Jahon | 22:07 / 10.07.2020
28750
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo aholisi soni 7,8 milliard kishiga yetdi 

Sayyoramiz aholisi har yil 82 mln kishiga ko‘paymoqda. Har soniyada o‘rtacha 2,6 bolaga dunyoga kelmoqda.

Foto: Shutterstock

Germaniyaning Stiftung Weltbevölkerung (DSW) - “Yer aholisi” jamg‘armasi 11 iyulda nishonlanuvchi Jahon aholishunoslik kuni arafasida dunyo aholisi soni 7,8 mlrd kishiga yetganini ma'lum qildi. 

Jamg‘arma ma'lumotida ta'kidlanishicha, dunyo aholisi yiliga 82 mln kishiga ko‘paymoqda. Bu esa deyarli Germaniya aholisiga tengdir. Dunyoda har soniyada o‘rtacha 2,6 bola dunyoga keladi.

Jamg‘arma shunday ma'lumotlar keltirgan: agar bugungi kunda dunyo 100 kishidan iborat qishloq deb olinsa, undagi 59 kishi Osiyo, 17 kishi Afrika, 10 kishi Yevropa, 8 kishi Lotin Amerikasi, 5 kishi Shimoliy Amerika va bir kishi Okeaniya vakili bo‘lardi.

DSW mutaxassislarining ta'kidlashicha, aholi o‘sishining jadal davom etayotgani sabablaridan biri istalmagan homiladorliklar ko‘pligi hisoblanadi. Chunki ko‘plab hududlarda, ayniqsa uchinchi davlatlarda ayollar va qizlar erki o‘zida emas. Ta'kidlanishicha, dunyodagi har beshinchi homiladorlikdan ikkitasi istalmagan hisoblanadi.   

DSW ma'lumotlariga ko‘ra, bu borada og‘ir vaziyat Afrikaning Sahroi Kabirdan janubidagi hududda yuzaga kelgan. Bu yerda oxirgi yillarda tug‘ruq darajasi kamayganiga qaramay, hamon bir ayolga o‘rtacha 4,4 bola to‘g‘ri keladi, vaholanki, dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2,4 bolani tashkil qiladi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, buning natijasida ushbu mintaqa aholisi soni 2050 yilga kelib hozirgi 1,3 mlrd kishidan 2,5 mlrd kishiga yetadi.  

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2020 yil 1 aprel holatiga ko‘ra 34,03 mln kishini tashkil etgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid