O‘zbekiston | 14:35 / 26.06.2020
28223
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» xodimida va Sergeli tumani hokimligida virus chiqdi

25 iyun kuni Toshkentda Sergeli tumani hokimligi xodimida, «O‘zbekneftgaz» AJ xodimi va Chilonzor tumanida yashovchi santexnikda virus aniqlangan. Shuningdek, Uchtepa, Olmazor, va Shayxontohur tumanlarida ham aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari boshqa hududlarga qaraganda hamon yuqoriligicha qolmoqda. Avval xabar qilganimizdek, 24 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 239 nafar bemordan 31 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 25 iyun kuni esa 276 nafar bemordan 24 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 17 holatda poytaxtimizda aniqlandi.

Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi yanada oshgan, aholi orasida koronavirusga chalinish holati esa biroz pasayganini ko‘rish mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.

Jumladan, Toshkent shahridagi Sergeli tumani xokimligi xodimi A.T.da (profilaktik maqsadda namuna topshirgan), «O‘zbekneftgaz» AJ xodimi A.Q.da (profilaktik tekshiruv davomida aniqlangan), Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi sanaviatsiya xodimi S.U.da (koronavirusga gumon qilingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatgan) ham kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Uchtepa tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda (tana harorati yuqoriligi sababli shifoxonaga murojaat qilishgan), Shayxontohur tumanida yashovchi S.Z.da hamda Olmazor tumanida yashovchi R.A.da (har ikki holatda ham tana harorati ko‘tarilgani sababli poliklinikaga murojaat qilgan), Chilonzor tumanida yashovchi (santexnik) U.I.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payganligi sababli poytaxtimiz aholisi va mehmonlarini  karantin  va sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid