O‘zbekiston | 11:30 / 01.07.2020
46261
4 daqiqa o‘qiladi

«Marhumning yaqinlaridan har qancha kechirim so‘ralsa ham kam» - IIV Andijondagi qiynoq haqida

Bugun, 1 iyul kuni Xalqaro press klubning «Andijondagi jinoyat ishi» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan sonida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Andijonda qiynoq natijasida vafot etgan fuqaro haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«30 may kuni Andijon shahrida IIV xodimlari tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyat tizimga tushgan katta dog‘ bo‘ldi. Tizimda kattaroq o‘zgarishlarni boshlamasak, bu dog‘ kamchiliklarimiz haqida eslatib turaveradi.

Bu voqea sodir bo‘lgandan so‘ng Andijon viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati, hokimiyat prokuratura vakillari borib vaziyatni o‘rganishgan, aybdorlar hibsga olingan», deya qayd etdi u.

Shohruh G‘iyosov IIV xodimlari marhumning yaqinlari holidan xabar olishganini, ulardan kechirim so‘rashganini aytib o‘tdi.

«Bu vaziyatda ichki ishlar tizimi marhumning yaqinlaridan har qancha kechirim so‘rashsa ham kam. Bundan keyin uzrimizni qilayotgan ishlarimiz bilan ko‘rsatishga harakat qilamiz», deya ta'kidladi IIV vakili.

Shohrux G‘iyosov vafot etgan fuqaro bilan sodir bo‘lgan vaziyat haqida ham ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, marhum A.A arizani ko‘rib chiqish maqsadida IIV xodimlari tomonidan kechki payt uydan olib chiqib ketilgan. Bu ishda ariza ko‘rib chiqish muddati buzilgan, fuqaro kechki payt olib chiqib ketilib, gaplashish jarayonida uning rahbariga ma'lumot bermasdan IIV xodimlari tomonidan tartib buzilgan.

«Bu ishda shu kabi tartib buzilishi holatlari kuzatilgan. Vaziyatga, albatta, prokuratura o‘z bahosini beradi.

Agar IIVning o‘ziga qiynoq to‘g‘risida shikoyatlar kelib chiqadigan bo‘lsa, holat yuzasidan darhol ishchi guruhi tuziladi. Andijondagi vaziyat bo‘yicha ham ishchi guruh tuzilib, o‘rganishlar natijasida 3 nafar xodim qamoqqa olingan, 5 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan, 1 nafar rahbar xodim esa ichki ishlar tizimidagi lavozimidan ozod qilingan, yana 19 nafar xodimga esa turli jazo choralari qo‘llanilgan», dedi Shohrux G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kelib tushgan.

Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvdagi ariza yuzasidan fuqaro A.A.ni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Jabrlanuvchi A.A.ga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 11 iyun kuni vafot etgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda Andijon va Chiroqchida ichki ishlar organlari binosida tergov qilingan fuqarolar qiynoq oqibatida vafot etgan holatlarga munosabat bildirib, ichki ishlar organlari rahbarlarini bu holatlar uchun tanqid qilgandi.

Mavzuga oid