Jamiyat | 20:45 / 03.07.2020
53625
7 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi qulagan mehmonxona: uning qurilishi chindan ham noqonuniy edimi?

Foto: KUN.UZ

Shu yil 23 iyun kuni kechqurun Qarshi shahri Islom Karimov ko‘chasidagi «Nasaf-Travel» mehmonxonasi yonida qurilayotgan 5 qavatli qurilishi yakunlanmagan binoning bir qismi qulab tushgan edi.

Taassufki, bino konstruksiyalarining qulashi natijasida surxondaryolik bir quruvchi vafot etgan.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, buyurtmachi «Nasaf-Travel» kompaniyasi hukumatning 2018 yil 18 maydagi 370-son qarori ilovasi — «Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti»ga muvofiq, viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor etmagan.

Shuningdek, mazkur obekt qurilishi bo‘yicha, Qarshi shahar hokimining 2018 yil 5 iyundagi «Nasaf-Travel» kompaniyasiga tegishli 4566 kv.m yer maydonida joylashgan «Mehmonxona va restoran»ni rekonstruksiya qilishga hamda o‘z hududidan yordamchi binolar qurishga ruxsat etish to‘g‘risida»gi qarori bilan obektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat DAQN inspeksiyasidan ruxsatnoma olish yuklatilgan bo‘lsa-da, buyurtmachi tomonidan ushbu talab bajarilmagan.

«Inspeksiya tomonidan ushbu obekt qurilishi bo‘yicha buyurtmachi «Nasaf-Travel» kompaniyasi bir necha bor ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, noqonuniy ravishda obektda qurilish-montaj ishlarini davom ettirgan. Tadbirkorlik sub'yekti qonunda ko‘rsatilgan erkinliklarni suiiste'mol qilgan. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida OAV vakillari uchun tashkil qilingan brifingda viloyat qurilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘ra Ergashevning ma'lum qilishicha, mehmonxona yonidagi bino qurilishi sifati bo‘yicha viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektorlari shug‘ullanishi kerak. Boshqarma tomonidan bir necha marta taqdimnomalar kiritilgan, biroq tadbirkor tomonidan bunga rioya etilmagan, loyiha-smeta hujjatlari qilinmagan, tegishli xulosalar olinmagan.

Kun.uz muxbirlari voqea yuz bergan joyda bo‘lib, qurilish uchun mas'ul kishilarga uchrashishdi.

«Nasaf-Travel» ta'sischiligidagi tashkilot rahbari Jahongir Po‘latov Kun.uz muxbirlari savollariga javob bera turib, qurilish ishlari noqonuniy olib borilmaganini ta'kidladi.

Uning aytishicha, barcha ishlar shahar hokimligining 2018 yil 7 iyunda chiqarilgan qaroriga ko‘ra olib borilgan. Qurilish ishlari olib borish uchun barcha hujjatlar tayyorlangan, tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan, ruxsatnomalar olingan. Bu holda shahar hokimining rekonstruksiya ishlari olib borishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori hukumat qaroridan 18 kun keyin chiqqan va soddalashtirilgan tartibdan foydalanilgan.

J.Po‘latov shuningdek, OAVda va boshqa turli resurslarda qurilishga oid tekshirilmagan, isbotsiz xabarlar tarqalayotgani, qurilishga aralashgan korrupsiya tufayli ushbu voqea yuz bergani haqidagi taxminlar ham bo‘htonligi haqida ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, qurilishni kompaniya o‘z mablag‘lari evaziga amalga oshirmoqda. «Kompaniya o‘z pulini o‘zi o‘g‘irlamaydi-ku?», deya e'tiroz bildirdi u.

U har qanday masala yuzasidan istalgan OAV va blogerlarning savollariga javob berishga tayyorligini, lekin kompaniyaga bu borada hech kim murojaat qilmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Biz Qarshi shahar qurilish bo‘limida bo‘lganimizda, hokim qarori «Nasaf-Travel» kompaniyasiga tegishli hududda ko‘p qavatli turarjoy qurilishi ishlari olib borilishi uchun emas, mavjud binoni rekonstruksiya qilish uchun chiqarilganini ta'kidlashdi.

Chindan ham bu gapda jon borga o‘xshaydi. Ko‘tarilayotgan besh qavatli binoning birinchi qavatida buzilmagan eski korpuslar hamon saqlanib turibdi. Magarki, qurilish ishlari risoladagidek olib borilishi talab etilsa, eski binolar buzib tashlanib, qaytadan kotlovan qazilib, so‘ngra ko‘p qavatli yangi imorat tiklanishi kerak emasmidi, degan o‘rinli savol tug‘iladi.

Barcha loyihalar tasdiqdan o‘tganini ta'kidlagan J.Po‘latov esa o‘sha kuni voqea qanday yuz bergani haqida aytib o‘tdi.

Qayd etish joizki, qurilish ishlarini biror pudratchi korxona emas «Nasaf-Travel» kompaniyasi o‘zi olib bormoqda ekan. O‘sha kuni qurilish uchun mas'ul xodimning otasi o‘tib qolgani uchun u javob olib uyiga ketgan. Taxmin qilinishicha, ishchilar beshinchi qavatga tomyopma plita yotqizishgach, ertasi kuni ish davom ettirish uchun tomga qurilish materiallari — shag‘al, sement va h.k. olib chiqib qo‘yishgan. Tom konstruksiyasi va plita og‘irlikni ko‘tara olmay singan va qulashga sabab bo‘lgan.

J.Po‘latov nazorat idoralaridan qurilish ishlari noto‘g‘ri olib borilayotgani borasida hech qanday xat yoki ogohlantirish xati pochta yoki kurerlik tashkilotlari, yoxud elektron tarzda taqdim etilmaganini aytib o‘tdi. Hattoki pochta ham bunday xat yetkazilgan yoki yetkazilmagani haqida tayinli javob bera olmagan. «Lekin pochta tomonidan «Nasaf-Travel» kompaniyasiga hech qanday xat yoki taqdimnoma yetkazilmagan», dedi u.

Kompaniya vakili marhum quruvchi oilasiga ko‘mak berishi, oila a'zolarini ish bilan ta'minlashi, qonunchilikda ko‘zda tutilgan kompensatsiyani to‘liq hajmda to‘lab berishini ta'kidladi.

Ayni paytda Qarshi shahrida yuz bergan mazkur shov-shuvli holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. So‘nggi bahoni huquqni muhofaza qiluvchi organlar beradi. Mehmonxona qurilishi mas'ullari esa hozircha barchasini baxsiz hodisaga yo‘yishmoqda…

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid