O‘zbekiston | 14:43 / 06.07.2020
45040
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov: «Virus bilan kurashyapmiz, lekin qo‘limizda aniq qo‘llanma, aniq dori yo‘q»

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanalidagi chiqishida koronavirusga qarshi kurash borasidagi savollariga javob berdi.

Videodan kadr /O‘zbekiston 24 telekanali

«Biz to‘rt oydan buyon koronavirus bilan kurashyapmiz, lekin qo‘limizda aniq bir qo‘llanma, aniq bir davolovchi dori yo‘q. Biz faqat niqoblarni taqish orqali kasallikning oldini olish mumkinligini aniq ayta olamiz. Biz bilganimiz bundan boshqa chora yo‘q.

Kasallik ortib ketayotganining yana bir sababi – odamlarning kasal bo‘lganini tan olmayotganidir. Bizda ko‘pchilik odamlar kasallik og‘ir darajada o‘tganiga qadar shifokorga murojaat qilishmaydi. Masalan, hid bilmay, ta'm bilmay qolish oddiy grippga tegishli alomatlar emas. O‘zingizni yomon his qildingizmi, shifokorga telefon orqali murojaat qiling.

Dunyo tibbiyoti vaksinani ishlab chiqishi uchun ancha vaqt ketadi. Tajriba natijalari isbot talab qilmaydigan darajada aniq bo‘lsagina uni qo‘llash mumkin bo‘ladi. Eng asosiy vaksina – bizning hayot tarzimiz. Hayot tarzimizda kasallik menga ham yuqishi mumkin, degan o‘y bilan yashab, o‘zimizni himoyalasak, kasallikni yengishimiz mumkin.

Biz hammani jazolay olmaymiz, shu uchun bir-birimizga e'tiborli bo‘laylik, bir-birimizga tanbeh beraylik. Karantin cheklovlariga rioya qilishga erishsak, koronavirusni yengishimiz mumkin», dedi Otabekov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda kasallik alomatlarsiz va yengil o‘tayotgan bemorlar 5 iyuldan boshlab uy sharoitida davolanishi mumkin bo‘ladi. Ammo hozircha uy sharoitida qanday davolanish, qaysi dori vositalarini qabul qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilmagan.

Mavzuga oid