oson ish emas. Biz shu bosqichdamiz. 

Birgina misol: biz butun respublika miqyosida tashqi reklama yozuvlaridagi xatoliklar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdik. Unda shu narsa aniq bo‘ldiki, tashqi reklamalardagi eng ko‘p qonun buzilishi holatlari Toshkent shahrida kuzatilmoqda.

Biz endilikda har bir tashkilot va tadbirkorlik sub'yektlari bilan bosqichma-bosqich shu xatolarni hal qilish ustida ishlamoqchimiz. To‘g‘ri, ular juda ko‘p, lekin biz harakat qilamiz.

— Shu paytga qadar davlat tili qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilganlar ham bo‘ldimi?

— Yo‘q, men hozir mana shuncha jarima solindi, deb aytolmayman. Lekin bu ishlar endi boshlandi. E'tibor berayotgan bo‘lsangiz, bundan 3 oy avval Toshkent shahridagi reklamalar bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlari hozirga kelib ancha kamaygan.

Biz kerak joyda tadbirkorni ogohlantiryapmiz, bu yerda uning huquqlari masalasi ham turibdi. Uning o‘z qarashlari ham bor. Deylik, u qo‘shma korxona bo‘lishi mumkin yoki xorijniki. Biz barchasini e'tiborga olishimiz kerak. 

Bizda asosiy maqsad jarima solish emas, balki odamlarning til borasidagi ongini tarbiyalash. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid