Jahon | 19:43 / 10.07.2020
17021
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Qozog‘istondagi elchixonasi o‘z fuqarolarini yangi xavfli infeksiya tarqalayotgani to‘g‘risida ogohlantirdi

Elchixonaning ta'kidlashicha, hozirda Qozog‘istonning uchta oblastida 500ga yaqin kishi zotiljamning yangi turi bilan kasallangan, 30dan ortiq kishining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Foto: inbusiness.kz

Xitoyning Qozog‘istondagi elchixonasi o‘z saytida xitoyliklarni mazkur respublikada zotiljamning yangi turini chaqiruvchi xavfli infeksiya tarqalayotgani to‘g‘risida ogohlantirdi.

 Elchixona mahalliy OAVdagi ma'lumotlarga tayanib ma'lum qilishicha, Atirau, Aktyubinsk va Chimkent oblastlarida iyun o‘rtalaridan boshlab zotiljamning ushbu turiga chalinish holatlari "sezilarli o‘sgan". Shu bilan birga, "yangi va hali o‘rganilmagan zotiljamdan o‘lim holatlari COVID-19ga nisbatan ancha yuqori" deyiladi xabarda.

 Elchixonaning ta'kidlashicha, hozirda Qozog‘istonning yuqorida aytib o‘tilgan oblastlarida 500ga yaqin kishi ushbu kasallikka chalingan, 30dan ortiq kishining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, Qozog‘istonda yilning birinchi yarmida zotiljamdan 1772 kishi vafot etgan bo‘lsa, birgina iyun oyida 628 kishi vafot etgan.

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda zotiljamning noma'lum turi qayd etilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq holatlar 54,7 mingdan oshgan, 264 kishi vafot etgan.

Mavzuga oid