Prezident Popdagi klaster faoliyati bilan tanishdi. Tumanlarni muayyan ekin turlariga ixtisoslashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshiriq qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi Pop tumanidan boshlandi. Davlat rahbari dastlab bu yerda barpo etilgan «Nuran uz» meva-sabzavotchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
«Pop Namangan viloyatining hududi jihatidan eng katta tumani. prezidentimizning foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xo‘jalik yerlarini oborotga qaytarish to‘g‘risidagi tegishli qaroriga muvofiq, tumandagi unumsiz toshloq yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.
Ushbu dasturga asosan «Nuran uz» mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan Pop tumanidagi adirliklardan iborat 1 ming 885 gektar o‘zlashtirilmagan yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etildi. Joriy yilning bahorida 100 gektarga o‘rik, 70 gektarga gilos ko‘chatlari ekildi, 12 gektar yerda uzumzor barpo etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ispaniyadan keltirilgan «Magador», «Maryblon 29c», «Flopria» navli o‘rik ko‘chatlari hosildor bo‘lib, ikki oyligidayoq nishona ko‘rsatdi. Bu bog‘ kelasi yildan to‘liq hosilga kiradi va gektaridan 70 tonnagacha meva beradi. Bu gektariga 50 ming dollarlik meva eksport qilish mumkin degani.
Klaster egalari shu bilan cheklanib qolmasdan, bog‘ qator oralariga qovun, tarvuz ekdi. Ayni kunlarda g‘arq pishgan shirin-shakar tarvuz-qovunlar Rossiya va boshqa bozorlarga eksport qilinmoqda.
Qirq yillar mobaynida samarasiz yotgan yerlarda intensiv bog‘ yaratishga innovatsion asosda yondashilgan, suvni tejaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Ushbu mexanizmni klasterning o‘zi yaratgan bo‘lib, bu 50 foiz mablag‘ni tejash imkonini bergan. Buning uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqariladigan 4ta quduq qazilgan, tortib olingan suv shu yerdagi hovuzda to‘planadi. To‘liq kompyuterlashtirilgan tizim chanqagan yerlarga avtomatik tarzda suvni yuboradi. Ya'ni, hamma ish inson omilisiz, kompyuter orqali boshqariladi.
Bu – ikki bosqichli loyihaning dastlabkisi bo‘lib, 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan keyingi bosqichda yana 1 ming 455 gektar yer o‘zlashtiriladi.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, 350ta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 10 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinadi.
Ushbu foydalanilmay kelgan tashlandiq yerlarda obod bog‘ barpo etish oson bo‘lgani yo‘q. Klaster buning uchun yerga tuproq soldi, unumdor texnologiyalar olib kelindi. Bu, albatta, yurtimizda qarovsiz yotgan yerlarni o‘zlashtirib, aholiga daromad keltiradigan maydonlarga aylantirish bo‘yicha boshlangan sa'y-harakatlarning mevasi.
Davlat rahbari bog‘ni ko‘zdan kechirdi, shu yerda nuroniylar, qishloq xo‘jalik xodimlari bilan suhbatlashdi.
Namangan viloyatida tumanlarni muayyan qishloq xo‘jalik ekinlariga ixtisoslashtirish, jumladan, Kosonsoy, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlarini bog‘dorchilikka yo‘naltirish lozimligi qayd etildi.
«Boshqa yo‘limiz yo‘q. Yerimiz jannat, bundan foydalanib, Namanganni boshqa hududlarga namuna qilishimiz kerak, odamlarni uyg‘otishimiz lozim. Yilma-yil foydalanish sharti bilan yerini, urug‘ini, ko‘chatini, mablag‘ini beramiz, qolgan harakat odamlarning o‘zidan bo‘lishi kerak. Shunday qilmasak ertaga natijamiz bo‘lmaydi», dedi prezident.
Shu yerda Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga oid loyihalar, istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Davlat rahbari qishloq xo‘jaligiga bunday yangicha yondashuv O‘zbekistonning yangi qirralarini, yangi imkoniyatlarini amalda namoyon etadigan tizim bo‘lishi darkorligini ta'kidladi.
Mutasaddilarga tumanlarni muayyan ekin turlariga ixtisoslashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish, bunda har bir hududning iqlimi, imkoniyatlarini hisobga olish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
07:34 / 23.12.2024
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
21:19 / 21.12.2024
Tadbirkor prezidentdan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berishni so‘radi
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
18:40 / 21.12.2024