O‘zbekiston | 20:54 / 08.07.2020
78362
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident videoselektorida Farg‘ona tumani hokimi ishdan olindi, Sho‘rchi tumani hokimiga «hayfsan» berildi

Farg‘ona tumani hokimi Ilhom Nosirov ishdan olindi. Bu haqda prezident ishtirokidagi videoselektorda ma'lum qilindi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda budjet tushumlarini so‘zsiz ta'minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

«Yig‘ilishda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtab o‘tildi. Davlat rahbari kamida 257 ming nafar muhtoj oilalar vakillarini ishga joylashtirish, 37 mingta xonadonga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish zarurligini qayd etdi.

Ehtiyojmand aholini ishga joylashtirish ko‘rsatkichi eng past sektorlar ta'kidlanar ekan, ularning rahbarlariga jazo choralari ko‘rildi.

Jumladan, Farg‘ona tumani hokimi Nosirov, Yakkabog‘ tumani prokurori Mustafoyev, G‘uzor va Chortoq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Raxmonov va Abdurayimov, Muborak tumani va Qo‘qon shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Temirov va Turdiqulovlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sho‘rchi tumani hokimi Xudayberganov, Kattaqo‘rg‘on, Koson va Payariq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Otamurodov, Otakulov va Shermuxamedov, Narpay, G‘allaorol tumanlari va Guliston shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Dehqonov, Mamayev va Radjabovlarga nisbatan oxirgi ogohlantirish sifatida «hayfsan» e'lon qilinishi belgilandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumot uchun, Ilhom Nosirov 2018 yilning oktyabrida Farg‘ona tumani hokimi etib tayinlangandi.

Sunnat Rahmonov 2018 yil avgustidan buyon G‘uzor tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi, Sobitxon Abdurayimov 2020 yil martida Chortoq tumani IIB boshlig‘i lavozimini egallagandi.

Oybek Mustafoyev 2019 yil sentyabrida Yakkabog‘ tumani prokurori lavozimida ish boshlagandi.

Muhiddinjon Turdiqulov 2019 yil noyabrida Qo‘qon shahar DSI boshlig‘i etib, Abror Temirov esa 2019 yil aprelida Muborak tumani DSI boshlig‘i etib tayinlangan.

Mavzuga oid