Jahon | 12:08 / 05.07.2020
9484
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik diplomatlar koronavirus sababli Saudiya Arabistonini tark etmoqda - OAV

Foto: TASS/Valeriy Sharifulin

Amerikalik diplomatlar Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinish holatlari tobora ko‘payayotgani sababli podshohlikni o‘z oilalari bilan birga tark etishmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, diplomatlarning bir qismi mamlakatni 4 iyulda tark etgan. Yaqin orada Saudiya Arabistonini yana bir necha o‘nlab diplomatlar tark etishi kutilmoqda.

WSJ’ning xabar berishicha, AQSh elchixonasining kamida 30 xodimida koronavirus aniqlangan. Ulardan ko‘pchiligi AQSh fuqarolari bo‘lmay, mart oyidan beri masofadan ishlashgan.  

Ta'kidlanishicha, iyunda AQSh kongressi vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi go‘yoki noma'lum kishidan Saudiya Arabistonidagi epidemiologik vaziyat borasida xavotir bildirilgan maktub olgan. Shu sababli AQSh davlat departamenti o‘z diplomatlariga podshohlikni tark etishga ruxsat bergan.

Bir qator amerikalik diplomatlar ham Saudiya Arabistonidagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan xavotir bildirgan va Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirligi har kuni yangi kasallanish holatlari haqida xabar qilayotganiga qaramay, podshohlik hukumati yangi kasallanish holatlari sonini kamaytirib ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblamoqda. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 205 mingdan ko‘proqni, undan vafot eganlar soni 1858 nafarni tashkil qilmoqda. Bu orada AQShda kasallanganlar soni 15 marta ko‘proqni tashkil qilib, 3 mlnga yaqinlashib qoldi, virus qurbonlari soni 132 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.   

Mavzuga oid