O‘zbekiston | 11:59 / 12.07.2020
34156
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida yordamga muhtoj fuqarolar qayerga murojaat qilishi mumkinligi ma'lum qilindi

Karantin sharoitida ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar 1197 qisqa raqami yoki Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 203 01 21 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin, deb ma'lum qildi vazir Rahmat Mamatov.

Rahmat Mamatov / Foto: Kun.uz

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov 1 avgustgacha joriy etilgan qat'iy karantin sharoitida aholining ijtimoiy himoyasi qanday tashkil etilishi bo‘yicha ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Dastlabki bosqichda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ishsiz, doimiy daromad manbayini yo‘qotgan va ehtiyojmand aholi qatlamlarining manzilli ro‘yxatlari shakllantiriladi.

Bu ro‘yxatga:

  • ta'minot manbayi bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir kasallikka chalingan, ko‘p bolali oilalar;
  • ijtimoiy nafaqasi o‘z ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbayiga ega bo‘lmagan oilalar;
  • chin yetimlar, bola tarbiyasi bilan qarindoshlari shug‘ullanayotgan oilalar;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollar va yolg‘iz erkaklar;
  • ota-onasidan biri yoki har ikkisi ham ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hisobida turgan oilalar;
  • mehnatga layoqatli a'zolari bo‘lgan, biroq hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan, mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo‘qotib qaytib kelgan va daromadsiz qolgan fuqarolarning oilalari kiritiladi.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqqan holda aholining boshqa toifalariga ham ijtimoiy yordam ko‘rsatishga e'tibor qaratilishi nazarda tutilgan.

Ikkinchi bosqich tartibi hozirda amaliyotda davom etib kelayotgan «Saxovat va ko‘mak» harakati faoliyati bilan bog‘liq. Bunda ehtiyojmand oilalarga Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlariga muvofiq, «Mahalla» fondi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armalaridan zarur mablag‘lar ajratiladi.

Uchinchi bosqichda joylardagi mahalliy hokimliklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari bilan birgalikda manzilli ro‘yxat asosida zarur oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlaridan iborat moddiy yordamlarni shakllantiradi.

Bunda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan yuqorida keltirib o‘tilgan mezonlar asosida shakllantirilgan aholi ro‘yxatlari asosida tashkil qilinadi. Biz hozircha muhtojlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan 101 ming 980 nafar fuqaroning hududlar kesimidagi ro‘yxatini shakllantirdik.

To‘rtinchi va eng muhim bosqichda vazirlik mahalliy hokimlik va Yoshlar agentligi bilan birgalikda to‘plangan mazkur moddiy ko‘mak yuklarini manzilli ro‘yxat asosida aholi xonadonlariga yetkazilishini ta'minlaydi. Bunda, albatta, barcha zaruriy ehtiyot choralari qo‘llaniladi, shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etiladi hamda mahsulotlarga dezinfeksion ishlov beriladi.

Shuningdek. xayriya mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan xodimlar va volontyorlar himoya vositalari — tibbiy kombinezon, tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan to‘liq ta'minlanadi.

Shu o‘rinda barcha fuqarolarni qiziqtiruvchi yana bir ma'lumotni berishni istardim. Ya'ni, joylarda shakllantirilgan ro‘yxatlarda mavjud bo‘lmagan, ammo zarur oziq-ovqat va dori-darmonga muhtoj bo‘lgan fuqarolar 1197 qisqa raqamli telefon tarmog‘iga murojaat qilishlari hamda o‘z ehtiyojlarini bayon etishlari mumkin.

Undan tashqari, vazirlikda mavjud 203 01 21 raqamiga telefon qilib murojaat qilishlar mumkin. Mazkur telefon tarmog‘i orqali bog‘langan fuqarolarimiz murojaati ham alohida e'tiborga olinadi hamda ularga ham zarur ijtimoiy yordam mahsulotlari yetkazib beriladi», – dedi Rahmat Mamatov 12 iyul kuni AOKAda o‘tgan brifingda.

Eslatib o‘tamiz, 20 kunlik karantin davrida 120 mingga yaqin muhtoj oilaga yordam ko‘rsatish uchun 20 mlrd so‘m ajratilgan.

Mavzuga oid