Jahon | 10:46 / 03.07.2020
55696
15 daqiqa o‘qiladi

Shahanshoh. Yana Putin va referendum haqida

«Prezidentlik davrimning boshlari edi. Oldimga bir guruh odamlar keldi-da, «Chindan bu mamlakatni boshqaraman deb o‘ylayapsizmi?» deyishdi. Men «ha», deb javob berdim. «Ko‘ramiz» deyishdi, men ham «ko‘ramiz» dedim». Vladimir Putin

Sergey Karpuxin / Reuters / Scanpix / LETA

Yangi asr boshidan buyon Rossiyani boshqarib kelayotgan Vladimir Putin dunyodagi eng yirik mamlakatni yana ikki muddat boshqarish imkoniga ega bo‘ldi. Aniqroq aytganda, yangi asrning 2008-12 yillarida tanaffus qilgan holda Rossiyani boshqarib kelayotgan Putin. Axir bu muddatda Rossiyani Medvedev boshqargani fakt, qolgan har qanday fikr taxmindan boshqa narsa emas.

Asosiy ishi Kreml, xususan, Putinni tashviqot qilish bo‘lgan rus nashrlarida bu o‘zgarishning «hayot-mamot masalasi» ekani haqida har qancha gapirilmasin, Putin keskin tanqidlar girdobida qolmoqda. Vladimir Vladimirovich buni juda yaxshi biladi, axir u chumchuqdan qo‘rqqanida tariq ekmasdi, to‘g‘rimi? Quyida hammasi nega bunday rivojlandi, degan savolga o‘z xabardorligimiz darajasida mulohaza yuritamiz.

To‘rt mushketyor

So‘zimiz avvalida Putin prezidentlik davrida duch kelgan voqeani keltirdik. Bu qaysidir filmdan olinmagan yoki o‘ylab topilgan hikoya emas. Putin bu haqda intervyularidan birida aytgan. O‘sha odamlar kim bo‘lgan deb o‘ylaysiz? Ularning kimligini aniq aytib bo‘lmasa-da, taxmin qilish mumkin. Aytaylik, ulardan biri Mixail Xodorkovskiy bo‘lgandir. Balki Roman Abramovichdir? Putinga zaharxanda qilgan odam Boris Berezovskiy yoki Vladimir Gusinskiy ham bo‘lishi mumkin.

Vladimir Vladimirovich taxtga kelgan vaqtda bu to‘rtlik Rossiyaning eng yirik tadbirkorlari edi. Putin ular bilan kelisha olmagani haqida ko‘p gapirilgan. Rossiya siyosatini kuzatib boradiganlar bu gaplar haqiqatga yaqinligini tushunadi. Boris Yelsin davrida Rossiyada yoppasiga xususiylashtirish boshlanadi va natijada yirik milliarderlar paydo bo‘ladi.

Bu milliarderlar, xususan, yuqoridagi to‘rtlik ortida AQSh turgani haqida ko‘p gapirilardi. Rossiyada esa Amerika degan so‘zga allergiya borligi sir emas. Agar chindan bu tadbirkorlarning ortida Rossiyaning asosiy raqobatchisi (yoki dushmani) turgan bo‘lsa, tabiiyki Putin buni fojia sifatida qabul qilgan. Axir mamlakat harbiy jihatdan har qancha qudratli bo‘lmasin, uning kapitalini boshqalar nazorat qilsa, harbiy qudrat bir pulga qimmat bo‘lib qoladi.

Shu tariqa, Putin bunaqa xususiychilik kerak emas deb, milliarderlarga keskin zarba beradi. Oqibatda bugun Xodorkovskiy kabi xususiylashtirish ortidan milliarder bo‘lib ketganlarni uchratmaysiz. Bir so‘z bilan aytganda, Putin o‘ta murakkab vaqtda hokimiyat tepasiga kelib mamlakatni boshqarishni istayotgan boylarga «Janoblar, Rossiyaning egasi bor», dedi.

Putin balki mana shu qat'iyati uchun Rossiya taxtiga kelgandir. O‘zi uning davlat rahbarligiga kelishi ham noodatiy bo‘lgandi. Salomatligi yomonlashgan Yelsin 1999 yil 31 dekabr kuni yangi yil tabrigini o‘qiydi-da, prezidentlikdan ketishi, uning o‘rnini vaqtinchalikka FSBning sobiq rahbari va bir necha oy hukumat rahbari bo‘lib ishlagan Vladimir Putin egallashini aytadi. Ammo Putin tomdan tarasha tushgandek prezidentga aylanib qoldi deb bo‘lmaydi. U mamlakatning eng asosiy odami bo‘lish uchun yetarlicha uzoq masofani bosib o‘tgan.

Yuqorida qat'iyat haqida gapirdik. Aslida Yelsinda ham bu borada muammo yo‘q edi. Gorbachyovni SSSR prezidenti bo‘lib turgan vaqtdayoq mamlakatning ikkinchi raqamli odamiga aylantirib qo‘ygan qat'iyat sohibi aynan Yelsin edi. Rossiyaning birinchi prezidenti yoshi o‘tgani sabab o‘rniga mamlakatni «o‘zidan kam sevmaydigan» inson kelishini xohladi.

Bu nomga munosib ko‘rilgan Putin dunyoga juda tez tanildi. Yo‘q, Rossiya prezidenti bo‘lgani uchun emas, haddan tashqari xotirjamligi, chertib gapirishi, tabassum ortida yashirin intellekti bilan. Albatta, keragidan ortiq vaqt taxtda o‘tirishni oqlash qiyin, lekin Putin siyosatchi sifatida yetuk inson ekanini ham tan olish kerak.

«Tereshkova tuzatuvi»

Putinning prezidentlik vakolatlarini oshirish taklifi Valentina Tereshkovadan chiqqani, aynan koinotga chiqqan ilk kosmonavt ayolning taklifi sababgina Putin yana ikki marta prezidentlik saylovlarda qatnasha olishi kabi gaplarga... mayli ishondik ham deylik. Ammo bu ish aslida kimning tashabbusi ekanini hamma bilib turibdi. Aynan o‘sha odam yaqin kelajakda yana AQSh sarmoyasi bilan Rossiyada katta qudratga ega bo‘ladigan milliarderlar chiqishidan hayiqib, amaldagi siyosiy tuzum o‘zgarmasligini xohlamoqda.

O‘zining aytishicha, Rossiya manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan Putin mamlakat iqtisodiyoti pasayib ketayotgani fonida aql bovar qilmas ko‘lamda tanqidlar girdobida qolib ketayotganini his qilsa-da, taxtda qolishni istamoqda. U bugungi dunyoda AQShga, uning «iqtisodiy agressiv» siyosatiga qarshi «Rossiya tomonidan turib jang qila oladigan» yagona inson o‘zi deb o‘ylar balki. Bu fikrga mamlakat aholisining katta qismi ham ishonib bo‘lgan...

Bir so‘z bilan aytganda, unda yashirin qo‘rquv – paranoyya bor. Mensiz Rossiya amerikaliklarning qo‘liga o‘tib ketadi, degan qo‘rquv. Vaholanki okean ortida uni butun boshli «AQSh prezidentini tayinlashda» ayblashmoqda. Xullas, u ham, AQSh ham bir-birining kuchiga balki keragicha, balki keragidan ortiq baho bermoqda.

Bosh vazir nega almashdi?

Ko‘p yillar davomida Rossiya bosh vaziri bo‘lib ishlagan Dmitriy Medvedev kutilmaganda iste'foga chiqarildi. Uning o‘rnini ko‘pchilik uchun taniqli bo‘lmagan soliq qo‘mitasi rahbari Mixail Mishustin egalladi. Putindan nega odamlar unchalik yaxshi tanimaydigan kishi bosh vazir bo‘lgani haqida ham so‘rashdi: «Kechirasiz, siz uni yaxshi tanimasligingiz mumkin, lekin men Mixail Vladimirovichni yaxshi davlat xizmatchisi deb bilaman», dedi Putin yangi hukumat rahbari haqida.

Mishustin bosh vazir bo‘lgach, ko‘pchilik buni Putinning kelajak uchun rejasi deb o‘yladi, axir 2024 yilda uning prezidentlik vakolati tugaydi. 2008 yilda ham shunday bo‘lgan va Putin bosh vazirlikka o‘tib, amaldagi bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgandi. Ko‘pchilikning fikricha, o‘sha vaqtda Putin «shunchaki bosh vazir bo‘lmagan». Ammo bu ham faqat nazariya, fakt emas.

Shu bois, Mishustin hukumat rahbarligida Medvedevni almashtirganda 2008 yilgi rokirovka yana takrorlanadi deb o‘ylashdi. Ya'ni, yaqindagina soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lgan janob Mishustin vaqtincha prezident, Putin esa bosh vazir bo‘lishi tusmollandi. Vaqtincha, albatta. Ammo bu reja amalga oshishiga bir shubha bor edi. Medvedev davlat rahbariga aylangan vaqtda Rossiyada prezidentlik vakolati 4 yil edi, hozir esa 6 yil.

Putin konstitutsiyani o‘zgartirish haqida gapirib, maxsus komissiya tuzganidayoq o‘zgartirish aynan prezidentlik lavozimi haqida bo‘lishini hamma tushunib turgandi. Hali Putinning oldingi muddatlari «nollashtirilishi» haqida gap bo‘lishidan avval ko‘pchilik konstitutsiyadagi o‘zgarish Rossiyada prezidentlik muddati yana 4 yilga qisqarishi haqida bo‘ladi deb o‘yladi. Axir 6 yil «vaqtincha prezident» bo‘lish juda uzoq muddat. Biroq bunday bo‘lmadi. 2024 yil kelishiga yana uch yil bor, shunday bo‘lsa-da, amaldagi yetakchi kelajagini ham qonuniy tarzda sug‘urtalab qo‘ydi...

Leninning tug‘ilgan kunidagi referendum

Rossiya konstitutsiyasiga Putinga yana ikki muddat saylanish imkonini beradigan o‘zgartirish kiritilishi uchun kerakli hujjatlar imzolangan bo‘lsa-da, eng asosiy ish endi qilindi. O‘zgartirish kuchga kirishi uchun referendum o‘tkazildi va xalq ovoz berish yo‘li bilan muhim o‘zgarishni tasdiqladi. Hammasi oddiy, ovoz berish jarayonida qatnashganlarning 78 foizi o‘zgarishlarni yoqladi va Putinning oldingi muddatlari nollashtirildi.

Eng qizig‘i, referendum dastlab 22 aprel kuni o‘tkazilishi belgilangandi. Buning nimasi qiziq deysizmi? Shunchaki bu kunda boshqa bir jahongir – Lenin tug‘ilgan. Ammo koronavirus sabab referendum 1 iyulga ko‘chirildi.

«Putin – xalqaro hakam»

Putinning yana lavozimda qolishi mumkinligi mamlakat telekanallarida tabiiyki olqishlanmoqda. «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi vakili Sergey Mironovning Putin vakolatlari oshirishi haqidagi gaplari Rossiya telekanallarida aylanmoqda: «Turkiya yetakchisi Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda bizning prezidentimiz butun dunyoni urushdan qutqarib qoldi. Bu muzokaradan keyin Tramp, Merkel va boshqa dunyo yetakchilari yengil tin oldi, chunki urushning boshlanish-boshlanmasligi ularning emas, bizning prezident qo‘lida edi! Biz konstitutsiyaga o‘zgartirish uchun ovoz berayotganda Rossiya hukumati tepasida kim turganini juda yaxshi anglab turgandik. Uni xalqaro hakam desa ham bo‘ladi».

Ba'zi iddaolarga ko‘ra, Putin 2024 yilgi saylovlarda qatnashmasa ham, bu o‘zgarish uning qolgan qonuniy 4 yillik muddatini xotirjam o‘tkazishi uchun muhim. Emishki, Putin 2024 yildan keyin ketishi aniq bo‘lgan prezidentga aylansa, xalqaro maydonda u bilan hisoblashmay qo‘yishadi. Bu «nazariya» tarafdorlari ruschasiga aytganda Putinning «oqsoq o‘rdak»ga aylanishidan xavotirda edi. Ammo bu fikrlarga qo‘shilish qiyin, chunki Rossiya prezidentligidagi oxirgi kunida ham Putin, Rossiyadek katta davlatning rahbari har qanday holatda katta odam bo‘lib qolaveradi.

Vladimir Jirinovskiy bu borada shunday dedi: «Bu narsa prezident qolgan 4 yilni xotirjam ishlab o‘tkazishi uchun kerak edi. U mamlakatda favqulodda holat bo‘lib qolsa, hukumat tepasida qolishi mumkinligini his qilgan holda ishlashi kerak. Hozir shundog‘am yarim harbiy holatdamiz».

Jirinovskiy Putinni go‘yoki tanqid qilgan ham bo‘ldi: «Menga qolsa, prezidentni kengashning o‘zida saylab qo‘yaverish kerak. Axir 2024 va 2030 yillardagi saylovlarda kim yutishi aniq bo‘lgan holda saylov kampaniyasi o‘tkazish uchun pul sarflamay qo‘yaveraylik. Bu uchun budjetdan juda katta mablag‘ ketadi. Hammasi Putin Vladimir Vladimirovich yana 12 yil prezident bo‘lib qolish uchun qilinmoqda».

Jirinovskiy 2036 yilgi prezidentlik saylovlarida 90 yoshda bo‘lishiga qaramay qatnashishini aytib, hazil ham qildi.

Neft, rubl...

Putin uchun hozirgi Rossiya muammolar girdobida qolgan davrni eng yaxshisi deb bo‘lmaydi. Neft narxi keskin tushib ketgani Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qildi, chunki mamlakat bu xomashyoga qattiq bog‘langan. Neft arzonlagani fonida rubl ham qadrsizlanib, 1 AQSh dollari 82 rublgacha ko‘tarilgan vaqtlar bo‘ldi. OAVda har qancha shovqinli chiqishlar qilinmasin, islohot uchun avvalo pul kerak bo‘ladi. Bunday holatda hukumatda qolish esa «qahramonlikning o‘zginasi».

Putinga qarshi kampaniya

2010 yilda ham rus jamiyatida Putinga bo‘lgan salbiy munosabat shakllanib, unga qarshi o‘ziga xos kampaniya boshlangandi. U vaqtda Putin Rossiyada bosh vazir lavozimida edi. 2008 yilda (Medvedev prezidentlikka kirishganidan so‘ng) prezidentlik vakolatining 4 yildan 6 yilga uzaytirilganida bu ish nima uchun qilinganini hamma tushungan va bu ish Putinga qarshilar soni ortishiga sabab bo‘lgandi.

2010 yilda Putinga qarshi butun boshli putinvotstavku.org sayti ishga tushirilib, unda Putinning hukumatdan ketishini qo‘llovchilardan imzo yig‘iladi. Saytda «Putin ketishi kerak» sarlavhali bayonot ham e'lon qilingan. Bayonotda jumladan shunday deyilgandi: «Halokatga yuz tutayotgan ijtimoiy-siyosiy rus jamiyatining arxitektori – Vladimir Putin. U amalda hukumat tepasida turar ekan hech qanaqa islohot qilib bo‘lmaydi. Putinparastlikdan qutulish yangi erkin Rossiya tuzish yo‘lidagi eng muhim qadam bo‘ladi».

Bayonotda Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin ham tanqidga olingan va u o‘z daxlsizligini o‘ylab, Putinni o‘rnida qoldirgani iddao qilingan. O‘sha vaqtda amaldagi prezident bo‘lgan Dmitriy Medvedev esa «gapga kiradigan bolakay»ga qiyoslanadi. Bu kampaniya tashabbuskori Andrey Piontkovskiy ekani, bayonot matni muallifi esa afsonaviy shaxmatchi Garri Gasparov ekani aytiladi. Bu harakatni keyinchalik (2015 yil) Kreml yaqinida otib ketilgan Boris Nemsov ham qo‘llagandi.

Xullas, rus xalqi katta tanlovni amalga oshirdi. Qanday hayotni tanlash esa ularning o‘ziga bog‘liq. Nima bo‘lganda ham, tinchlik bo‘lsin...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid