O‘zbekiston | 10:12 / 06.07.2020
45717
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lim holatlari soni 35taga yetdi

Toshkentda 1 iyul kuni koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 67 yoshli erkak olamdan o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 67 yoshli L.M. (erkak kishi) joriy yil 26 iyundan tomog‘ida og‘riq, tana harorati ko‘tarilgan, ammo shifokorga murojaat qilmasdan uyida davolangan.

1 iyul kuni esa yo‘tali kuchayib, nafas siqishi belgilari paydo bo‘lgach, tez yordam chaqirgan va tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent shahar 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.

Shu kuni undan COVID-19 infeksiyasiga tahlil olinib, zudlik bilan reanimatsion muolajalar boshlangan. Bemorga o‘tkir miokard infarkti, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi” tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli shifokorlar tomonidan doimiy nazoratga olingan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 35-o‘lim holati bo‘ldi.

Hozirgacha Toshkentda 21, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

 

Mavzuga oid