Sport | 09:14 / 04.07.2020
36631
10 daqiqa o‘qiladi

«Eng to‘g‘ri javob». PFLning xo‘jayini kim?

Kecha «Sport TV» kanalida PFL direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev mehmon bo‘ldi va bir qator savollarga javob berdi. Jumladan, Superligada jamoalar sonini 14tadan 12taga tushirish qarorini ham ochiqlab, bu o‘zgarish o‘zbek futbolining rivojlanishiga, musobaqaning, nafaqat Superliga, balki Pro-ligada ham raqobat oshishiga sabab bo‘lishi haqida tushuntirishlar berdi.

Aytilgan fikrlarga qay darajada qo‘shilaman, qaysi mulohazalarni asosli yoki asossiz deb bilaman, bu haqida to‘xtalish o‘rinsiz, zero Superligani chetdan kuzatadigan muxlis yoki jurnalist bilan PFLning «yog‘ida qovurilayotgan» insonning asoslari teng bo‘lmaydi, tabiiyki, Diyorning fikrlari tosh bosishi shubhasiz. Masala boshqa.

Eslasam, milliy chempionatimiz dastlab 17 jamoa bilan boshlangan. Nega aynan 17ta, bilmayman, balki ilk mavsumda yuqori ligada qatnashish bazasi, salohiyatiga ega bo‘lgan jamoalar soni shuncha bo‘lgandir. Keyin uchta jamoa tushib ketib, ikkita chiqdi va standart, taqvim tuzish uchun ham qulay bo‘lgan 16taga o‘zgardi. Bir necha yildan keyin birdaniga jamoalar soni 20taga ko‘tarilgan vaqt ham bo‘ldi. 18ta hech bo‘lganmi, esimda yo‘q, xullas, 14tani ham ko‘rdik, 12ta jamoa uch davrali, oltin ochkolar bilan kuch sinashishganiga ham guvoh bo‘ldik.

Rivojlangan ligalarda biror marta ham format tugul, jamoalar soni o‘zgarmagan bir muddat davomida O‘zbekistonda bunday o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi. Va doim, chiqarilayotgan bu qarorlar aynan futbolimizning rivoji uchun, muxlislarga qiziqroq chempionat bo‘lishi uchun, ya'ni xullas yaxshi niyatlarda amalga oshirilayotganini tushuntirishga urinib kelishdi.

-         Masalan, jamoalar soni 20taga ko‘tarilganda, har bir viloyatdan bittadan jamoa bo‘lsa, joylardagi futbolning ommalashishiga katta turtki bo‘ladi, deyilgandi, xo‘p.

-         Jamoalar soni qisqarganda, yirik hisoblar ko‘payib ketayotgani, raqobat oshishi uchun, har bir o‘yin finalga teng maqomda bo‘lishi uchun, ligada faqat kuchlilar, demak kamroq jamoa to‘p surishi lozim, deyildi, xo‘p.

-         Yana bir payt keldiki, klublar professional bo‘lishi, litsenziya talablariga javob berishi, falondaqa stadion, falondaqa mablag‘ va sharoitlari bo‘lishi kerak, shunga ko‘ra nechta jamoa Ligaga loyiq bo‘lsa, o‘shalar o‘ynaydi, deyildi, xo‘p.

-         Hatto, sport prinsiplariga tupurib qo‘yilgani, quyi liganing qoq o‘rtasida turgan ba'zi jamoalar qulog‘idan tortilib, oliy liga ishtirokchisiga aylanganini ham, aksincha, yakunda oliy ligada qolish vazifasini uddalagan jamoalar tushirib yuborilganini ham ko‘rdik, xo‘p. O‘zbek futboli rivoji uchun.

Lekin bilasizmi, shu kechagi ko‘rsatuvda Diyor Imomxo‘jayev aytganidek, gap formatda emas. Gap umuman formatda emas. Har qanday format, jamoalar sonidan qat'i nazar, qatnashuvchi jamoalar startda va finishda adolat bilan baholanar ekanlar, hammasi to‘g‘ri, hammasi mos deyilaveradi.

Xo‘sh, unda qaysi formatda, nechta jamoa bilan bo‘lishi kerak chempionat? Aniq javob bormi? Magometov u desa, keyin G‘ofurov bu desa, Imomxo‘jayev uchinchi fikrni aytib tursa, har birining fikrlari asosli, foydali, samarali, bo‘lib tursa, nima qilish kerak? Axir har bir inson o‘z xolicha fikrlaydi, bir biridan farq qiladi, ikki to‘g‘ri yo‘l turganda ham, biri u, ikkinchisi bunisini tanlaydi. Bu masala qanday yechiladi?

Masalaning yechimsiz ekani, aniqrog‘i, har zamonda turlicha javoblantirilganidan kelib chiqsak, aslida, savolning qo‘yilishi xato. Aslida, o‘zbek futboliga qaysi format va nechta jamoa eng samarali ekanini bu dunyoda hech kim aniq bilmaydi. Shunday ekan, «qanday qilinsa futbol rivojlanadi?» deb emas, «qanday bo‘lishini istaysizlar?» deb savol qo‘yilishi lozim va shundagina jumboq osonlik bilan yechiladi. Xo‘sh, kimdan so‘raladi bu savol?

Mana shu yerga kelib, asl muammo formatda yoki jamoalar sonida, taqvimda emas, PFLning boshqaruv tuzilmasida ekanini ko‘ramiz. Avvaliga, shunchaki, futbol alifbesini ochib ko‘rishimiz va PFL yoki shu kabi tashkilotlar o‘z strategiyasini belgilashda, strukturasini va tizimini ishlab chiqishda nimalarga suyanishi hamda nimalarning ustida turishi lozimligini bilishimiz kerak bo‘ladi.

Tasavvur qiling, shahar chetidagi bir stadionda haftaning har shanbasida 5-6ta havaskor jamoalar yig‘ilib, futbol o‘ynashadi. O‘ynayverishadi, o‘ynayverishadi, oxiri, ba'zi muammolar paydo bo‘ladi – ba'zida xolis hakam topish kerak, kimdir natijalarni yozib, hisoblab turishi kerak, kim qachon o‘ynashi kerakligi borasida tortishuvlar ko‘payadi – xullas, jamoalar qandaydir boshqaruvga ehtiyoj sezishadi. Endi, bir odamni topib, «senga oyiga falon so‘m badal yig‘ib beramiz, sen buning evaziga, o‘yinlarimizda hakamlik qilasan, uchrashuv natijalari yozib, hisoblab borasan» deb kelishishadi.

Sodda ko‘rinishdagi mana shu kelishuv, aslida, PFL, La Liga, APL kabi qurulmalarning mohiyatidir. Ochiq ko‘rinib turibdiki, bu qurilmada asl xo‘jayin futbol o‘ynaydigan jamoalar bo‘ladi, PFL yoki APL esa, avvalo tashkilotchilik jihatidan javobgardir. Masalaga shunday qaralsa, musobaqa formati, qatnashuvchilar soni kabi masalalar qanday hal qilinishini anglash oson – barcha jamoalar yig‘ilib, hammasi o‘rtada hal qilinadi, tamom. Qaysi biri futbol rivoji, turnirning qiziqligi, daromadlarning oshishi uchun hizmat qilishi haqidagi munozaralar albatta, bo‘ladi, ammo bu bir argumentlar sifatida keltirilib, qaror kutiladi. Ana o‘shanda, chiqarilgan qarordan javobgarlik hissi hech kimda bo‘lmaydi, qaysi yo‘l to‘g‘riroq ekanini zo‘r berib oqlashga urinish ham shart emas.

Misol uchun, Angliya Premer Ligasining boshqaruv strukturasi haqida shunday deb yozilgan:

«Premer Liga korporatsiya sifatida tashkil topgan bo‘lib, uning egasi ishtirokchi 20 klub hisoblanadi. Har bir klub Liga hissadori bo‘lish bilan birgalikda, musobaqani tashkil qilish qoidalari, hamda homiylik kelishuvlarini hal qilishda bittadan ovozga egadirlar. Premer Ligani boshqarish uchun klublar rais, ijrochi direktor va direktorlar kengashini saylaydilar».

Amalda ham shunday. APL klublardan badal puli olish o‘rniga, aksincha, yiliga yuz millionlab funt pul berayotgan bo‘lsa-da, hali ham o‘zini xo‘jayin sanamaydi, har qanday qaror klublar yig‘ilishida ovozga qo‘yish orqali olinadi. Esingizda bo‘lsa, yozgi transfer muddatini surish borasida ham, keyin yana eski o‘rniga qaytarish borasida ham, so‘nggi so‘z klublar tomonidan aytildi.

Nafaqat Angliya, umuman hamma rivojlangan ligalarda ham shunday, ayniqsa, pandemiya davrida, turnirlarni boshlash, tugatish, sanalarni belgilash xususidagi qarorlarda, hammamiz ko‘rdik-ki, klublar bilan hal qilindi, shuning uchun ham oson bo‘lmadi. Hamma rozi bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston PFLda bu haqida qanday hujjatlar bor, jamoalar sonini kamaytirish yoki ko‘paytirish bilan kim shug‘ullanadi, qanday qaror qilinadi, bilmadim-u, tashkilot saytida «PFL maqsad va vazifalari» degan joyida qiziq yozilgan ekan.   

 «Mamlakatimizda professional futbolni takomillashtirish tizimi birinchi navbatda professional futbol klublarimizning Osiyo chempionlari ligasida muvaffaqiyatli qatnashuvini ta'minlash, shuningdek, FIFA, OFK chempionatlari va xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qiladigan yuqori malakali futbolchilar bilan terma jamoalarimiz tarkibini mustahkamlash».

Hech narsa tushunmadim.

Endi yuqorida mavzu haqida. Agar Superligani rivojlantirish uchun nima qilish kerak, qanday formatni tanlash kerak, degan savolga, istalgan paytdagi PFL direktorini olib kelib, javobini eshitsak, yaxshi fikrlarni aytadi. Asoslarga qaralsa, ularning har biri haqdek tuyuladi. Ammo bu fikrlar amalga ko‘char ekan, nohaqlikka aylanadi – sababi, bu masalalar PFLning shu masaladagi qarashi bilan emas, klublar roziligi bilan hal bo‘lishi kerak. Agar jamoalar sonining 14tadan 12taga tushirish klublarning umumiy qarori bilan amalga oshgan bo‘lsa, shuni aytish kifoya.

Ana shunda hammasi oson bo‘ladi. Diyor Imomxo‘jayev «Sport TV»ga kelib, qanday qilinsa, Superliga rivojlanishini soatlab tushuntirishi ham shart emas.

Keladi, «nega jamoalar soni 14 emas, 12taga qisqardi?» degan savolga «klublarni yig‘dik, shu qarorga kelishdi» deydi. Tamom, Masala hal.

Bu savolga boshqacha javoblarning hammasi noto‘g‘ri.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid