Hokimlik, IIB va OTM xodimlari: DXX korrupsiyaga oid uchta yirik holatni fosh etdi
Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan Prokuratura va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Kapital qurilish bosh boshqarmasida ishlovchi mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar oralig‘ida joylashgan 1 gektar bo‘sh yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga rasmiylashtirib berishni va'da qiladi va evaziga 1 mln 400 ming AQSh dollari so‘raydi.
DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlarining shahar prokuraturasi va ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxs kelishilgan puldan 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, qo‘lga olingan shaxs ushbu pul mablag‘larini Chilonzor tumani hokimligida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi rahbar xodimga berishi kerakligi ma'lum bo‘lgach, tezkor tadbir davom ettirilib, u ham 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, bunday noqonuniy holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Yangiyo‘l tuman ichki ishlar bo‘limining mayor unvonidagi mas'ul xodimi mahalliy fuqaroni «Chinobod neft baza» mas'uliyati cheklangan jamiyatining filiallaridan biriga rahbarlikka tayinlanishida yordam berishini aytib, buning uchun undan 50 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX xodimlarining Prokuratura organlari bilan o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida u kelishilgan puldan 10 ming AQSh dollarini Toshkent shahrida joylashgan Ichki ishlar vazirligi markaziy gospitali yonida olayotgan vaqtida ushlandi.
Ta'kidlash lozimki, ayni vaqtda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imtihonlari yaqinlashayotgani bois, afsuski, bu sohada ham korrupsiya bilan bog‘liq holatlar qayd etilmoqda.
Jumladan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand davlat universiteti xodimi 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul komissiyasi a'zosi bo‘lgan katta o‘qituvchi bilan birgalikda ikki kishini o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 6 ming AQSh dollari olayotgan vaqtlarida ushlandilar.
Shuningdek, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchisi o‘zi faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtiga ikki nafar fuqaroni davlat granti asosida o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga, ularning har biri uchun 5 ming AQSh dollaridan pul so‘rab, avvaldan 2 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlandi.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024