O‘zbekiston | 17:18 / 29.06.2020
48832
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda koronavirusdan ilk o‘lim qayd etildi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 23taga yetdi

Shofirkon tumanida yashagan, 21 iyun kuni koronavirusdan zararlanish tashxisi bilan Buxoroda shifoxonaga yotqizilgan ayol olamdan o‘tdi. Bu ushbu viloyatda koronavirusdan ilk o‘lim holati, O‘zbekistonda esa 23-o‘lim bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoroda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan M.S. koronavirus infeksiyasida gumonlanib, joriy yil 21 iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. 

U «Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, semizlik 3-darajasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Nafas yetishmovchiligi 3-daraja» tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemor (ayol) bundan avval, so‘nggi 8 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, arterial gipertoniya, yurak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli Buxoro viloyatidagi shifokorlarimiz bilan bir qatorda mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislarining ham nazoratida bo‘lib, ular ishtirokida konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarimizning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

28 iyun kuni Toshkentda ikki kishi koronavirus tufayli vafot etgani, ulardan biri shifokor bo‘lib, xizmat vaqtida virusga chalingani xabar qilingandi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 13, Namanganda 4, Samarqandda va Surxondaryoda 2tadan, Farg‘onada bitta o‘lim ro‘y bergandi.

Mavzuga oid