Oq uy «Tolibon» va Rossiyaning AQShga qarshi maxfiy kelishuvi haqidagi maqolaga munosabat bildirdi
Oq uyning ma'lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya razvedkasi Afg‘onistonda amerikalik harbiylar o‘ldirilishi uchun «Tolibon»ga maxfiy ravishda mukofot pullari va'da qilgani haqidagi xabarlardan voqif qilinmagan. Bu vaqtda Trampning prezidentlik saylovlaridagi raqibi Jo Bayden prezidentni Moskvaga qarshi choralar qabul qilishga qodir bo‘lmagan siyosatchi sifatida tanqid qilib chiqdi.
Oq uyning reaksiyasi
Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani shanba kuni o‘tkazilgan brifingda aytishicha, na prezident Tramp, na vitse-prezident Mayk Pens «rossiyaliklar amerikaliklar boshi uchun ov e'lon qilgani haqida»gi xabarlardan xabardor qilingan.
«Odatda Oq uy razvedka ma'lumotlarini muhokama qilmaydi, biroq shuni aytishim mumkinki, prezidentga ham, vitse-prezidentga ham bu haqida hisobot berilmagan. Buni ularning o‘zlari, MRB direktori, Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi ham tasdiqlay oladi. New York Times nashri xatolik qilgan, ular prezident Tramp bu haqda xabardor qilingani haqida yozib xato taxmin qilishgan», degan u.
Juma kuni New York Times nashri Afg‘oniston masalasida o‘tkazgan tekshiruv natijalari ma'lum qilingan, unga ko‘ra, go‘yoki Yevropadagi suiqasdlarga aloqador bo‘lgan Rossiya harbiy razvedkasining qaysidir bo‘limi o‘tgan yili Afg‘onistonda harbiy koalitsiya vakillariga, jumladan, amerikalik harbiylarga uyushtirilgan muvaffaqiyatli hujumlar uchun mukofot va rag‘batlantirishlar va'da qilgani aytilgandi.
Gazeta o‘z manbasiga tayanib xabar bergan, «Tolibon» va unga yaqin bo‘lgan qurolli guruhlar ma'lum miqdordagi mukofotlarni qo‘lga kiritgani haqida yozgan.
New York Times talqiniga ko‘ra, bu haqda mart oyidayoq Trampga hisobot berilgan, ammo u bunga javoban hech qanday sanksiya qo‘llamagan. Gazetaning yozishicha, Amerika hukumati Oq uydagilarga Rossiyaning ushbu harakatiga qarshi bir nechta javob variantini tayyorlagandi — diplomatik kanallar orqali shikoyatlardan tortib yangi sanksiyalarga qadar.
Baydenning reaksiyasi
Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Bayden agar bu nashr ma'lumotlari haqiqat bo‘lsa, prezident bunday vaziyatda harakatsiz qolgan bo‘lsa, «bu chindan ham dahshatga soluvchi yangilik» bo‘lishini qayd etdi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda Tramp nafaqat «xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzgani» uchun Rossiyani jazolay olmagan, balki rossiyaliklar prezidenti qarshisida ojizligini yana bir bor namoyon etgan. Trampning raqibi noyabrdagi saylovlarda g‘olib chiqsa Vladimir Putinga qarshi turishi va Rossiyani o‘z harakatlari uchun jiddiy darajada to‘lov qilishga majbur qilishiga va'da bergan.
Nashr materialida aytilishicha, Tramp Afg‘onistondagi harbiylarni olib chiqishga harakat boshlagan vaqtda amalga oshirilgan hujumlar uchun mukofotlar va'da qilingandi.
Fevral oyi oxirida AQSh va «Tolibon» kelishuv tuzgan, unga ko‘ra Afg‘onistonda tinchlik jarayoni boshlanishi va AQSh tarixida eng uzoq vaqt davom etgan urushga chek qo‘yilishi nazarda tutilgandi. Kelishuvga ko‘ra, ushbu mamlakat hududidan amerikalik harbiylar bosqichma-bosqich olib chiqilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni 8 600gacha tushirildi.
O‘tgan yilda Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda AQShning 20 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, ammo ularning qaysilari jangarilarning mukofot olish istagi qurboni bo‘lgani aniq emas.
Toliblarning reaksiyasi
Shanba kuni «Tolibon» Rossiya bilan kelishuv haqidagi nazariyaga raddiya berdi va fevral oyida Vashington bilan tuzilgan kelishuvga amal qilinayotganini bildirdi.
Toliblarning bayonotida ular razvedka organlari yoki xorij davlatlari oldida hech qanday majburiyatga ega emasligi ta'kidlangan.
«Biz ushbu da'voni qat'iyan rad etamiz. O‘n to‘qqiz yillik Islomiy Amirlik biror bir razvedka organi yoki xorij davlatining foydasiga bog‘lanmagan va u o‘z maqsadlarini belgilashda hech kimning yordamiga muhtoj emas», deyiladi bayonotda.
«Tolibon» vakillarining hisoblashicha, bu kabi mish-mishlar AQSh qo‘shinlarining mamlakatdan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilish, Amerikadagi tinchlik tarafdorlarini chalg‘itish, shuningdek, xorij doiralariga buyuk qahramonlik va yutuqlarni qo‘shib qo‘yish maqsadida tarqatilmoqda.
«Biz o‘z xalqimiz va butun dunyoga shuni ma'lum qilamizki, Islomiy Amirlik biror kimning quroli emas va xorij manfaatlarini ilgari surish yo‘lida foydalanilmaydi», deyiladi bayonotda.
Unda shuningdek, Afg‘onistonda amerikalik harbiylar odatda janglarda emas, balki qo‘lbola portlovchi qurilmalar harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lishi qayd etilgan.
Moskvaning reaksiyasi
Rossiyalik diplomatlar New York Times nashri maqolasiga keskin norozilik bildirishdi.
«Agar hammaga ma'lum bo‘lgan faktlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Afg‘onistonda Amerika razvedka jamiyati doirasidagi kishilar narkotrafikka aloqadorligi, transport karvonlari harakati uchun jangarilarga pul to‘lashi va amerikalik saylovchilar solig‘i hisobiga bajariladigan turli loyihalar bilan shug‘ullanishlari sir emas», deyiladi Rossiya TIV bayonotida. Amerika gazetasidagi material esa «feyk xabar» deb atalgan.
Avvalroq Rossiyaning AQShdagi elchixonasi New York Times nashridagi «asossiz va anonim ayblov» tufayli Vashington va Londondagi rossiyalik diplomatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlarga uchray boshlaganini ma'lum qilgandi (maqolada AQSh Afg‘onistondan kelgan razvedka ma'lumotlarini harbiylari ushbu hududda bo‘lib turgan Buyuk Britaniyaga ham yuborgani aytilgandi). Elchixona tahdidlarning skrinshotlarini e'lon qilgan.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kremlning ushbu ayblovlardan xabari yo‘q. «Kimdir bu kabi ayblovni ilgari sursa, biz bunga javob qaytaramiz», degan u.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
23:50 / 29.11.2024