O‘zbekiston | 10:10 / 08.07.2020
26453
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 64 yoshli ayol koronavirusdan vafot etdi

Toshkentda 1 iyul kuni shifoxonaga yotqizilgan 64 yoshli bemor ayol O‘zbekistonda koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasiga chalingan 64 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 64 yoshli M.X. (ayol) joriy yil 1 iyul kuni qorinda va chap ko‘krak sohasida og‘riqlar kuchayganligi sababli Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yotqizilgan. 

U postxoletsistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi bilan davolangan.

3 iyul kuni esa bemorda nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan va Covid-19 infeksiyasiga namuna olingan.

Unga Covid-19, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindrom, postxoletsistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan. Biroq  shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 41-o‘lim holati bo‘ldi.

Pandemiya davrida Toshkentda 25, Namanganda 4, Samarqandda 3, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzuga oid